
Kanchelskisning e’tirozlari, yana hakamlarning xatosi, xursand qilayotgan debyutantlar va boshqalar haqida
Mamlakat chempionatining 10-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Superligaga turnir boshlanishi arafasidagina qo‘shilgan jamoalar muxlislarini xushnud etib kelishmoqda. Termizda “Surxon” g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirib olgan bo‘lsa, Samarqandda jamoalar o‘ta qiziqarli o‘yin namoyish etishdi.
“Vodiy derbisi”, kutilganidek, murosasiz kurashlar ostida kechdi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar ustozi e’tirozlarini keskin tarzda bayon qildi.
Amaldagi chempion OChLdan chiqib ketgani va milliy chempionatda ishonchli o‘yin namoyish eta olmagani bois bosh murabbiy iste’foga chiqarilarkan degan xabarlar tarqalgandi. Qarshida “temiryo‘lchilar” g‘alaba qozonishdi.
DINAMO – QIZILQUM 2:2
Superliga 10-turining ilk o‘yinida “Dinamo” “Qizilqum” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Qiziqarli kechgan uchrashuvning 3-daqiqasidayoq Ravshan Ermatov darvozamiz tomon penalti belgiladi. U Siroj Hamroev Grigalashviliga qarshi qo‘pollik qildi, deb hisobladi. Ammo mehmonlarning gruziyalik hujumchisi tomonidan tepilgan to‘pni Botirali Ergashev qaytarib qoldi!
Ammo ko‘p o‘tmay, aynan Grigalashvili qanotdan hujumga o‘tib, Alisher Sanoevning goliga hammualliflik qildi, 0-1.
Goldan so‘ng hujumga otlangan vakillarimiz 14-daqiqada muvozanatni tiklashdi. Sardor Eminovning to‘p oshirishidan keyin Qadamboy Nurmetov tablodagi natijani 1-1 ga aylantirdi.
Ikkinchi bo‘limni ham mehmonlar kutilmagan gol bilan boshlashdi. Bu safar ham Alisher Sanoev qarshi hujumda himoyachilarni ortda qoldirib, “dubl”ga erishdi – 1-2.
O‘yinning qolgan qismida ham hujumkor to‘p surgan vakillarimiz maydonga Vohid Shodiev, Dilmurod Karimov va Amirjon Safarov tushgach yanada keskiroq o‘yin ko‘rsatishdi. 75-daqiqada burchakdan oshirilgan to‘pni Dilmurod Karimov bosh bilan darvozaga yo‘llagach, to‘p darvoza to‘siniga tegib qaytdi. Qaytgan to‘pni esa Amirjon Safarov bosh bilan darvozaga joyladi, 2-2.
O‘yin yakuniga qadar Davron Fayziev shogirdlari hujumkorlikni oshirgan bo‘lsalarda, yakunda omad vakillarimizga kulib boqmadi. Bahs jangovar durang bilan tugadi.
Gollar: Alisher Sanoev 7, Qadamboy Nurmetov 14, Alisher Sanoev 52, Amirjon Safarov 75.
Gol urilmagan penalti: Elguja Grigalashvili 6 (“Qizilqum”)
“Dinamo”: Botirali Ergashev, Mirkomil Loqaev, Hakimxon A’lamxonov, Jasur Azimov, Qadamboy Nurmetov, Bobur Qosimov (Vohid Shodiev, 59), Siroj Hamroev (Dilmurod Karimov, 54), Sardorbek Eminov, Jasurbek O‘rinov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Shohruh Abdurahmonov (Amirjon Safarov, 66).
Zaxira: Shohruh Eshbo‘taev, Avaz Agaliev, Nizomjon Norov, Damir Temirov, Komil Sharofutdinov, Maksimilian Fomin.
“Qizilqum”: Artyom Makosin, Erkin Boydullaev, Murod Bobojonov, Alisher Sanoev (Fayzulla Qambarov, 73), Salim Mustafoev, Eldor Boymatov, Mirjalol Qosimov (Xurshid Olimov, 46), Sherali Jo‘raev (Sardor Jahonov, 82), Azizbek Usmonov, Elguja Grigalashvili, Maqsud Karimov.
Zaxira: Evgeniy Cheremisin, Akmal Rustamov, Humoyun Abdualimov, Muhsin Ubaydullaev, Suhrob Yarashov, Ariagner Smit Medina.
Ogohlantirishlar: Xurshid Olimov 54, Maqsud Karimov 64, Sardor Jahonov 87.
8900 tomoshabin.
Hamidjon Aktamov: - “Dinamo” jamoasi Samarqandda hali mag‘lub bo‘lmayotganligini juda yaxshi bilardik. Bugun ikki jamoaga ham ozroq omad etishmadi. Tomonlar yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Muxlislar jangovar bahs ko‘rishdi. Do‘stlik g‘alaba qozondi, menimcha. Durangdan xafa emasman. Sababi o‘tgan 10 tur davomida biz uchun Samarqandagidek qiziq bellashuv kuzatilmagandi. Juda yuqori temp, kurashlar, hujumlar.
O‘z muxlislarimizning bosimi? Bilasizmi, stadion tribunalarida har doim futbol ko‘radigan va aksi bo‘lgan odamlarni ko‘ramiz. Shu bois, yigitlarimga tribunadagi hayqiriq va e’tirozlarga e’tibor qilmang deb uqtiraman. Tribunada bekorchi odam ko‘p, qiladigan ishi yo‘qlar pista chaqib, o‘yin davomida futbolchini ham, murabbiyni ham so‘kib o‘tiradi, asabini buzadi. Bundaylarga farqi yo‘q, kim g‘alaba qozonishini. Mana shunday muxlislar kamaysa futbolimiz yutadi. Bunday odamlar hamma shaharlarda futbolni orqaga tortadi. Bu futbol – o‘sha kuni omad “Surxon”ga kulib boqdi. Futbol o‘zi shunaqa. Kim ham yutqazmaydi deysiz... Hattoki “Barselona” yutqazayapti 4-0 hisobida. Shu uchun futbol xalq o‘yini. Bugun yomg‘irga qaramay, Navoiydan kelib bizni qo‘llab-quvvatlab turgan ishqibozlarga rahmat! Ular bizni o‘yin bilan tabriklashdi. Haqiqiy muxlislar mana shunday bo‘ladi! Agar yomonni yomon deyaversangiz hech qachon yaxshi bo‘lib qolmaydi.
- Legioner hujumchi Smit Medina nega tarkibga kiritilmadi?
- Bilasizmi, bugungi o‘yin uchun tarkibni shaxsan o‘zim aniqladim, hech kim bilan maslahatlashmadim. Aytishim mumkinki, Samarqanddagidek o‘yinga Medina umuman yordam bera olmasdi bizga.
- Erkin Boydullaevni ilk marta markaziy himoyada ko‘rdik va u yaxshi o‘yin namoyish etdi. Bu Navoiydagi mag‘lubiyatdan keyin rotatsiyamidi yoki majburiy tanlovmi?
- Bu klubning ichki siri degan bo‘lardim. Shu sabab bu savolga aniq javob berishni istamasdim. Shunday qarorga kelgandim. Bitta narsa deyishim mumkin, jamoamizdagi barcha futbolchilar va yoshlardan Erkin Boydullaevdan o‘rnak olishlarini so‘rayman. Erkin 34 yoshga kirganiga qaramay, istalgan yosh futbolchilardan yaxshiroq o‘ynamoqda. Uni himoyada qo‘ysam ham, hujumga qo‘ysam ham ko‘rsatmani bajara oladi. Bunday universal futbolchi hamma ishni qila oladi. O‘FAdagi test imtihonlarida ham 5 ta testdan 4 tasini a’lo darajada topshirdi. Istalgan yoshlardan ko‘proq ishlayapti. Hamma tahlilchilar buni ko‘rib turishibdi. Ammo negaldir, Erkin Boydullaevni O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirishmaydi. Erkin istalgan nuqtada o‘zini ko‘rsata olgan bo‘lardi.
Davron Fayziev: - Bugun ham muxlislarga yoqadigan jangovar o‘yin bo‘ldi. Lekin murabbiylar uchun juda asabiy bahs guvohiga aylandik. «Qizilqum»da tajribali futbolchilar borligi sabab ular bizni xatolarimiz sabab jazolashdi. Raqiblarimizning oldingi o‘yinlarini tahlil qilib, ochig‘ini aytaman, «Qizilqum» bunday o‘yin ko‘rsatishini umuman kutmagandim. Futbolchilarim iroda ko‘rsatganlaridan xursand bo‘ldim. Ammo, himoya chizig‘ida oddiy xatolar evaziga gollar o‘tkazib yubordik. Bugun himoyachilarimiz – Hamroev, O‘rinov, A’lamxonov, Loqaevlar o‘z darajasida o‘yin ko‘rsatishmadi. Jamoa yuqorida bo‘lishni xohlasa, himoyada «0»ga o‘ynashga intilishi kerak. Yutishimiz shart bo‘lgan bahsda ochko yo‘qotdik. Taqqoslaydigan bo‘lsak, shu futbolchilarimiz bilan «Buxoro»da himoyada ancha yaxshi o‘ynadik.
Quvontirayotgan jihat biz mashg‘ulotlarda puxta o‘ylangan kombinatsiyalarimiz evaziga gollar urayapmiz, ammo raqiblar oddiy xatolarimizdan foydalanishmoqda. Raqibning gollari haqida gapiradigan bo‘lsam, Sanoev gol urgan vaziyatda uchta himoyachimiz boshqa erda yurgandi. Men ham himoyachi bo‘lganman va bu holatni uchun qo‘pol xato deb bilaman. Biz o‘z mehnatimiz qadriga etishimiz shart. Raqib futbolchisi darvozabonimizni shunchaki o‘qqa tutayotganida himoyachilarimiz bunga imkoniyat berayotganliklarini juda qo‘pol xato deb hisoblayman.
Biz o‘tgan turda ilk marta Buxoroda kechki paytda, chiroqlar ostida o‘ynagandik. Bu narsa meni xavotirga ham solgandi, chunki biz chiroqlar ostida mashg‘ulot o‘tkazmagandik. Homiylarimiz “Filips” yoritgichlarini Samarqandga olib kelishgan va ularni tez orada o‘rnatishadi. Keyin biz ham o‘yinlarimizni kechgi vaqtga belgilay olamiz. Bu nafaqat biz, muxlislar uchun ham juda qulay bo‘lardi. Bu ishlar shaxsan viloyatimiz hokimi nazoratiga olingan. Yana ozroq sabr qilsak, Samarqandda ham o‘yinlar kechki paytda, qulay vaqtda o‘tardi.
Chindanam, darvozabonimiz Botirali Ergashev bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. U ikkita 100 foizli vaziyatda jamoamizni qutqardi. Darvozabonimiz endi milliy terma jamoaga chaqirilgan va o‘rtoqlik o‘yinlarida bosh jamoa ixtiyorida bo‘ladi. U Turkiya, KXDR, Suriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida bosh jamoa safida bo‘ladi. Shohrux Abdurahmonov esa olimpiya jamoasidan chaqiruv olgan. Jasur Azimov va Hakimxon A’lamxonovlar milliy jamoaning kengaytirilgan tarkibiga kiritilganini aytishim mumkin. Albatta, “Dinamo” futbolchilarining O‘zbekiston milliy terma jamoasidan taklif olishlari butun jamoaga motivatsiya beradi. Yaxshi o‘ynashda davom etishsa, ular ham chaqiruv olishlariga ishonishadi.
SURXON – QO‘QON-1912 2:1
Oldingi uchrashuvlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan futbolchilarimiz Termizda muxlislarni xursand qilishni maqsad qilishgandi. Shu bois uchrashuvni vakillarimiz faol tarzda boshlashdi. Dastlabki daqiqalarda futbolchilarimiz raqib darvozasi oldida bosimni kuchaytirishdi. Biroq hisobni ochish maydon egalariga nasib etdi. 10-daqiqada Abdul Aziz Yusupov chap qanotdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozamizga joylab qo‘ydi. 17-daqiqada mezbonlarda yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Ayubxon No‘’monovning jarima zarbasidan tepgan to‘pni Islom Abdullaev mahorat bilan qaytardi. 23-daqiqada futbolchilarimiz hisobni tenglashtirishdi. Ro‘ziev – Berdiev kombinatsiyasi supergol bilan tugadi. Oradan bir daqiqa o‘tib, Timur Usmonov birga-bir vaziyatda darvozani ishg‘ol qila olmadi. Birinchi bo‘limning qolgan daqiqalarida tomonlar harchand o‘rinishmasin, tanaffusga qadar shu hisob o‘zgarishsiz qoldi.
Birinchi taym deyarli teng kurashlar ostida o‘tdi, biroq yaqqol golga tortadigan vaziyatlar bo‘yicha ustunlik jamoamiz tomonida bo‘ldi.
Ikkinchi taymni ham termizliklar faol tarzda boshlashdi. Taym boshida “Surxon” vakillarida yaxshi vaziyat bo‘lgandi. Raqib futbolchisi darvozabonimiz bilan birga-bir vaziyatga chiqqan edi Islom Abdullaev o‘zini ko‘rsatib xavfni bartaraf etdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib Milich qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. 67-daqiqada Islom Abdullaev yana bir bor o‘z mahoratini namoyish etib, jamoamizni muqarrar goldan saqlab qoldi. 76-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Muhammadanas Hasanovning kuchli zarbasi biroz yuqoridan ketdi. 81-daqiqada Murod Xolmuhammedovning burchakdan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi. 85-daqiqada o‘yinda judayam g‘alati vaziyat yuzaga keldi. Qanot hakami darvozamiz tomon penalti belgilash kerak deb topdi va darvozamiz tomon penalti belgilandi. O‘n bir metrli nuqtadan esa Darko Stanoevich adashmadi.
Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Milichning bosh bilan zarbasini darvozabon qaytardi. Shu tariqa, jamoamizning mamlakatimiz janubiga qilgan bu safargi tashrifi ham alamli mag‘lubiyat bilan yakun topdi.
Gollar: Abdul Aziz Yusupov 10, Suhrob Berdiev 22, Darko Stanoevich penalti 84
“Surxon”: Asilbek Amanov, Abduqahhor Hojiakbarov, Ayubxon No‘monov (Sherzodbek Karimov, 68), Rahmatullo Berdimurodov, Shavkat Salomov, Abdul Aziz Yusupov (Sherzod Hakimov, 68), Abror Ismoilov, Vladimir Bubanya, Husniddin G‘ofurov, A’zam Aliev, Darko Stanoevich.
Zaxira: Sardor Qobuljonov, Najmiddin Normurodov, Ravshan Xursanov, Azamat Allaniyozov, Ubaydullo Xaliqulov, Abbosbek Maxstaliev, Suhrob Ne’matov.
“Qo‘qon-1912”: Islom Abdullaev, Jamshid Hasanov (Muhammadanas Hasanov, 72), Quvondiq Ro‘ziev, Oybek Rustamov, Jasur Hasanov, Suhrob Berdiev, Iqbol Malikjonov, Temur Usmonov (Javohir Esonqulov, 64), Aleksandr Merzlyakov, Marko Milich, Murod Xolmuhammedov.
Zaxira: Sarvar Karimov, Timur Hakimov, Avaz Mamatxo‘jaev, Behruz Sa’dilloev, Jasur Yoqubov.
Ogohlantirishlar: Jasur Hasanov 26, Aleksandr Merzlyakov 36, Quvondiq Ro‘ziev 51, Husniddin G‘ofurov 66, Shavkat Salomov 88, Javohir Esonqulov 88.
6542 tomoshabin.
Vitaliy Ni (“Qo‘qon-1912” jamoasi vitse-prezidenti): - O‘yin juda yaxshi bo‘ldi. Har ikki jamoa uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganlarini maydonda isbotlashdi. Futbolchilar maydonga faqat g‘alaba uchun tushishgani yaqqol sezilib turdi. Biz ushbu bahsga katta ishtiyoq bilan tayyorlangandik. Afsuski, alamli mag‘lubiyatga uchradik. Shunday bo‘lsa-da, futbolchilarimizga bugungi o‘yinlari uchun rahmat aytamiz. Ular bugun borlarini berib harakat qilishdi.
Penalti borasida aytadigan bo‘lsam, hakamlar ishini nazorat qilib boradigan maxsus qo‘mita bor. Ular bugungi hakamlarning ishini ko‘rib chiqib o‘zlari kerakli xulosani chiqarishadi, deb o‘ylayman.
Andrey Miklyaev: - Anchagina qiyin uchrashuv o‘tkazdik. Uyda hamisha ham hujumkor o‘yin namoyish etish oson emas. Qo‘qon jamoasiga ham bugun ochko juda ham zarur edi. Shu sababdan raqib ham bugun ancha qarshilik ko‘rsatdi. Lekin baribir yakunda o‘yin taqdirini hal etgan golni biz urishga muvaffaq bo‘ldik. Bundan juda ham mamnunman. Endi e’tiborni kelasi uchrashuvga qaratamiz.
METALLURG – BUNYoDKOR 0:2
Mamlakat milliy chempionatining 10-turini o‘z maydonida o‘tkazgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi poytaxtning “Bunyodkor” jamoasiga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Murabbiylar shtabi mazkur o‘yinda Namanganda “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda maydonga chiqqan tarkibni o‘zgarishsiz tushirishdi. Safar uchrashuvida muhim durang bilan qaytgan jamoa esa nazarimizda o‘z kuchlariga ortiqcha baho berishgan shekilli, “qaldirg‘ochlar”ga qarshi o‘yinda xarakter namoyish eta olmadi. Poytaxtlik yosh, g‘ayratli yigitlarga shijoatda, tezlikda yutqazib qo‘yishdi. Maydon markazida esa tajribali Lutfullo To‘raev ustunlikni o‘z qo‘liga oldi.natijada mezbonlarning na hujumda, na himoyada o‘yini qovushdi.
Hisobni 35-daqiqada Nurillo To‘xtasinov ochdi. Uning olis masofadan bergan zarbasini Aleksandr Lobanov qaytara olmadi. Ikkinchi bo‘limda esa yosh Mirjahon Mirahmadov “Metallurg”ning ikki nafar tajribali markaziy himoyachilariga “ish qoldirmadi” – 0:2. Bundan tashqari ham bunyodkorchilarda yana ikki uchta gollik vaziyatlar bo‘ldi. Mezbonlarda esa qo‘shib berilgan kompensatsiya vaqtida zarbalardan biri darvoza ustuniga tegib, to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketganligini inobatga olmasa gollik vaziyatlar bo‘lmadi.
“Metallurg” keyingi o‘yinni ham “Bunyodkor”ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur o‘yin Liga kubogi doirasida bo‘lib, 31 may kuni Bekobod shahrida bo‘lib o‘tadi.
Gollar: Nurillo To‘xtasinov 35, Mirjahon Mirahmadov 65
“Metallurg”: Aleksandr Lobanov, Abbos Otaxonov, Ibrohim Yo‘ldoshev (Muzaffar Muzaffarov, 46), Suhrob Nurulloev (Sergey Tumasyan, 63), Islom Isoqjonov, Bahrom Abdurahimov, Kamoliddin Tojiev, Stanislav Andreev, Akbar Ismatullaev, Muhammad Isaev (Shavkat Mullajonov, 46), Bahodir Pardaev.
Zaxira: Zafar Safaev, Mahmud Qudratullaev, Doniyor Usmonov, Hudoyshukur Sattorov, Shahzodbek G‘ofurbekov, Odilbek Abdumajidov.
“Bunyodkor”: Abdumavlon Abdujalilov, Islomjon Qobilov, Anvar G‘ofurov, Dilshodbek Ahmadaliev, Jasur Jaloliddinov (Abdulla Abdullaev, 82), Xurshid G‘iyosov (Javohir Qahramonov, 78), Lutfulla To‘raev, Mirjahon Mirahmadov, Sanjar Qodirqulov (Suhrob Izzatov, 39), Nurillo To‘xtasinov, Ulug‘bek Abdullaev.
Zaxira: Murodjon Zuhurov, Sergey Proxorov, Bobur Farhodov, Vladislav Nuriev, Sanjar Rixsiboev, Muhammadodil Qahramonov.
Ogohlantirish: Islomjon Qobilov 45+1.
5821 tomoshabin.
Vadim Abramov: - “Metallurg” – jiddiy raqib. Shuni inobatga olgan holda mazkur bahsga jiddiy hozirlik olib borgan edik. Agar yutqazsak, musobaqa jadvalida pastga tushib ketishimiz mumkin edi. Zero musobaqa jadvalida jamoalar ancha yaqin joylashgan. Lekin biz bugungi bahsni o‘z foydamizga hal eta oldik. Raqibdan ustun ekanimizni namoyish etdik. Buning uchun yigitlardan juda ham minnatdorman. Ana endi chempionatda qisqa tanaffus yuzaga keladi. Tanaffusga yaxshi kayfiyatda yo‘l olyapmiz.
Andrey Shipilov: - Bu yilgi mavsumdagi eng yomon o‘yinimizni o‘tkazdik. O‘yinni qanday ta’riflashni ham bilmayapman. Mag‘lubiyatdagi ayb – to‘laligicha mening zimmamda. Tarkib tanlashda xato qildim. Barchaga o‘ynash imkonini taqdim etishga harakat qilayotgan edim. Namanganda yaxshi o‘ynagan edik. Lekin undan ko‘ra, Namanganda mag‘lubiyatga uchrab, bugun uyda g‘alaba qozonsak yaxshiroq bo‘lar edi, balkim. “Bunyodkor” esa bugun haqli ravishda g‘alaba qozondi. Vadim Abramov shogirdlari bugun g‘alabaga haqli o‘yin namoyish etishdi. Bizda hech kimni ajratib ko‘rsatolmayman. Faqatgina Aleksandr Lobanov natija uchun jon koyitdi, xolos. Qolganlarning o‘yinidan umuman qoniqish hosil qilmadim.
NAVBAHOR – ANDIJON 1:1
Superliga 10-turi doirasida navbatdagi “vodiy derbisi” bahsi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv kutilganidek, murosasiz kurashlar ostida kechdi.
Ushbu o‘yinda jamoamiz a’zolari ilk daqiqalardanoq ustunlikni o‘z qo‘llariga olishga harakat qilib, mehmonlar darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlarni sodir etishdi. Ammo Abdujamol Isroilovning bosh bilan darvozaga yo‘naltirgan zarbasi, shuningdek, rossiyalik hujumchi Aleksandr Kasyanning zarbalariga aniqlik etishmadi.
Andijonliklar esa standart vaziyatdan samarali tarzda foydalanib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Uchrashuvning 18-daqiqasida Oybek Qilichevning amalga oshirgan burchak zarbasidan so‘ng, Ro‘zimboy Ahmedov to‘pni boshi bilan mezbonlar darvozasiga aniq yo‘naltirdi – 0:1.
“Lochinlar” muvozanatni tiklash maqsadida hujumkorlikni yanada kuchaytirishdi. Ammo Ivan Solovyovning jarima zarbasi hamda Jahongir Mehmonovning darvozaga bosh bilan yo‘naltirgan zarbalaridan so‘ng, “Andijon” darvozaboni Vitaliy Mirniy o‘z mahoratini namoyish etib, to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada tanaffusga andijonliklar 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan chiqib ketishdi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida maydon egalari muvozanatni tiklash maqsadida hujumkorlikni kuchaytirishdi. Shuningdek, jamoamiz ustozi Andrey Kanchelskis maydonga yangi kuchlarni tushirdi. Bu esa 78-daqiqada o‘z samarasini berdi. Aynan zaxiradan maydonga tushirilgan Aziz Ibragimov mezbonlarning navbatdagi hujumlarini samarali tarzda yakunlab, hisobni tenglashtirdi – 1:1.
Muvozanatni tiklagan jamoamiz vakillari g‘alaba to‘pini kiritish maqsadida hujumkorlikni yanada kuchaytirishdi. Ammo “Andijon” posboni Vitaliy Mirniy ko‘plab vaziyatlarda jamoasini muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Shuningdek, mehmonlar durang hisobini saqlab qolish maqsadida himoyani kuchaytirishdi va yakunda o‘z niyatlariga etishdi.
Natijada jamoamiz qatorasiga uchinchi o‘yinda durangga imzo chekdi.
Gollar: Ro‘zimboy Ahmedov 18, Aziz Ibragimov 79.
“Navbahor”: Dilshod Hamroev, Oston O‘runov (Baxodir Nasimov, 68), Azim Ahmedov, Ivan Solovyov, Aleksandr Kasyan, Obid Jo‘raboev (Slavko Lukich, 77), Mirzohid G‘ofurov, Igor Golban, Abdujamol Isroilov, Jahongir Mehmonov, Abbos G‘ulomov (Aziz Ibragimov, 57).
Zaxira: Mirzohid Mamatxonov, Shahzod Shaymanov, Hojiakbar Yunusov, G‘iyosjon Komilov, Zafar To‘raev.
“Andijon”: Vladimir Mirniy, Boburjon Amanov, Oybek Qilichev, Farhod Bekmurotov, Shahzod Ubaydullaev (Shahzod Jumaboev, 61), Ildar Mamatkazin, Ro‘zimboy Ahmedov, Doniyor Ismoilov (Abdurahmon Abdulhaqov, 77), Radosav Aleksich, Asror G‘ofurov, Abror Xo‘sinov (Farhod Mirahmadov, 45).
Zaxira: Akmal Ortiqov, Sardor Sulaymonov, Usmonali Ismonaliev, Xushundbek Avilov, Bobur Akbarov.
Ogohlantirishlar: Abror Xo‘sinov 37, Ivan Solovyov 40, Doniyor Ismoilov 40, Radosav Aleksich 53, Abdurahmon Abdulhaqov 82, Farhod Bekmurotov 84, Bobur Akbarov 90+2.
12900 tomoshabin.
Jamshid Saidov: - Foliyatim davomida vodiy derbisida birinchi marta ishtirok etishim. Albatta, yigitlarga o‘zlariga yuklatilgan vazifani uddalashgani uchun rahmat aytaman. Andijondan bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarimizga ham alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Qolaversa, namanganlik ishqibozlarga ham rahmat aytamiz. Bunday atmosfera har qanday futbolchini yugurishga majbur qiladi.
Afsuski o‘yin so‘nggida gol o‘tkazib yubordik. Biroq, bugungi o‘yinda bir ochko qo‘lga kiritdik. Bugun omadsizliklarga chek qo‘yishimiz kerak edi va biz buni uddalay oldik. Buning uchun borimizni berib harakat qildik.
Andrey Kanchelskis: - Yana raqibga 2 ochko sovg‘a qildik. Bugungi hakamlikni shunchaki rasvo deb atayman. To‘p raqib darvozasi tomon borayotganda qo‘lga tegmoqda, qanday qilib bu vaziyatni boshqacha izohlash mumkin? Odamlarga insof bormi yoki yo‘q? Sharmanda! Hech qanday insof yoki vijdon yo‘q. Bunday hakamlarni (Ahrol Risqullaev - tahririyat) umrbod diskvalifikatsiya qilib, futbolga umuman yaqinlashtirmaslik kerak! Bu halokat! Rasvogarchilikdan boshqasi emas! Nimalar bo‘lmoqda? To‘p boshga tegsa futbolchi 5 daqiqa maydonga yotib olishini qanday izohlash mumkin? To‘p zarbidan hech kim o‘lib qolmaydi. Nahotki futbolchilar uyalmaydi? Angliyada bu ish uchun allaqachon futbolchini yo‘q qilishardi.
Bu futbol emas, balki raqqosalar maydonga chiqqandek gap. Uyat! Uyalish kerak futbolchilar, uyalishi! O‘yinni to‘xtatib qo‘yishmoqda. Futbol o‘ynab bo‘lmayapti. Menga aytinglarchi, bugun tez tibbiy yordam mashinasi birovni shifoxonaga olib ketdimi? Kimdir javob bera oladimi? "Andijon" futbolchilari qizlardek maydonga yotib olaverib vaqtni o‘ldirdi. Uyalish kerak! Uyat!
To‘g‘ri, derbi har doim shunday qizg‘in o‘tadi. Lekin o‘yinga tuzukroq hakam qo‘yish kerak! Nimalar ruy bermoqda?", - deya juda keskin ohangda o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi Andrey Kanchelskis.
- "Navbahor" bugun raqqosalarga qarshi o‘ynadi demoqchimisiz? Unda "Navbahor" Toshkentda "Paxtakor"ga qarshi qanday o‘yin vaqtini cho‘zgandi? Bunga nima deya olasiz?
- To‘p boshiga tekkan futbolchi maydonda 2 daqiqa yotib olishga haqqi yo‘q! Siz o‘zingiz futbol o‘ynaganmisiz? Siz futbol nimaligini bilmaysiz. Angliyada qanday futbol o‘ynashadi, ko‘ring. "Paxtakor" bilan o‘yinda bizning shifokor maydonga umuman chiqqani yo‘q. Nimalar deyapsiz? "Andijon" jamoasi tibbiyot xodimlari bugun necha marotaba maydonga chiqishdi? Besh marotaba yugurib chiqishdi. To‘g‘ri, sizlar uchun natija qoniqarli bo‘ldi, tushunaman. Bu eng muhimi. "Andijon" futbolchilari qo‘li yoki oyog‘i singanda ham mayli edi. To‘g‘ri tushunardim. Lekin maydonga yotib olish uchun chiqilmaydi. Ishqibozlar ko‘rmaydi deb o‘ylaysizmi? Stadionga tashrif buyurgan namanganlik ishqibozlar shunchaki "Andijon" futbolchilariga idish otishdimi? Agarda ular vaqtni cho‘zib maydonga yotib olishmaganida, muxlislar ham idishlarni otishmasdi. Penalti ham yo‘q edi dersiz balki? Agarda takroriy lavhani ko‘rmagan bo‘lsangiz, unda men sizga aytaman. Men ko‘rdim, bu 100% penalti.
Yana nima ham derdim? Derbi o‘z nomiga mos o‘tdi. Bunday bahslarda keskinlik avj oladi. Vodiy o‘rtasidagi qarama-qarshilik doim shunday yuqori bosim ostida o‘tadi. Aktivimizda ochko qo‘shib olmaganimizdan afsusdaman. O‘ylashimcha, hech kim natijadan qoniqmadi.
- Nima deb o‘ylaysiz, "Navbahor" bugun raqib "Andijon" kuchiga to‘g‘ri baho bermadimi?
- Bu to‘qnashuv o‘z nomi bilan derbi. Raqib kuchiga etarlicha baho berilmagan deyish noo‘rin. Bunday o‘yinlarga futbolchilarni ortiqcha tayyorlashga ham hojat yo‘q. Men o‘zimdan bilaman. Faoliyatim davomida bir qancha derbilarda o‘ynaganman. Derbi sifatida bugungi o‘yin yomon o‘tmadi. Ehtiroslar, hissiyotlar jo‘nbushga kelgan. Yana o‘sha hakamlik mavzusi. Ochig‘ini aytaman, o‘tgan 10 tur davomida hali birorta hakam bizga yordam berganini ko‘rmadim. Negadir "Navbahor"ga qarshi aniq bir kurash kechayotgandek. Negaligini esa bilmayman.
- "Navbahor"ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Nima sizni qoniqtirmayapti?
- Men avvalgi matbuot anjumanlarida ham ta’kidlaganimdek, jamoamizda "Navbahor" darajasiga mos bo‘lmagan futbolchilar bor. Buni inkor etmayman. To‘g‘risini aytaman, shunday futbolchilar mavjud. Eski rahbariyat bizga kerakli futbolchilarni olib kelishni va’da berib, yakunda buni amalga oshirishmagandi. Nima uchunligini esa bilmadim. Bu haqida avvalgi rahbariyatga murojaat qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Tarkibda 1-2 nafar menga yoqmaydigan futbolchilar borligini rad etmayman, ammo ular kimligini aytmoqchi emasman. Nima ham qilardim? Yozgi transfer oynasini kutamiz. Men nega bizga qarshi bunday hakamlik davom etayotganini tushunmayapman. Shu meni ko‘proq o‘ylantirmoqda. Birinchi davrani qolgan o‘yinlarida ishlab, maksimal ochko to‘plash lozim. Qolgan ishlarni esa keyinroq hal qilamiz. Durang ko‘payib ketdi. Oxirgi vaqtlarda ko‘p gol o‘tkazyapmiz. Yutish uchun esa avvalo kam gol qo‘yvorish lozim. Bugun Oston O‘runov juda yomon o‘ynadi. Terma jamoadan chaqiruv olgan futbolchining bunday harakati tushunarsiz. G‘ulomov ham kerakli darajada o‘ynolmadi. Qizig‘i, uni ham Olimpiya terma jamoasiga chaqirishdi va bugun o‘yini o‘xshamadi. Yana qaytaraman, O‘runovning bugungi o‘yinini izohlash mushkul. Balki terma jamoaga borib kelib o‘zgarib qolar. Milliy terma jamoada kim nima qilishini, vaziyatni ko‘rib, balki o‘zgarar. Futbolchi futbolni o‘zi uchun emas, jamoa foydasiga o‘ynashi lozim. Futbol jamoaviy sport turi. Individual harakatlarni esa o‘z vaqtida ishlatgan ma’qul. Oston jamoa uchun o‘ynashni o‘rganishi zarur.
SO‘G‘DIYoNA – BUXORO 2:0
Uchrashuvni mezbonlar faol boshlashdi. Bir necha vaziyatlar yaratishdi. Ushbu harakatlar 26-daqiqaga kelib samara berdi. Sanjar Rashidov uzatgan to‘pni Shohruz Norxonov boshi bilan darvozaga yo‘lladi - 1:0. Aksariyat hollarda Xurshid Xo‘jaev raqib hujumini bartaraf etayotgandi. Ammo bu gal u jamoasini goldan qutqarib qololmadi.
Keyin Ivan Nagaevning zarbasini Milan Mitrovich bartaraf etdi. Nikola Milinkovichning urinishi ham zoe ketdi.
Ikkinchi taymda Shohruz Norxonov dublga erishdi - 2:0. Shu tariqa, Ulug‘bek Baqoev o‘zining sobiq jamoasini yangi ish joyida taslim etdi.
Gollar: Shohruz Norxonov 26, 65
“So‘g‘diyona”: Milan Mitrovich, Sardor Qulmatov, Iskandar Shayqulov (Doston Toshmatov, 65), Elyor Orifov, Kaxi Maxaradze (Davronbek Umirov, 75), Sanjar Rashidov, Siroj Meliev (Nuriddin Hasanov, 89), Shohruz Norxonov, Sherzod Shokirov, Nikola Milinkovich, Shahboz Jo‘rabekov.
Zaxira: Shirinboy Abdullaev, Oybek Nurmatov, Izzatilla Abdullaev, Jamshid Boltaboev, Dian Talxatov, Daniel Nasriddinov.
“Buxoro”: Xurshid Xo‘jaev, Azamat Isroilov, Mirjalol Jumaev, Ivan Nagaev (Firdavs Asadov, 46), Salamat Qutiboev (Akobir To‘raev, 68), Asadbek Sobirjonov, Behruz Shodmonov, Ergash Ismoilov, Vladimir Baenko, Akram Baxritdinov, Doston Ibragimov (Jamoliddin Ubaydulloev).
Zaxira: Nodir Ashurmatov, Rabbim Hasanov, Behruz Zaynitdinov, Jahongir Abdumo‘minov, Artyom Kulesha, Mirfayz Muhitdinov.
Ogohlantirishlar: Salamat Qutiboev 44, Iskandar Shayqulov 55, Behruz Shodmonov 77, Akobir To‘raev 78.
3543 tomoshabin.
Mirislom Hasanov: - Bugungi o‘yin yaxshi o‘tdi. Qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Lekin yaratilgan xavfli vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Yigitlar qo‘ldan kelgancha intilishdi. Buning uchun ularga rahmat. Birinchi bo‘limdan so‘ng hisobda ortda borayotganimiz sabab tanaffusda o‘yinni kuchaytirish uchun o‘zgarishlar qildik. Lekin darvozaga to‘p kiritolmadik.
Biroz omad ham etishmadi. Keyingi o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishga urinamiz. Hali ikkinchi davra oldidan tarkibni, albatta, kuchaytiramiz.
Ulug‘bek Baqoev: - “Buxoro” jamoasining ayni vaqtda egallab turgan o‘rnini inobatga olgan holda ularning bugungi bahsga juda jiddiy e’tibor qaratishlarini, uchrashuv murakkab kechishini bilardik. Aynan shu jihatdan havotirim bor edi. Lekin yigitlar raqibdan ustun ekanliklarini namoyish etishdi. G‘alaba qozongan holda chempionatdagi tanaffusga yaxshi kayfiyatda yo‘l olyapmiz.
PAXTAKOR – AGMK 4:1
AGMK bilan o‘yinning birinchi taymida katta tashabbusga ega bo‘lgan "Paxtakor" 32 daqiqa ichida amalda uchrashuv taqdirini hal qildi.
5-daqiqada Jaloliddin Masharipov davom ettirgan hujumni Igor Sergeev aniq zarbasi bilan yakunladi.
17-daqiqada esa Masharipov-Sergeev-Cheran ijrosidagi kombinatsiyani serbiyalik hujumchi uzoq burchakni aniq nishonga olgan holda samarali tugatdi. Bu Cheranning Superligadagi 10-golidir.
32-daqiqada Masharipov jarima zarbasidan uzatib bergan to‘pni Marko Simich to‘rga kiritdi.
Shuningdek, Marat Bikmaev va Igor Sergeevning urinishlari ham xavfli chiqdi.
Tanaffusdan so‘ng mehmonlardan Zafar Polvonov boshi bilan gol urib, hisobni qisqartirdi. Bu orada olmaliqliklarda biroz umid paydo bo‘lgandek edi. Ammo o‘yinga yakuniy nuqtani Bikmaev qo‘ydi. Marat jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba bilan chiroyli gol muallifiga aylandi.
Gollar: Igor Sergeev 5, Dragan Cheran 17, Marko Simich 32, Zafar Polvonov 49, Marat Bikmaev 76
“Paxtakor”: Sanjar Quvvatov, Akramjon Komilov, Jahongir Ahmedov (Bobir Asqarov, 80), Jaloliddin Masharipov (Shohruh Mahmudhojiev, 75), Dragan Cheran (Sobir Sindarov, 86), Igor Sergeev, Odiljon Hamrobekov, Marat Bikmaev, Sherzod A’zamov, Farruh Sayfiev, Marko Simich.
Zaxira: Eldorbek Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Alisher Salimov, Egor Krimets, Sardor Sobirxo‘jaev, Vladimir Kozak.
AGMK: Akbar To‘raev, Mirjamol Qosimov (G‘ulom Haydar G‘ulomov, 72), Dilshod Jo‘raev (Mirolyub Kostich, 46), San’at Shixov, Zafar Polvonov, Murodjon Toshmatov, Mirg‘iyos Suleymanov, Saydullo Rahmatov, Sardor Rahmonov, Boburbek Yuldashev, Kamron Saydazimov (Shohnazar Norbekov, 64).
Zaxira: Suhrob Sultonov, Jasurbek Hakimov, Jasur Hasanov, Jasur Umarov, Sherzod Fayziev, Shahzodbek Nurmatov.
Ogohlantirishlar: Akramjon Komilov 67, Mirg‘iyos Suleymanov 85.
6768 tomoshabin.
Mirjalol Qosimov: - Nechanchi bahsdirki, birinchi bo‘limda o‘yinimiz chiqmayapti. Tarkibda o‘zgarishlar qilayapmiz. 15 daqiqa ichida juda ko‘p gol o‘tkazayapmiz. Jamoaning ishlari yaxshi ketmayapti. Shu bois rahbariyatdan iste’fo so‘rayman. Ular nimani hal qilishadi ko‘ramiz.
Shota Arveladze: - Osiyo chempionlar ligasidagi "Al Ahli"ga qarshi salbiy natijadan keyin ruhan qiyin edi. Biz OChLga, albatta, qaytamiz, ammo buning uchun vaqt kerak. Birinchi taymda omadimiz keldi.
To‘rt kundan so‘ng Liga kubogi doirasida o‘ynaymiz. Ko‘plab futbolchilarimiz terma jamoaga ketishadi, shu bois yoshlarni sinab ko‘rdik.
Javohir Sidiqov taxminan 6 oyga safdan chiqdi. Afsuski, u mavsum oxirida maydonga tushishi mumkin xolos. Dostonbek Hamdamov ikki hafta uchrashuvlarda ishtirok etolmaydi. Undan avvalroq Sadriddin Abdullaev ham operatsiya qilingandi.
Jahongir Ahmadov U-21 birinchiligida qizil kartochka oldi va 3 ta o‘yinni o‘tkazib yubordi. O‘ng qanotdagi Farruh Sayfievning harakatlarini kuzatish qiziq bo‘ldi.
NASAF – LOKOMOTIV 0:1
10-turning markaziy uchrashuviga Qarshi shahri mezbonlik qildi. Bellashuv ko‘pchilik muxlislar kutganidek shiddatli to‘qnashuvlarga boy bo‘ldi. Amaldagi chempion bilan kuch sinashgan “ajdarlar” ancha qiyinchiliklarga duch kelishdi.
Birinchi taym o‘rtalarida Temurxo‘ja Abduxoliqov hisobni ochdi. "Loko"ning markazdan rivojlantirilgan hujumini Jamshid Iskanderov davom ettirdi va Abduxoliqovga pas berdi. Temurxo‘ja esa jarima maydoni tashqarisidan to‘pni to‘rga yo‘lladi.
31-daqiqada Shuhrat Muhammadiev jiddiy jarohat oldi. To‘p uchun kurashda oyog‘ini juda qaltis qayirib oldi va u Davronbek Hoshimov bilan almashtirildi.
Ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘nglash uchun “nasafchilar” e’tiborlarini hujumga qaratishdi. Ammo yaratilgan imkoniyatlarni golga aylantirish mezbonlarga nasib etmadi.
Gol: Temurxo‘ja Abduholiqov 21
“Nasaf”: Abduvohid Ne’matov, G‘olib G‘aybullaev, Azizjon G‘aniev, Dilshod Saitov, Humoyun Murtazoev, Sharof Muhiddinov, Doniyorjon Narzullaev (Oybek Bozorov, 61), Bobir Davlatov, Islom Rashidxonov (Bobir Abdiholiqov, 76), Xurshid Muhtorov (Sardor Abduraimov, 54), Umarbek Eshmurodov.
Zaxira: Umidjon Ergashev, Husniddin Aliqulov, Jo‘rabek Mannonov, Alisher Yusupov, Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullaev.
“Lokomotiv”: Javohir Ilyosov, Anzur Ismoilov, Azizbek Haydarov (Igor Yelich, 81), Jamshid Iskanderov (Avazbek O‘lmasaliev, 46), Sardor Mirzaev, Temurxo‘ja Abduholiqov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Yovan Jokich, Oleg Zoteev, Shuhrat Muhammadiev (Davronbek Hoshimov, 33), Arslanmirat Amanov.
Zaxira: Ma’mur Ikromov, Filipp Raevats, Azizbek Amanov, Boburbek Ergashev.
Ogohlantirish: Islom Rashidxonov 54
9810 tomoshabin.
Andrey Fyodorov: - Qarshida bizga oson bo‘lmasligini, juda og‘ir bellashuv o‘tkazashimizni kutgandik. Aslida ham shunday bo‘ldi. Muhimi, natija qoniqarli. Shu o‘rinda har 2-3 kunda maydonga tushish davri tugagani va tanaffusga yaxshi kayfiyatga chiqib ketayotganimiz bilan tabriklayman. Endi nafasni rostlab olamiz.
"Lokomotiv" atrofidagi gaplar? Yo‘q, biz o‘z rejamizga muvofiq uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rgandik. Murabbiylik ishi shunday, bugun sen ishlab turasan, ertaga esa ketishing mumkin. Lekin mish-mishlar menga va jamoaga umuman ta’sir etmadi. Buni bugungi bahs ham isbotlab turibdi. Hech qanday asabbuzarliksiz harakat qildik.
Shuhrat Muhammadievning holati? Afsuski, u uzoq muddatga safdan chiqdi.
"Lokomotiv"ning oldiga doim chempionlik vazifasi qo‘yiladi. Boshqasi jamoani qanoatlantirmaydi. Biz peshqadam "Paxtakor"ga etib olish va chempionlikni yana himoya qilish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Ro‘ziqul Berdiev: - Tajriba o‘z so‘zini aytdi va hal qiluvchi rolni o‘ynadi. Hayajon sezildi. Lekin jamoamiz kuchli raqib qarshisida yomon ko‘rinmadi. Abduxoliqovning golidan avval Rashidxonov o‘z imkoniyatidan foydalanganida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi.
Vaziyatga real qaraylik, ayni paytda kuchli uchlik uchun kurashishga qodir emasmiz. Tarkib butkul o‘zgardi. Bir yilda tuzilgan jamoa bilan yuqori o‘rinlarga harakat qilish qiyin. Balki ikkinchi davrada safimizga tajribali futbolchilar qo‘shilsa, yoki legionerlar kelsa, vaziyat o‘zgarar.
Liga kubogi? Ochig‘i, bu musobaqa bizga nima berishini bilmadim. Ayni damda ko‘plab futbolchilarimiz OTJ yig‘iniga jo‘nab ketishadi. Biz esa asosiy tarkibda kam tushayotgan yoshlarga imkoniyat beramiz.
Islom Kenjaboev mashg‘ulotlarda jarohat olgani bois bellashuvda ishtirok etolmadi. Uning yo‘qligi ham ta’sirini o‘tkazdi. Chunki tezkor futbolchilar orqali raqib himoyasini yorib o‘tmoqchi edik. Lekin bu bahona bo‘lib qolmasligi kerak.
Fikrlar