Katanets e’tibordan qochirgan beshlik! Terma jamoadan kimlar chaqiruv olishga haqli edi?

  • 8 oktabr, 2023, 22:11
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets oktyabr oyidagi FIFA kunlarida ikkita o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Jamoa bosh murabbiyi Katanets ushbu yig‘inga quyidagi futbolchilarni chaqirdi:

Tecno

IMG_20231008_233532_398

Eldor Shomurodovning yo‘qligini hisobga olmasa, aytarli katta o‘zgarishlar yo‘q. Biz yakuniy ro‘yxatda bo‘lishi taxmin qilingan 5 futbolchi borasida fikr yuritmoqchimiz. Katanets e’tiboridan chetda qolgan beshlikni e’tiboringizga havola etamiz.

Aziz Amonov - Eldor yo‘qligida sinashning ayni payti!

2323123

Qarshida endi-endi o‘ziga kelayotgan forvard OChL doirasidagi "Al Sadd"ga qarshi bahsda hozir ham Osiyoning eng zo‘r straykerlaridan biri ekanligini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Yaxshi tezlik va o‘yinni o‘qiy olishi sababli Aziz Katanetsning jamoasida ortiqchalik qilmagan bo‘lardi. Murabbiy hujumchini avvalgi o‘yinlarda sinab ko‘rgan va o‘shanda Amonov ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirgan edi. Bu safargi yig‘inda Shomurodovning yo‘qligi hujum chizig‘ida qo‘shimcha kvota paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi, deb o‘ylagan edik, ammo bunday bo‘lim chiqmadi. Shunga qaramay, OChLda hafta ramziy jamoasidan o‘rin egallagan yigit shu tempda o‘yin ko‘rsatsa, tez orada yana terma safiga qaytishi aniq.

Zabihillo O‘rinboev - Murabbiyning imkoniyati

23232

O‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan O‘rinboev ikki safardan beri muxlislar tomonidan milliy terma jamoada ko‘rinish berishi taxmin qilinsada, yakunda sloveniyalik mutaxassis boshqa variantlarni afzal ko‘rmoqda. Superligada gol+pas tizimida (7+4) 11 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan yigit haqiqatdan hozir ajoyib sport formada. U nafaqat hujum markazi, balki klassik 10-raqam egasi sifatida forvard ortida ham to‘p tepishi mumkin. So‘nggi o‘yinlarda aynan shu zonada ijrochi yo‘qligi bois, Katanets Jaloliddin Masharipovdan kreativ markaziy yarim himoyachi sifatida foydalanmoqda. Aytmoqchimanki, O‘rinboev hozirgi Katanetsning 3 va 4 himoyachiga ixtisoslashgan sxemasida kerakli vintik vazifasini bajarib berishi mumkin edi. Afsuski, hozircha Mister Srechko bunga ehtiyoj sezmadi.

Oybek Bozorov - Unutilayotgan iqtidor

234234234

"Nasaf" etakchisi so‘nggi o‘yinlarda o‘zining o‘yin manerasini o‘zgartirgani ko‘zga tashlanmoqda. Oybek avvalgidek to‘pni o‘ziga olmay, hujum tezligini oshirishga harakat qilmoqda. "Nasaf"da ham 2-3 mavsum avvalgidek dribling yoki fint namoyish etmayapti. O‘ng va chap qanotda birdek harakat qilishga qodir iqtidor bir necha safardan beri terma jamoa ro‘yxatidan o‘rin egallay olmayotgani yoqimsiz holat. 6-7 yil avval O‘zbekiston futbolining ertasi sifatida qaralgan yigitni ayni kuchga to‘lgan paytida mamlakatning bosh jamoasida ko‘rinish bermasligi yoqimsiz. Shunga qaramay, yarim himoyadagi kuchli raqobat ham bunga sabab bo‘layotganini e’tirof etish lozim. Nima ham derdik, demak Bozorov Katanets nazdida hali terma darajasida o‘yin ko‘rsatmayapti. "Ajdarlar" kreativ yarim himoyachisining chaqiruv olmaganini boshqacha izohlash imkonsiz.

Ibrohim Yo‘ldoshev - Juda yaqin kelajak

67 (2)

"Navbahor" safida o‘zining universalligi bilan ko‘zga tashlangan himoyachi anchadan beri mutaxassislar e’tibor markazida turibdi. Ibrohim qanotda ham, markazda ham birdek faol bo‘libgina qolmay, yaxshi start tezlikka ega. Qo‘shimchasiga, standart vaziyatlarda ham ancha faol. Yo‘ldoshev ikkinchi qavatdagi kurashlar bilan birgalikda, to‘g‘ri joy tanlash borasida ham ancha ishonchli. Uning tarkibda bo‘lishi, istalgan murabbiy uchun qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi. Katta ehtimol bilan Ibrohimning termadan taklif olishi (shu tempda o‘sishda davom etsa) vaqt masalasi, xolos.

Umar Adhamzoda - Ayni payti!

photo_2023-09-27_22-23-55 (2)

"Neftchi"ning chinakam motoriga aylangan qanot himoyachisi joriy mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘lib turgani rost. Tezligi yuqori, jismonan 90 daqiqa yuqori tempda harakat qilishga qodir fulbek Levchenkoning tezkor qarshi hujumlaridagi asosiy qurolga aylanib ulgurdi. To‘g‘risi, yakuniy ro‘yxatni ko‘rganimda birinchi izlagan futbolchim aynan Umar Adhamzoda bo‘ldi. E’tiborlisi, Srechko Katanets bu yig‘inga birgina o‘ng qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonovni chaqirgan, xolos. Har ehtimolga qarshi yoki sinab ko‘rish maqsadida Adhamzodani ko‘rib olish uchun hozir eng qulay payt edi, aslida. Katanetsning himoyadan qurilgan futboli maydonda katta hajmdagi ishni bajaradigan Umar Adhamzoda uchun har tomondan qulay. Voqealar shu rivojda davom etsa, tez orada "yo‘lbarslar" a’zosi ham termadagi debyutini nishonlashi mumkin. Sizningcha, u hozir Hojiakbar Alijonov bilan raqobat qilishga tayyormi? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Jamshid Akbarov
14/10/2023 13:43
Айтган футболчилариз ичида Забихиллони варианти тугрирок буларди. Азиз,Ойбекни термага чакирди вактида Катанец бир нималар килиб ташлагани йук.
&
Азизжон
09/10/2023 07:16
Булади биргртаси
&
Uzbek ligion
09/10/2023 06:29
5 futbolchi xam yomon emas,ammo ular ozroq tortmaydi, qushishi kerak
&
Socceruzb
08/10/2023 23:23
МТЖ карвонсароймас....
&
Farxod Mirzamatov
08/10/2023 22:25
Xojiakbar Alijonov bilan deyarli teng darajada uning yana bir ustun tomoni xar ikki tarafda birdek o‘ynoladi
&
Socceruzb
08/10/2023 23:22
Нотўғри фикрлар