Ko‘ringanidek beozor bo‘lmagan fil "oq bo‘ri"ga qarshi! Tailand terma jamoasi biz uchun noqulay raqibmi? (Tahlil)

  • 29 yanvar, 2024, 18:53
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston terma jamoasining nimchorak finaldagi raqibi - Tailand haqida fikr yuritamiz. Ularning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada? E’tiborga molik omillar va bizning jamoaga qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan aspektlarga qisqacha to‘xtalamiz.
aiqvi
Yaponiyalik mutxassis Masada Ishi boshqaruvidagi terma asosan klassik 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadi. Tezkorlik, chaqqonlik evaziga raqib jarima maydonchasi ichida ochiladigan zonalar, intensiv pressing va yaxshi jismoniy tayyorgarlik. Aynan shu faktorlar Tailand terma jamoasiga o‘z guruhida mag‘lubiyatga uchramay 5 ochko bilan keyingi bosqich masalasini hal qilishini ta’minladi. Tailand juda ko‘p aspektlarda Yaponiyaga taqlid qiladi. Bosh murabbiy futbolchilarning kuchli jihati sanalgan tezlik va jismoniy tayyorgarlikka suyangan xolda o‘yin qurgan. 4-2-3-1 sxemasidan foydalangani sababli juda yopiq, yoki juda ochiq ham futbol namoyish etmaydi. Vaziyatdan kelib chiqib, pozitsion va qarshi hujum uyushtirishi mumkin.
avqati
Umuman olganda, Masada Ishi "Buriram Yunayted" klubini 2 yil davomida boshqargan va mahalliy futbolni juda yaxshi biladi. 2023 yilda terma jamoa postini qabul qilganidan so‘ng, juda ko‘plab yosh futbolchilarni terma jamoaga chaqirdi va tarkibni shakllantirib olgunga qadar barchaga imkoniyat taqdim etdi.
Jamoaning asosiy kuchi tezkor futbolchilarda. Tailand hujumning 3 zonasida chaqqon futbolchilariga suyanadi. Shuningdek, kerakli pallada o‘sha futbolchilarni uzun paslar bilan tezkor qarshi hujumga o‘tishini ta’minlashi ham mumkin. Umuman olganda, arsenalida bir nechta qurollari bor raqib bilan to‘qnash kelyapmiz. Rang-baranglikka intilibgina qolmay, himoyalanish chog‘ida agressiv pressing qo‘llaydi. Bu raqibning o‘z jarima maydonchasi atrofida keskin hujum uyushtirishini murakkablashtiradi. Tailand kamdan-kam xolarda katta kuch bilan oldinga o‘tishini hisobga olsak, qarshi hujumda ushlash ham oson bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi saviyadagi raqib bilan nimchorak finalda to‘qnash kelamiz.

Xo‘sh, bu bahsda bizga nima qo‘l kelishi mumkin?

Bizda ijrochilar klassi borasida sezilarli ustunlik mavjud. Yigitlar bahs davomida epizodlarda texnik mahoratini namoyish eta olsa, bo‘sh zonalar etarlicha bo‘ladi. Ya’ni, oldingi chiziqda o‘ynayotgan futbolchilarimizdan kreativlik talab qilinadi. Aynan ular jarima maydonchasi atrofida qabul qiladigan nostandart qarorlar biz uchun g‘alaba kalitiga aylanishining ehtimoli yuqori. Avstraliya va Suriyaga qarshi bahslarda ko‘rsatgan primitiv futbolimiz Tailand bilan o‘yinda qo‘l kelishining ehtimoli juda past. Boz ustiga, pley-off bosqichidagi penaltilar seriyasi ham o‘yinga jamoalar tanlangan strategiyaga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ya’ni, yigitlarimiz birinchi bo‘limda raqib darvozasini ishg‘ol eta olmasa, unda ikkinchi taymda katta kuch bilan oldinga o‘tish riskni oshib ketishiga sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda, yana bir o‘rinli savol tug‘iladi. Xo‘sh, bu o‘yin uchun Srechko Katanets qaysi o‘yin sxemasiga murojaat etadi?
Ikkita variant bor. 3-4-3 (himoyalanish chog‘ida 5-2-3) va 4-3-3 (hujum chog‘ida 4-2-4). Ularning qay biri start sxemaga aylanishi Katanetsning o‘yinga tanlagan "Game plani"ini anglatadi. Agar 3 markaziy himoyachi bilan bahsni boshlasak, demak katta yuk oldingi chiziqda harakat qilayotgan futbolchilarning individual mahoratiga bog‘liq. Ular birga-bir o‘ynagan chog‘ida raqibni aldab o‘tishi va kreativlikni ishga solishi kerak. Agar 4-3-3 ga murojaat etsak, ilk daqiqalardanoq to‘p nazoratini qo‘lga olgan xolda, 14-hudud atrofida hukumronlik o‘rnatishimiz ehtimoli oshadi. Ya’ni, raqibga erta pressing qo‘llagan xolda katta kuch bilan oldinga o‘tamiz. Ayni damda, jamoamiz taklif etadigan bu o‘yin strategiyasida Tailand o‘zini juda yomon his qilishi turgan gap, ammo qarshi hujumda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

1sxema-sportsuz

Agar 5 himoyachi bilan o‘ynasak, raqibning oldindagi hujumlarini deyarli katta muammosiz bartaraf etishga muvaffaq bo‘lamiz, biroq markazda kreativlik etishmay qolishi mumkin. Yana barcha ish oldingi chiziqdagi 3 futbolchining qay darajada samarali harakat qilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. 2-variantni tanlsak, biroz tavakkal qilamiz, ammo o‘yini o‘zimiz boshqarishimiz mumkin. To‘p nazorati va raqibning jarima maydonchasi atrofida ijrochilarimiz soni va hujum uyushtirish uchun variantlarimiz ko‘proq bo‘ladi. Srechko Katanets qay birini afzal ko‘rishini oldindan taxmin qilish juda qiziq. Pley-off o‘yini bo‘lgani bois, ehtiyotkorlikni tanlashi, yoki klass borasida yigitlarmiz kuchliroq bo‘lganiga tayangan xolda ochiq futbol namoyish etishni tanlashi ham mumkin. Nimchorak finaldagi o‘yinimizni qanday borishi va nimalar bizga qo‘l kelishi aynan start sxemasidagi murabbiyning qaroriga bog‘liq. Raqibning o‘yinlarini ko‘rib chiqib qilgan xulosam shu-ki, ikki variantda ham biz baribir o‘yin favoriti bo‘lib qolaveramiz.

456

Yo‘qotishlar yo‘q emas...

Afsuski, aynan u qadar baland bo‘yli bo‘lmagan raqib bilan bahs oldidan Igor Sergeev safdan chiqdi. Aynan uning jarima maydonchasi ichidagi ikkinchi qavatdagi ustunligi hujumlarimizni keskinligini oshirib berishi mumkin edi. Shuningdek, Sherzod Nasrullaev ham katta ehtimol bilan bahsni o‘tkazib yuboradi. Qo‘shimchasiga, sariq kartochka olgan futbolchilarimiz soni ham kishini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Ayni damda, Abduqodir Husanov, Otabek Shukurov, Umarbek Eshmurdov va Odil Hamrobekovlarda sariq kartochka bor. Ularning 30 yanvar kuni oladigan sariq kartochkasi chorak finalda o‘yini o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘ladi. Bu yigitlarning barchasi hozir o‘z pozitsiyasida birinchi raqamli nomzod ekanligini hisobga olsak, bu omil keyingi bosqichda qo‘shimcha muammolar tug‘dirishi hech gap emas.

Xulosa o‘rnida:

Tailand bugun va hozir O‘zbekiston terma jamoasi uchun o‘tib bo‘lmas raqib emas. Shu bilan birgalikda, ularni engish uchun yuqori kontsentratsiyada harakat qilishimiz shart. Klass borasida yigitlarimiz raqiblaridan kuchli, ammo uni tabloga ko‘chirish uchun ham 90 daqiqa davomida bexato "ishlash" lozim. Raqibning bizga nima taklif etishini taxminan bilamiz. Barchasi, O‘zbekiston terma jamoasi raqibiga nima taklif qilishiga bog‘liq.

Taxminiy tarkib:

O‘tkir Yusupov;

Abduqodir Husanov, Umarbek Eshmurodov, Rustam Ashurmatov, Zafarmurod Abdurahmatov, Farruh Sayfiev;

Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov;

Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Aziz Amonov. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Тўлқин Хайит
30/01/2024 14:32
Азизга ҳали бор. Бобир.
Шоим Зарипов
29/01/2024 20:37
Мени хам фикрим шу Абдухоликов Анна кучли.
Akmal Sherov
29/01/2024 19:34
нега Азиз Амонов? Манимча Бобур Абдухолиқов ундан анча кучли