Karantindan chiqqan Jeparov: Keling, barchamiz birgalikda pandemiyaga qarshi kurashaylik
Yurtimizda karantin holati e’lon qilinganidan beri chet eldan kelgan hamyurtlarimiz maxsus izolyatsiya hududlarida 14 kunlik karantin muddatini o‘tab chiqishmoqda. Ular orasida turli kasb egalari qatori sportchilarimizni ham uchratish mumkin. Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining sobiq sardori, ikki karra Osiyoning eng yaxshi futbolchisi Server Jeparov ham o‘g‘li bilan hukumatimiz tomonidan qurilgan va maxsus izolyatsiyalangan konteynerdagi karantindan chiqarildi.
“COVID-19. 14 kun maxsus jihozlangan konteynerda bo‘ldik. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevga o‘z xalqiga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun tashakkur! O‘ylaymanki, maxsus konteynerlar karantinda yashash uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan to‘liq ta’minlangan.
4 kishi yashadik. Televizor, konditsioner, hammom, hojatxona, issiq va sovuq suv, aloqa uchun shahar telefoni, choynak qaynagan suvi bilan, suv qaynatishga maxsus choynak, piyola, gigiena vositalari, tish pastasi, cho‘tkalar, niqoblar, sovun, shampun, qo‘lqoplar, tozalikni saqlash uchun chelak va latta bor. Kuniga 3 mahal ovqat, kotletlar, tovuq, guruch, grechka, perlovka, makaronlar, palov, suv, salatlar, olma, mandarinlarning barchasi bir martalik idishlarga solingan. Bu esa karantin qoidalariga rioya qilinayotganidan darak beradi. Desertga choy va shirin pechenelar. Ertalabki nonushtaga esa yogurt, tuxum, kasha, sariyog‘, pishloq, sosiskalar berildi.
Bizga xizmat ko‘rsatgan xodimlar, test tahlillarini olgan shifokorlar, 14 kun davomida biz bilan bo‘lib, kundalik muammolarimizni hal qilganlarga chin yurakdan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu ular tomonida ko‘rsatilgan haqiqiy qahramonlikdir.
Biz buni uddalik, bu oson emas edi. Sharoitlar esa yashashimizni osonlashtirdi. Davlatimiz Prezidenti hamda uning jamoasiga yana bir bor tashakkur. Endi men va o‘g‘lim uy karantinida bo‘lamiz. Keling, barchamiz birgalikda pandemiyaga qarshi kurashaylik. Karantin talablariga amal qilgan holda COVID-19 virusini engishimiz mumkin”, – deb instagramdagi sahifasida post qoldirgan Server Jeparov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Server Jeparov o‘g‘li bilan mart oyining oxirlarida Rossiya Federatsiyaning Qozon shahrida bo‘lib qaytishgan. Eslatib o‘tamiz, Server Jeparov hozirda O‘zbekiston U-14 o‘smirlar terma jamoasini boshqarmoqda.
Manba: olympic.uz
Fikrlar