
Kamoliddin Murzoev: "Jahon futbolidagilar uchun Kubok finali orqali o‘zbek futboli madaniyatini ko‘rsatib bera oldik"
O‘zbekiston Kubogi finali butun umrga tarixga muhrlanib qoldi. U endi hech qachon yoddan chiqmaydi. Bundy fantastik muhit, maydondagi aqlbovar qilmas o‘yin, barchasi hamon qizg‘in bahs-muhokamalarda. O‘yinni bevosita stadionida kuzatib borgan O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari, sobiq futbolchi Kamoliddin Murzoev final haqida Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Final qanday tasavvur qilgandingiz va o‘yindan keyingi taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
- O‘yin borasida gapiradigan bo‘lsam, bu finalda asosiy “planga” final atrofidagi voqealar – muxlislar, performanslari, ishqibozlarning o‘zaro bahsi katta sahnaga chiqadi, degan o‘yda edim. Haqiqatan ham o‘yin atrofidagi atmosfera shu narsani ko‘rsatib turgandi. Lekin maydonda o‘ynagan futbolchilarga ham katta minnatdorchilik aytsak bo‘ladi. Ular finalni bezab turgan muxlislardan ham ortiq finalni bizga taqdim etishdi, deb o‘ylayman. Chunki bunday xissiyot, bunday hayajonlarni so‘nggi daqiqalargacha taqdim etilishi kamdan-kam finallarda uchraydi, ayniqsa, bizning futbolda. Hamma uchun esda qoladigan, ajoyib o‘yin bo‘ldi.
- Ko‘pchilik "Navbahor"ning imkoniyatini yuqori baholagandi va bu tabiiy edi. "Andijon"ning g‘alabasini kutmaganmidingiz?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, finalda kamdan-kam katta favoritlar bo‘ladi. Chunki bir o‘yindan iborat. Bu uchrashuvda ikkala jamoani imkoniyatlarini teng baholasa adolatli bo‘lardi. Ayniqsa, klublarni ikkinchi davrada ko‘rsatayotgan o‘yinlari nuqtai nazaridan. Ba’zi-bir mutaxassislarni “Navbahor”ni favorit deyishlariga ham sabablari yo‘q emas. Tarkib jihatidan, terma jamoa vakillari namanganliklar safida to‘p surishyapti. Shu sababli ham uchrashuvdan oldin “Navbahor” favorit sifatida ko‘rsatilgandi. Finalda hamma narsa bo‘lishi mumkinligi shu kuni o‘z tasdig‘ini topdi. Finalda nomlar emas, hakam xushtagidan so‘ng maydondagilar hamma narsani o‘z qo‘llariga olishi va buni isbotlashlari kerak bo‘ladi.
- Umuman olganda, "Andijon" nimaning evaziga yutib ketdi? Holbuki, "Navbahor" hisobda oldinda edi va asosiy vaqtda yutib ketishi ham mumkin edi...
- Menimcha, “Andijon” uchrashuv oldidan va umuman mavsum davomida ko‘rsatayotgan o‘yinlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘zining asosiy qurollari, ya’ni, standart vaziyatlar evaziga yutib ketdi. O‘yin tizgini va o‘yinni olib borilishida ham “Andijon” aynan shu narsaga e’tibor berayotgani aniq edi. Bu klubni foydalanishi mumkin bo‘lgan yana bir faktori bor edi. Ammo “Navbahor” “Andijon”ning tezkor qarshi hujumlariga yo‘l qo‘ymadi. Bu uchrashuvda ikkala jamoa ham deyarli beshta himoyachi bilan maydonda harakat qilishdi. “Navbahor”ni ham bu o‘yinda himoyaviy taktikadan foydalanganligi “Andijon”ning biz bilgan qarshi hujumlariga yo‘l qo‘yib bermadi. Ya’ni, birinchi qurolini yopa oldi. Ikkinchisi bo‘lgan standart vaziyatlardan “Andijon” yutib ketdi.
- Bu o‘zbek futbolining eng yaxshi reklamasi deyish mumkinmi?
- So‘nggi paytlarda o‘zbek futbolining mavqei ko‘tarilib boryapti. Buni ochiq aytishimiz kerak va bu tom ma’noda ko‘plab jahon futbolidagi insonlar uchun final orqali o‘zbek futboli madaniyatini ko‘rsatib bera oldik, deb o‘ylayman. PFL, O‘FA barcha ushbu o‘yin uchun ishlagan shaxslar yuqori notada ko‘rsatib bera oldi. Xohlardikki, bunday uchrashuvlar ko‘p bo‘lsa yanada ajoyib. Muxlislarning o‘zlari ham zavqlanishdi. Boyagi fikrimga qaytmoqchimanki, ko‘pchidik bu o‘yinga aynan o‘yin atrofidagi atmosfera uchun ham kelgandi.
- Aytib o‘tganingizdek, o‘yin atrofidagi atmosferaga ham qiziqish katta bo‘ldi va amalda ikka jamoa muxlislari nimalarga qodirligini ko‘rsatishdi. Savol shundan iboratki, ushbu o‘yindan keyin qaysi jamoa muxlislari O‘zbekistonda birinchi raqamli?
- Buni biroz ilmoqli savol deb o‘ylayman. Menimcha, bu ruhda qaramaslik kerak. Muxlislar o‘z klublarini yaxshi darajada qo‘llab-quvvatlashyapti. Shu bois bu narsani umumiy tushunchada va o‘zbek futboli rivoji yo‘lida kimnidir alohida ko‘rsatish menimcha yaxshi emas. Barcha ishqibozlar bir-birini hurmat qilib, mana shunday atmosfera yaratadigan bo‘lishsa, bundan faqat futbolimiz yutadi. Ko‘rdingiz, muxlislarning energiyasi maydonga ham o‘tadi. O‘zimizdan ham qaniydi yosh paytimizga qaytsak, mana shunday yuqori darajadagi muhitda hech bo‘lmasa 10-15 daqiqa futbol o‘ynay olsak, degan xis-tuyg‘u o‘tdi, buni yashirib bo‘lmaydi. Shuning uchun qaysidir jamoaning muxlislarini alohida ta’kidlab o‘tmoqchi emasman. Ikkala jamoa ishqibozlari o‘yinni “yondirishdi”. Ularga alohida minnatdorchilik bildirish kerak. Boshqa jamoa muxlislarini ham asta-sekinlik bilan shunday qo‘llab-quvvatlashga chorlab qolish kerak.
Fikrlar