
"Karaxt ahvolga tushib qoldim". "Lokomotiv"ning sobiq ustozi Maxaradze va uni nima kutayotgani to‘g‘risida gapirdi
Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubidagi so‘nggi voqealar hech kimni befarq qoldirmagani aniq. Kaxi Maxaradze asosiy mavzuga aylandi. Undan avval esa bosh murabbiy o‘zgardi.
Mavsum boshidan buyon ishlab kelgan Denis Korostichenko iste’foga chiqarildi va o‘rnini Server Jeparov egalladi. Ushbu o‘zgarishdan ko‘p o‘tmay, Maxaradze voqeasi paydo bo‘ldi. Natijada yana Korostichenko bilan bog‘lanishimizga to‘g‘ri keldi.
- Denis Vladimirovich, “Lokomotiv”dan ketganingizdan keyin kutilmagan ishlar bo‘lib ketdi...
- Ha, klubdan ketganimdan keyingi bu vaziyat men uchun shok bo‘ldi. Bunday holat yuz berishi...Zero, menda buning hech qanday asoratlari yo‘q edi. Lekin, baribir rost yoki yolg‘onligini bilish uchun yakuniy qarorni kutish kerak, deb hisoblayman. Albatta, bu haqida eshitish men uchun yoqimli emas. Agar bu haqiqat bo‘lsa, biz turnir jadvalida ancha yuqorida bo‘lardik.
- Kaxi Maxaradze bilan nima bo‘lgani haqida gaplashdingizmi? U aybini tan oldimi yoki...
- Ha, gaplashdim. Menga u bunday bo‘lmagan, qasam ichaman deb aytdi. Bu “podstava” dedi. Ammo batafsil hech nimani bilmayman.
- Aytishlaricha, bu vaziyatda Maxaradze bir o‘zi bo‘lmagan, uning sheriklari ham bor deyilyapti. Klubda ishlagan chog‘ingizda nimadandir shubha qilgan holatlaringiz bo‘lganmi?
- Yo‘q, men u bilan yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ha, keyin o‘yin bo‘ldi, hammada ham xato bo‘ladi. Masalan, u yoki bu o‘yinni sotdi, degan narsani umuman o‘ylamaganman. Albatta, shunaqa gap-so‘z paydo bo‘lganidan keyin kallaga turli o‘y-hayollar keladi, nahotki kimdir shunaqa qilgan?! Ko‘ramiz. Hozir men hammaga ishonaman va jamoada bunday o‘yinchi bo‘lmaganiga ham ishonaman. Lekin jamoa ichidan shunaqasi chiqib qolsa, bundan hayron qolaman.
- Maxaradze haqidagi xabarni birinchi bor eshitganingizda qanday qabul qildingiz?
- Aytyapman-ku, bu xabarni eshitishim bilanoq karaxt ahvolga tushib qoldim. Agar Kaxi Maxaradze haqiqatan shunday qilgan bo‘lsa, bu juda achinarli bo‘ladi. U eng yaxshi o‘yinchi va sardor.
- Sizning iste’foingizni aynan kelishilgan o‘yinlar “qurboni” sifatida qabul qilish mumkinmi?
- Mana, hammasi qanday bo‘lgan: bilasizmi, “Lokomotiv” rahbariyati birinchi davrada bunday natijani umuman kutishmagandi. “Metallurg” bilan o‘yingacha meni omadsiz uchrashuvlardan keyin olib tashlashlari kerak edi. Biroq keyin menga jamoani ikkinchi davraga tayyorlash imkoniyatini berishdi. Biz juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Rosti, ishlash juda yoqimli bo‘lgandi...”Qizilqum”ni mag‘lub etdik. Zero, o‘shanda juda bosim ostida qolgandik! Endi mag‘lub bo‘lishimiz mumkin emasdi. Lekin afsuski, katta hisobda yutqazdik va bu endi mening haqiqatan oxirgi o‘yinim edi. So‘nggi uchrashuv men uchun achinarli chiqdi, deya o‘ylashni boshladim. Keyin menga turnir jadvalidagi o‘rnimizni saqlab qolishimiz uchun “Bunyodkor”ni yutishimiz kerakligini aytishdi. Buni uddalay olmadik. 0:0 hisobidagi durangdan so‘ng o‘zim iste’fo bermoqchi edim. Ammo hech kim hech nima demadi va biz Kubok uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishda davom etdik. O‘sha uchrashuvda g‘alaba qozondik. Keyin esa meni chaqirishdi va ishdan bo‘shatishganini ma’lum qilishdi...Rostini aytsam, xayolimda faqat birinchi va ikkinchi davrada yuklatilgan vazifani bajara olmaganim turgandi. Shunday bo‘lsa-da, bu holat achinarli bo‘ldi. Chunki “Nasaf” bilan Kubok bahsida bellasha olardik, deb o‘ylayman. Lekin bularning barchasi endi o‘tmishda qoldi. Kelishilgan o‘yinlarga kelsak, men bu vaziyatda o‘zimni “qurbon” deb hisoblamayman. Zero, ko‘pchilikka shunday ko‘rinishi ham mumkin.
- Jamoaning iqtidorli o‘yinchisi Ali Abdurahmonov asta-sekin o‘zini ko‘rsatib, gol urishni boshlaganida uni maydonga tushirmay qo‘yganingiz ham o‘sha Maxaradze bilan bog‘liq vaziyat fonida turli gumonlarga sabab bo‘lyapti. Bunga nima deysiz?
- Yo‘q, bu ishlarga umuman bog‘liq emas. Ali Abdurahmonov yosh. Ha, u yaxshi gol urdi. Lekin hozircha bu futbolchi asosiy tarkibda o‘ynashga tayyor emas. Ali tajribasini oshirishi va sport formasini tiklab olishi darkor. Hozir o‘rinbosarlar jamoasida o‘zini yaxshi tomondan namoyish etyapti. Ikkita uchrashuvda uchta gol urishga erishdi. Rosti, mening o‘yin uslubimda hujumchilarga ko‘p kuch sarflashlariga to‘g‘ri keladi. Ular pressingda juda ko‘p ishlashlari kerak. Ali esa boshqacha hujumchi. Ko‘proq yuqoridan uzatilgan to‘plarga mos keladi. Ammo tez orada bu futbolchi o‘zini namoyish etishni boshlaydi deb o‘ylayman. Server Jeparovning Ali borasidagi rejalari qanday ekanligini bilmayman. Biroq, baribir uni kelajagi porloq futbolchi deb hisoblayman.
- Sizningcha, Kaxi Maxaradzeni endi nima kutyapti?
- O‘ylashimcha, endi uni bu erda ko‘rmaymiz, yana bilmayman, bu futbolchi haqidagi qaror qanday bo‘larkin?! Barchasi O‘FAning qaroriga bog‘liq. Albatta, O‘zbekistonda katta ehtimol bilan taniqli legionerlardan birining faoliyati shu tarzda yakunlanishini xohlamagan bo‘lardim.
- Bu ishlar “Lokomotiv” klubi obro‘iga jiddiy zarba bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta. Hozir o‘yinchilarga vaqt kerak. Klubdagilar, shtabdagilar ushbu vaziyatdan o‘tishlari lozim. Ammo futbolchilar professional va ular o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘radilar.
Fikrlar