
JIDU magistraturasida “Sport xuquqi” yo‘nalishi ochiladi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU), Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ushbu hamkorlikka asosan JIDUda sport boshqaruvi kadrlarini tayyorlash, turli Milliy va Xalqaro sport federatsiyalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish, shuningdek, JIDU magistraturasida “Sport xuquqi” kafedrasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu voqelik qanchalik ahamiyatli ekaniga alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Biz professional sportimizni yanada rivojlantirish uchun sport boshqaruvi sohasida ham jahonning etakchi mamlakatlari qatoriga kirib borishimiz kerak. Kelajakda universitet bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib, malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ish olib boramiz. Buning uchun universitetning iqtidorli talabalarini yirik xalqaro musobaqalarda delegatsiyamiz bilan birgalikda faoliyat olib borishi kabi keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Sport huquqi va boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis kadrlar yurtimiz sportini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi”, – dedi Umid Ahmadjonov.
Shundan so‘ng, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori Matyokub Baqoev va Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov “Sportda boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida”gi memorandumni imzolashdi.
O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishni rejalashtirmoqda. Bugun imzolangan memorandum bo‘lajak yirik kompleks musobaqaga munosib tayyogarlik ko‘rish yo‘lida har tomonlama ilg‘or kadrlarni etishtirib berishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Manba: MOQ rasmiy sayti
Fikrlar