Kamilla Rahimova O‘zbekiston bayrog‘i ostida nufuzli WTA 125 turnirining g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekiston terma jamoasi vakili Kamilla Rahimova Frantsiyaning Anje shahrida yakunlangan "WTA 125 Open Angers Loire" turnirida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi final uchrashuvida Kamilla germaniyalik Tatyana Korpachni 6–3, 7–6(4) hisobida mag‘lub etdi.
Finalning ilk daqiqalaridanoq Rahimova kortda barqarorlik va tajovuzkor o‘yin namoyish qildi. Birinchi setda u tezda ustunlikni qo‘lga olib, 6–3 hisobida g‘alabaga erishdi. Ikkinchi setda teng kurash kuzatildi, ammo Kamilla asosiy vaziyatlarda sovuqqonlikni saqlab, tay-brekda 7–6(4) hisobida ustun keldi.

Kamillaning chempionlik sari yo‘lida turnirning ikkinchi raqamli tennischisi — xorvatiyalik Ana Rujich ustidan qozongan 4–6, 6–3, 7–5 hisobidagi irodali yarim final g‘alabasi haftaning eng yorqin lahzalaridan biri bo‘ldi.
Anjedagi g‘alaba Rahimovaning WTA 125 darajasidagi joriy mavsumdagi ilk chempionligi bo‘lib, uning O‘zbekiston bayrog‘i ostida o‘tkazgan muvaffaqiyatli startining muhim bosqichiga aylandi.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi Kamilla Rahimovani yorqin g‘alaba bilan tabriklaydi va kelgusi turnirlarda omad tilab qoladi.
Bu haqda O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.



Fikrlar