
Karles Puyol SPORTS.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu berdi
Xabaringiz bor, bugun Jahon chempionati bosh sovrini Toshkentda "mehmon bo‘lmoqda". Uni yurtimizga sobiq JCh g‘oliblari Karles Puyol va Kristian Karambyo olib keldi. E’tiborlisi shundaki, jahon futboli afsonalari hamda muxlislar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vaqtdan unumli foydalangan saytimiz muxbiri Jaloliddin Qobiljonov sobiq JCh g‘olibi bilan kichik intervyu uyushtirishni uddasidan chiqdi. Yurtimizda mehmon bo‘layotgan Ispaniya terma jamoasi va "Barselona" klubi afsonasi vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, jurnalistimiz bergan savollarga javob berib o‘tgani tahsinga sazovor.
Coca-Cola kompaniyasining shiori - "FWC Trophy Tour" heshtegi sanaladi. Bu o‘zbek tilida "Ishonch bu - mo‘jiza" degan ma’noni anglatadi. Siz futbolchilik davringizda ishonchli himoyachi va jasur sardor obrazida edingiz. Aytingchi, g‘alaba qozonish uchun ishonch qanchalik muhim?
- Darhaqiqat, ishonch bu katta kuch! U insonlarni ulkan maqsadlar sari etaklashga qodir. Futbolda ham ko‘p narsa maydondagi ijrochining o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi va oldiga qo‘ygan maqsadlariga bog‘liq. Ba’zan, oddiy insonlar ham ulkan maqsadlar sari ishonch bilan qadam tashlasa, unga etishi mumkin. Aslida, futbolning eng jozibali nuqtasi ham shu. G‘alaba va mag‘lubiyat sportda doim yonma-yon keladi, biroq ishonch insonni doim olg‘a qadam tashlashga undaydi. O‘ylashimcha, bu g‘alabaning asosiy omillaridan biri.
Futbolchilik faoliyatingizni yakunlagach, nega aynan yosh futbolchilar manfaatini himoya qilishga qaror qildingiz? Vaholanki, sizdan yaxshi murabbiy chiqishi mumkin edi?
- Ularni qo‘llab-quvvatlash orqali jahon futboliga yangi nomlarni kashf etishga qaror qildim. Bu men uchun muhim "missiya". Uni bajarish yo‘lida mehnat qilishdan qochmadim. Hozir ham yoshlar bilan uchrashganimda ularga kerakli bo‘lgan o‘gitlarimni berishga erinmayman. Imkon qadar ularga yaqinroq bo‘lishga harakat qilaman.
Hozirda nimalar bilan bandsiz?
- Butsalarimni mixga ilgach, yosh iqtidorlarni izlab topish agentligida faoliyat olib bordim. Sayyoramizning deyarli barcha qit’alarida bo‘lib, yangi yulduzlarni kashf etish borasida ish olib bordim. Futboldan ketish mumkin, ammo uni to‘liq tark etishning imkoni yo‘q. U mening hayot tarzimga aylanib ulgurgan. Men ko‘plab bo‘lajak futbolchilar bilan uchrashib, ularga kareramda orttirgan tajribalarimni ulashdim. Keyinroq, FIFAning elchisi sifatida ish boshladim. Hozir, "Coca Cola" va Mundialning rasmiy elchisi sifatida jahon kubogi bilan birgalikda yangidan yangi shaharlarda bo‘lyapman. Biz futbolni rivojlanishi uchun imkon qadar ko‘proq mintaqalarda bo‘lishga va uni dunyoning eng ommabop sport turiga aylantirish uchun mehnat qilyapmiz. Asosiy maqsadimiz ham aynan shu.
Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi
Fikrlar