
Kimdadir bor, kimdadir yo‘q yoxud pro ligada qaysi legionerlar ro‘yxatdan o‘tganini bilasizmi?
Kuzatayotgan bo‘lsangiz, pro ligaga e’tibor ancha ortdi. Ayniqsa, Superligadan qaytgan jamoalarning pro ligadagi intrigani qizdirishiga ishonsa bo‘ladi. Negaki, ularning tarkiblari ham shunga yarasha kuchaytirilgan.
Bu borada gap ketar ekan, legionerlar masalasi alohida mavzuga aylanadi. Pro liga klublari ham xorijlik o‘yinchilarning xizmatidan foydalanishyapti. Albatta, hammasi ham emas. U erda 11 ta klub bo‘lsa, shundan 4 tasida legionerlar bor. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Lokomotiv”
Samuel Opex (Nigeriya)
Manuchexr Safarov, Rustam Soirov (ikkisi - Tojikiston)
Ivan Solovyov (Rossiya)
Boyan Naydenov (Makedoniya)
Shime Jujul (Xorvatiya)
Sir emaski, o‘tgan yili Superligani tark etgan “Lokomotiv” muvaffaqiyatsizligidan tushkunlikka tushmadi. Aksincha, qaytanga yangicha ruhlanib, o‘zgacha ishtiyoq paydo bo‘lgandek. Klub hammasini yana boshidan boshlashga kirishdi. Shu yilning o‘zidayoq “Lokomotiv” Superligaga qaytmoqchi va bu yo‘lda “temiryo‘lchilar” pro liganing birinchi raqamli favoriti. Tarkibi ham shunga mos ravishda tajribali o‘yinchilar bilan boyitildi. Pro liga klublari orasida ikkita klub legionerlar limitidan to‘liq foydalandi va ulardan biri “Lokomotiv”. O‘tgan yilgi legionerlardan nigeriyalik Samuel Opex bilan tojikistonlik Manuchexr Safarov tarkibda saqlab qolindi. Ularning yoniga 4 nafar xorijlik futbolchi qo‘shildi. Safarovning yurtdoshi Rustam Soirov, rossiyalik Ivan Solovyov, makedoniyalik Boyan Naydenov va xorvatiyalik Shimu Jujul “Loko” bilan shartnoma imzoladilar. Ularning orasida Solovyov bilan Naydenov muxlislarimizga yaxshi tanish. Bungacha “Navbahor” va “Nasaf”da ham ham to‘p surishganligini bilsangiz kerak. “Lokomotiv” mazkur legionerlarning hisobiga ham ancha kuchayishga erishdi. Darvoqe, ilk turda Jujul dublga erishdi va tojikistonlik Safarov ham gollari hisobini ochdi.
“Xorazm”
Neville Mbanvey Tengeg (Kamerun)
Urganchning “Xorazm” jamoasi tarkibidan faqat bir nafar legioner o‘rin oldi. Bu – kamerunlik hujumchi Mbanvey Tengeg. O‘tgan yili kamerunlik boshqa hujumchi Roki Marchiano chinakam topilmaga aylandi va pro ligada to‘purarlik salohiyatini namoyish qila oldi. “Xorazm”da kashf qilingan legionerga “sovchi”lar ko‘payib qolgandi. Natijada u faoliyatini BAA chempionatida davom ettiradigan bo‘ldi va bu uning uchun oldinga tashlangan qadam bo‘ldi. Bunda esa “Xorazm” Marchiano uchun tramplin vazifasini bajardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, urganchliklar bu safar ham yana Kamerundan o‘yinchi izlashdi va yangi hujumchini topishdi. Ko‘rinib turibdiki, Tengegni ham Marchiano kabi kashf qilishmoqchi...
“Dinamo”
Yudai Koike (Yaponiya)
Evgeniy Nazarov (Rossiya)
Frantsis Narx, Derrix Ediya Mensax, Joel Kojo (barchasi – Gana)
Elguja Grigalashvili (Gruziya)
Samarqandning “Dinamo”si “Lokomotiv” kabi legionerlar xizmatidan to‘liq foydalandi. Bosh murabbiy Vadim Abramov boshchiligidagi “Dinamo” pro ligaga ravona bo‘ldi va endi o‘sha murabbiyning o‘zi klubni Superligaga qaytarishni maqsad qilgan. Har holda u ham ishlagan paytida “Dinamo”ni tushirib yuborgan degan tamg‘a bo‘lishini xohlamaydi. Tarkibini kutilganidek yangi ijrochilar bilan kuchaytirdi. 6 nafari legionerlar. 2022 yilgi tarkibdan gruziyalik Elguja Grigalashvili “Dinamo”da qoldi. Buning ustiga bu futbolchining samarqandliklar bilan amalda shartnomasi bor. Abramov uch nafar ganalik yangi o‘yinchini olib keldi. Qolaversa, yaponiyalik va rossiyalik futbolchilarni ham “Dinamo”da to‘p surishga ko‘ndirdi. Klubdagi legionerlar orasida Grigalashvilidan tashqari ganalik Frantsis Narx ham ishqibozlarga juda yaxshi tanish. Boisi, bungacha u o‘tgan mavsumda “Bunyodkor”da o‘ynadi. Aslida bu yigitga Superligadan ham chorlovlar bo‘lgandi, ammo Vadim Abramov epchillik qilib, Narxga yaxshi narx belgilab jamoasiga olib kela oldi. Ko‘rinib turibdiki, “Dinamo”da legionerlar jamoaning asosiy kuchiga aylanmoqda. Buni dastlabki uchrashuvlardayoq ko‘rsatishmoqda. Masalan, ilk turda “Mash’al” darvozasiga Kojo (dubl) va Grigalashvilining urgan goli evaziga “Dinamo” uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Aytish mumkinki, ular klubga foyda keltirishni boshlashdi.
“Mash’al”
Otar Javashvili, Andro Giorgadze, Shota Gvazava (barchasi – Gruziya)
Sergey Petrov (Ukraina)
“Mash’al” boshqa etakchilardan farqli o‘laroq chempionatni ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Avvaliga o‘z uyida “Dinamo”ga 1:3, Qo‘qonda “Qo‘qon-1912”ga 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Odatda, “Mash’al” doim legionerlar xizmatidan foydalanib keladi. Bu safar ham an’anasidan chekinmadi. Faqat legionerlarini tez-tez almashtirib turadi. Yangi mavsum uchun ayniqsa Gruziyadan uch nafar futbolchi taklif qilindi. Bular – Javashvili (himoyachi), Giorgadze (himoyachi) hamda Gvazava (yarim himoyachi). Ukrainadan esa Petrov (hujumchi). Ammo shu Petrov diskvalifikatsiya sababli dastlabki bahslarda “Mash’al”ga yordam bera olmadi. Shota Gvazava esa 2-turda Qo‘qondagi bellashuvning 73-daqiqasida qizil kartochka olib maydonni tark etdi hamda jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Keyingi uchrashuvlarda legionerlar “Mash’al”ga qanchalik yordam bera olishini kuzatamiz.
Xullas, hammasi bo‘lib 17 nafar legioner ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yuqoridagi klublargina legionerlariga ega bo‘ldi. Boshqa jamoalar, aytaylik Superliga yo‘lida kurashayotgan “Qo‘qon-1912” xorijlik futbolchilarning xizmatidan foydalanmasdan oldiga qo‘yilgan maqsadni mahalliy o‘yinchilar bilan amalga oshirishni lozim topdilar. Qolaversa, “Sho‘rtan”, “G‘ijduvon”, “Yunired”, “Andijon-SGS”, “Aral” hamda “Navbahor-farm” ham asosan mahalliy futbolchilardan tashkil topdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar