
Konkurchimizning Gran-pri yo‘nalishidagi g‘alabasi uni Jahon kubogining final bosqichiga olib chiqdi
Qirg‘iziston poytaxtida o‘tkazilayotgan konkur bo‘yicha Evrosiyo ligasining Millatlar kubogida navbatdagi g‘alaba qo‘lga kiritildi. Bu gal chavandozlarimiz turnirning eng asosiy dasturi hisoblanmish Gran-pri yo‘nalishida barcha sovrinli o‘rinlarni egalladilar.
Mahoratli chavandozimiz Nurjan Tuyakbaev “Lanselotta” laqabli tulporda hammadan yaxshi natija qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. E’tiborlisi, ushbu g‘alaba unga kelasi yilning 4-8 aprel kunlari AQShning Omaxa shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon kubogining final bosqichi eshiklarini ochdi.
Kumush medalni Bekzod Qurbonov “Kalimera” otidagi natijasi bilan qo‘lga kiritdi. Nurjan “Kamita” tulporida yana bir bor omadini sinab ko‘rdi va ushbu urinish unga bronza medalini taqdim qildi. To‘rtinchi pog‘ona mezbonlar vakili Rinat Galimovga nasib etgan bo‘lsa, kuchli beshlikni boshqa bir vakilimiz Umid Kamilov yopib berdi.
Bugun musobaqada dam olish kuni. Ertadan sportchilar turnirning ikkinchi bosqichi doirasida jamoaviy dasturda bahs olib borishadi. Ahamiyatlisi, mazkur bellashuvlar g‘olibini Barselonada o‘tadigan Millatlar kubogi finali uchun yo‘llanma kutib turibdi. Chavandozlarimizga ushbu yo‘nalishda ham omad va zafarlar tilab qolamiz.
Fikrlar