
Katta maosh va’dasi Kevin de Bryuynening boshqa jamoaga transferini to‘xtatib qo‘ydi
“Manchester Siti”da o‘n yil to‘p tepgan Kevin De Bryuyne kelasi mavsum uchun o‘ziga jamoa tanlashdek mas’uliyatni ishni amalga oshirishi kerak.
Mohir pleymeykerga Evropa, Saudiya Arabistoni va AQSh klublaridan jiddiy takliflar bo‘lyapti.
Evropa matbuoti belgiyalik yarim himoyachi Italiyaning yangi chempioni “Napoli” bilan kelishuvga erishgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Taniqli jurnalist Ben Jeykobsning yozishicha, Kevin de Bryuyne italiyaliklar bilan shartnomaning moliyaviy tomonlarini kelishib bo‘lgan bir pallada AQShdan kelgan taklif uni o‘ylantirib qo‘yganini yozdi.
33 yoshli futbolchiga “Chikago Fayr” har mavsum uchun kamida 12 million dollar miqdorida maosh taklif qilmoqda. Bu summa “Napoli” bermoqchi bo‘lgan mablag‘dan ikki baravar ko‘p.
Demak, Kevin de Bryuyne navbatdagi jamoani tanlashda jiddiyroq bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Bu borada 2026 yilgi jahon chempionatining bir qismi AQShda o‘tishini ham tanlovga ta’sir qilishi mumkin.
Fikrlar