"Katanetsning fikriga qo‘shilaman, Eronda hatto himoyachi ham maydonga gol uraman deb tushadi" - Aziz Amonov Namangandagi turnir va "Istiqlol"dagi faoliyati haqida intervyu berdi

  • 31 mart, 2022, 09:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Eronning “Istiqlol” klubida to‘p surayotgan legionerimiz Aziz Amonov ham Namanganda tashkil etilgan “Navruz Cup-2022” xalqaro turnirida ishtirok etdi.

Tecno

Iqtidorli futbolchiga Srechko Katanets katta ishonch bildirayotgani ko‘rinib turibdi. Amonov kuni kecha Sports.uz sayti uchun intervyu berdi.

- Azizbek, Namanganda tashkil etilgan musobaqadan qanday taassurotlar qoldi?

- Xudoga shukr, final yaxshi o‘tdi. O‘z uyimizda o‘ynayotganimizni bilardik. Muxlislar oldida yuzimiz yorg‘u bo‘lishi uchun bor kuchimiz bilan harakat qildik. Raqibga doim pressing qo‘llab, o‘z maydonimizda o‘ynayotganimizni ko‘rsatmoqchi bo‘ldik va chiroyli o‘yin bilan ishqibozlarimizni xursand qilishni istadik. Gollarga boy o‘yin bo‘ldi va mana shunday uchrashuvni g‘alaba bilan tugatdik. Shuningdek, namanganliklarga tashkilotchilik uchun rahmat aytmoqchiman.

- Qirg‘izistonni 3:1, Ugandani 4:2 hisoblarida mag‘lub etdik. Biz uchun munosib raqiblarmidi?

- To‘g‘risini aytaman, hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rgangan. Masalan, Shvetsiya bilan o‘ynab 2:1 hisobida yutqazgan bo‘lsak ham hamma ko‘rsatgan o‘yinimiz uchun bizni maqtadi. Qirg‘izistonni 3:1 ga yutdik, ammo ko‘pchilik norozi. Nimaga? Bilmayman. Ammo hamma ham futbol o‘ynay oladi. Futbol yildan-yilga o‘syapti. Endi kuchsiz raqibning o‘zi ham yo‘q. Kuchli raqiblar ham yutqazib qo‘yyapti. Misol uchun oldingi Turkmaniston bilan hozirgi Turkmanistonni farqi katta. Masalan, Uganda ham o‘z o‘yini bilan qanday saviyadagi raqib ekanini ko‘rsatdi. Futbolda raqib tanlash noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Har qanday holatda ham barcha raqibni hurmat qilib maydonga tushishimiz kerak.

aziz_2

- Hujumchi ekaningizni bilamiz. Namangandagi turnirda Eldor Shomurodov bir o‘yinda uchta, Igor Sergeev esa ikkita gol urdi. Siz hujumchi ortidan o‘ynadingiz va gollarga assistentlik ham qilganingizni ko‘rdik. O‘zingiz ham yaqqol hujumchi sifatida to‘p surishni xohlayapsizmi?

- Oldin ham sof hujumchi bo‘lmaganman. Shu paytgacha meni qaysi pozitsiyaga qo‘ysa, murabbiyning ko‘rsatmasini amalda bajarishga harakat qilib kelganman. Futbol jamoaviy o‘yin. Jamoadoshlarim menga shunaqa imkoniyat yaratib berishdi va men buni davom ettirdim. Gollarga assistentlik qilganimda birgina mening emas, jamoadoshlarimning ham hissalari bor.

- O‘tgan vaqt davomida Srechko Katanetsni qanchalik tushunib oldinglar? Jamoadan asosan nimani talab qilyapti?

- Barchasi joyida. To‘g‘ri, boshida hamma murabbiyni ham tushunish biroz qiyin bo‘ladi. Chunki har xil narsalarni talab qilishi mumkin. Xudoga shukr, ancha vaqt o‘tib, futbolchilar tushunib qolishdi. O‘yinimizga qarasangiz, turli uslublarda o‘ynatyapti. Bu ham yaxshi holat. Taktikaga e’tibor qaratishi, hammani o‘z joyida o‘ynashi va o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarishni talab qilyapti. Hozirgi zamonaviy futbolning talabi ham shunday.

- Katanets Ugandaga qarshi o‘yindan oldin bu men uchun final emas, oddiy bir o‘rtoqlik uchrashuvi deb aytdi. Siz uchun qanday o‘yin bo‘ldi?

- Murabbiyni fikriga qo‘shilgan bo‘lardim. Biz asosan muxlislar uchun o‘ynaymiz. Ularni xursand qilishga harakat qildik va raqibga ochiq futbol taklif qildik. Agar Osiyo chempionatida o‘ynab nimagadir erishsak, murabbiy buni natija deb aytsa bo‘ladi. Shu bois Katanetsning fikriga qo‘shilgan bo‘lardim. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi va ishqibozlarni xursand qilish uchun o‘ynadik.

aziz1_2

- Terma jamoamiz Namangandagi turnirdan qanday foyda oldi, deb o‘ylaysiz?

- Hamma yig‘indan bir nima o‘rganasiz. Jamoa yanada mukammallashib boraveradi. O‘yindan-o‘yinga bir-birini tushunish va his qilish ijobiylashib boradi va bu yaxshi holat.

- Eronning “Istiqlol” klubidagi faoliyatingizni ham kuzatib boryapmiz. U erdagi hayotingiz qanday? Klubga to‘liq moslashib oldingizmi?

- Xudoga shukr, qo‘limdan kelganicha harakat qilyapman. O‘zbek futbolining mavqeini ko‘tarish va o‘yinchilarimiz borasida ijobiy fikr qoldirish uchun ham qo‘limdan kelganicha o‘zimni ko‘rsatishga intilyapman. Har bir legionerimiz xorijda o‘zbek futboli sha’nini himoya qiladi. Jamoamga moslashib olganman, hammasi yaxshi, xazilkash. Ichki muhit ajoyib darajada. Muxlislarini gapirmasa ham bo‘ladi.

- Mashhur “Ozodi” stadionida to‘p suryapsiz va u erdagi muhitni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ryapsiz...

- “Persepolis”ga qarshi derbida o‘ynadik. Evropada muxlislarning jo‘shqin shijoatini ko‘z o‘ngimda “Ozodi” stadionida ko‘rdim. 90 daqiqa davomida tinishmadi. O‘yin boshidan oxirigacha faqat bitta klubni qo‘llab-quvvatlash, bu juda boshqacha.

aziz3_1

- Eronliklar sizdan tinmay gol talab qilishayotgandir?!

- Ular hamma o‘yinchidan yaxshi o‘yin va gol kutishadi. Albatta, hamma futbolchi, hatto himoyachi ham gol uraman deb maydonga tushadi.

- Ya’ni, bu borada bosim bo‘lmayaptimi?

- Bosim bo‘ladi, bu normal holat. Masalan, sizni ishingizda ham shunaqa bo‘ladi. Har bir ishni o‘ziga yarasha bosimi bor.

- Klubdagi yaqin do‘stingiz kim?

- Barchasi bilan munosabatim yaxshi. Ingliz tilini o‘rganishga harakat qilyapman. Futbolchilar bilan aloqalarim ajoyib. Hurmat qilishadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!