"Krilya Sovetov"da qanday muammolarga duch kelgan? Futbolimiz o‘syaptimi? Nega Superligaga qaytmadi? Yoxud Kuvaytda ishlayotgan o‘zbek murabbiyi haqida

  • 26 sentabr, 2021, 22:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonlik 45 yoshli mutaxassis Aleksandr Mochinov yodingizda bo‘lsa kerak-a? U futbolchilik faoliyatini bir qator klublarda o‘tkazgan.

Masalan, “Mash’al”, “Nasaf”, “Navbahor”, “Sho‘rtan”, “Metallurg”, “So‘g‘diyona”, shuningdek, Qozog‘istonning “Taraz” va “Ordabasi” jamoalarida to‘p surgan.

Murabbiylikni ham erta boshlagan. Shu paytga qadar “Oqtepa”, “Bunyodkor” akademiyasi, “Buxoro”, “So‘g‘diyona” va “Obod” klublarini boshqardi. Qolaversa, O‘zbekiston U-16 hamda U-19 terma jamoalariga ham ustozlik qilgan.

- Aleksandr Vladimirovich, Quvaytda ish boshlaganingiz bilan tabriklayman! Bu qanday yuz berdi? Agar xato qilmayotgan bo‘lsam, siz ushbu diyorda faoliyat yuritgan o‘zbekistonlik dastlabki mutaxassisga aylandingiz. To‘g‘rimi?

- Tabrik uchun rahmat. Meni eslab yo‘qlaganingiz yoqimli bo‘ldi. Men Kuvaytda 2019-2020 yillar davomida “Al-Qodisiya” klubi akademiyasida mehnat qildim. Ish jarayonida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan shug‘ullandim. Pandemiya boshlangach, barcha sport musobaqalari to‘xtatildi, jumladan, bizning akademiyadagi mashg‘ulot jarayonlari ham noma’lum muddatga faoliyatini to‘xtatgandi. Shu vaqt davomida uyda oila davrasida o‘tirishimga to‘g‘ri keldi. Boz ustiga Kuvaytda karantin talablari juda qat’iy tarzda belgilangandi. Shuning evaziga yurtimizga qaytib kelishning ilojini topa olmadim. Cheklov talablari biroz yumshatilgach esa Rossiyaga yo‘l oldik. Rossiyaga jo‘nab ketish oldidan “Qodisiya” bilan shartnomam ham nihoyasiga etgandi. Shartnomam aprel oyida tugadi. Buning qarangki, oradan bir oy o‘tar-o‘tmas may oyida Kuvaytning boshqa klubi “Al-Nasr”dan taklif kelib tushdi. Shuning evaziga shartnomaga imzo chekdim va yana Kuvaytga qaytdim. Pandemiya tufayli deyarli to‘liq bir yil ishdan chetda bo‘ldim. Joriy yil yozida Kuvaytda ham yo‘llar ochildi. Binobarin, barcha sohalardagi kabi futbol musobaqalarida ham bemalol ishlash imkoniyati yuzaga keldi. Bunga qadar esa Quvayt o‘z chegaralarini boshqa davlatlar uchun to‘liq yopib ulgurgandi. Hukumat barcha ommaviy tadbirlar qatori futbol musobaqalarini o‘tkazishga ham ruxsat berdi. Yaqinda esa “Al-Nasr”ga borib shartnomaga binoan ish faoliyatimni boshlab yubordim. Savolingizning ikkinchi bandidagi o‘zbek murabbiylari haqidagi masalaga kelsak, to‘g‘ri, bu erda o‘zbekistonlik murabbiylarni ko‘rganim yo‘q. U erda asosan sobiq Ittifoq tasarrufida bo‘lgan boshqa yurtlardan kelgan kishilarni uchratdim. Biroq ular futbol bilan aloqador bo‘lgan insonlar emas. To‘g‘ri, bunday insonlarning aksar qismi bevosita sport bilan bog‘liq. Masalan, Kuvaytda Belarusdan kelgan mutaxassislar yoshlarga suzish bo‘yicha dars bermoqdalar. Shuningdek, sportning taekvando turi bo‘yicha ham chetdan kelgan mana shunday murabbiylar ishlayapti. Kuvayt futbolida esa sobiq Ittifoqdan bo‘lgan birorta mutaxassisni ko‘rmadim. Ilgari sobiq Ittifoqdan bo‘lgan futbol murabbiylari ishlaganini menga aytishdi. Ularning orasida eng taniqlisi esa shak-shubhasiz, futbol olamida juda mashhur bo‘lgan Valeriy Lobanovskiy bo‘lgan. Undan tashqari, Kuvayt futbolida Rossiyadan, Ukrainadan yoki O‘zbekistondan bo‘lgan mutaxassislar ishlagan yoki ishlamaganlari haqida menda hech qanday ma’lumotlar yo‘q.

mochinov6

- “Al-Nasr” klubi rahbariyati sizga qanday vazifa yukladi? O‘z navbatida, jamoa sizda qanaqa taassurot qoldirmoqda?

- Bu erda bizni juda iliq kutib olishdi. Klub menejeri qator masalalarda bizga qulayliklar yaratishda ancha ter to‘kyapti. Shartnoma imzolagan paytimda sport musobaqalarini qayta yo‘lga qo‘yish masalasi hal qilinmagandi. O‘shanda ham jamoa menejeri menga hammasi joyida bo‘lishini, bu masalada qayg‘urmasligim kerakligini etkazgandi. Bu inson yanglishmagan ekan. “Nasr”ni top-saviyadagi klub deb bo‘lmaydi, lekin Kuvaytda mazkur jamoani hurmat qilishadi. Meni Quvaytga birdaniga ikkita lavozimda ishlash uchun taklif qilishdi. Dastlabkisi U-15 jamoasi bo‘lib, undan tashqari U-17 klubida ham o‘smirlar bilan shug‘ullanaman. Bundan tashqari, U-17 U-20 bilan ishlaydi. Rahbariyat oldimizga asosiy klub uchun munosib tarbiyalanuvchilarni etkazib berishni vazifa sifatida qo‘ygan. O‘z navbatida biz murabbiylar mahalliy o‘rinbosarlarni asosiy klubda to‘p surish uchun loyiq ijrochi sifatida tayyorlashga kirishdik. Bu erda bir qancha yosh toifalardagi boshqa jamoalarni ham ko‘zdan kechirdim. Quvonarlisi, turli yoshdagi jamoalarda bo‘lganlar orasida iqtidorlilari talaygina. “Al-Qodisiya” top darajadagi klubdir. U erda talablar ham shunga mos ravishda belgilangan. “Al-Nasr”da esa ish jarayoni sal boshqacha. Shunday bo‘lsa-da, talablar ancha yuqori bo‘lib, eng munosib tarbiyalanuvchilarni ajratib olish kerak. Top-klublardan farqli ravishda “Al-Nasr” akademiyasi va turli yoshdagi jamoalar uchun o‘yinchilarni ko‘plab qabul qilishadi. Kuvaytda iqtidorli bolalar va o‘smirlar ko‘p. Ammo 15 yoshli bo‘lgan o‘smir uchun ham katta pul talab qilishadi. Bir so‘z bilan aytganda, undaylarning narxi ancha qimmat. Shuning uchun bo‘lsa kerak, xuddi O‘zbekistondan farqli ravishda Quvaytda yoshlarni bir klubdan ikkinchi klubga ko‘chib o‘tishlari deyarli kuzatilmaydi. Hech kimga sir emas, O‘zbekistonda iqtidorli bola ko‘zga tashlanib qolgach, bir zumda “Paxtakor”, “Bunyodkor” yoki “Nasaf” akademiyasiga ko‘chib o‘tish payiga tushib qoladi. Kuvaytda esa bunday ishlar juda qat’iy nazorat qilinadi. Mana shuning uchun ham bo‘lsa kerak, Kuvaytda 13-16 yoshdagi iqtidorli o‘yinchilarning narxi 100-150 ming AQSh dollari qiymatida belgilanadi. Mana shunday talablar tufayli har bir klub o‘z akademiyasida tarbiyalanuvchilari boshqa joyga ko‘chib o‘tishidan ko‘p ham xavotir olmasdan ishlaydi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, oldimga qo‘yilgan vazifaga binoan endi reja tuzib chiqildi. Avvalo, mavsumoldi tayyorgarlik jarayoniga alohida e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Quvaytda yosh toifalarining darajalaridan kelib chiqqan holda musobaqalar tashkil etiladi. Bunday musobaqalar oldidan top maqomda bo‘lgan va darajasi ulardan pastroq turadigan jamoalar alohida savatchalarga bo‘lib chiqilib, qur’a tashlash orqali musobaqa o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Mavsum arafasida tashkil etiladigan bunday turnirlarning formati menga juda yoqdi. Chunki tayyorgarlik jarayonida o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish uchun sparring-raqiblar qidirishga umuman hojat qolmaydi. Shuning hisobiga bo‘lsa kerak, bunday formatda ishlashimiz mumkinligi hozirdanoq menga yoqyapti. Bo‘lajak tayyorgarlik vazifasini o‘taydigan bunday musobaqa noyabr o‘rtalarida boshlanadi. O‘z-o‘zidan U-17 jamoasi U-20 jamoasidagilar bilan birgalikda asosiy klubda o‘ynab ketishi mumkin bo‘lgan yoshlarni ajratib chiqadi.

mochinov3

- Faoliyatini Quvaytda davom ettirayotgan Sardor Rashidov bilan uchrashdingizmi?

- Sardor Rashidovning Quvaytdagi top-klublardan biri sanaladigan “Kuvayt SK”da o‘ynayotganidan xabarim bor, albatta. Ammo u bilan uchrashganim yo‘q. U o‘ynayotgan jamoa nafaqat milliy birinchilikda yoki Kubok musobaqasida, balki xalqaro miqyosidagi turnirlarda ham o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadi. Eng asosiysi, “Quvayt SK” juda boy klub. O‘z-o‘zidan bunday grandlar mavsumga o‘ta jiddiy tayyorgarlik ko‘rishadi. Mana shuning hisobiga faqat futbolchilar emas, balki murabbiylar va rahbarlar ham ertadan kechga qadar ishlashadi. Faqat yarim tunga borgandagina ular dam olish imkoniga ega bo‘ladilar. Shuni hisobga olsak, Sardor Rashidov bilan uchrashishim oson bo‘lmasligi turgan gap. Umid qilamanki, bir paytlar shogirdim bo‘lgan bu yigit bilan tez orada uchrashish nasib qiladi. Harqalay, uning futbolchi bo‘lib etishishida mening ham biroz hissam borligidan xursandman. Sardor bilan ishlagan chog‘imdayoq kelajakda undan juda yaxshi futbolchi etishib chiqishiga ishonardim. Kuvaytlik hamkasblarim va soha mutaxassislari bilan Rashidov haqida gaplashdim. Ularning bari uning juda qobiliyatli futbolchi ekanligini ta’kidlashdi. Kuvaytdagi top-klublar chetdan olib keladigan legionerlarni juda chertib-chertib tanlashadi. Sardor esa mana shunday yuqori saviyada bo‘lgan legionerlardan biri sirasiga kiradi.

- Siz haqingizdagi ma’lumotlar oxirgi paytlarda juda kamayib ketdi. Nima sababdan Rossiyaga ko‘chib o‘tdingiz?

- Ha, 2018 yili oilam bilan Rossiyaga ko‘chib o‘tishimga to‘g‘ri keldi. Bundan oldin esa “So‘g‘diyona” klubida bosh murabbiy sifatida ishlayotgandim. Ko‘chib o‘tishimning sabablari talaygina, ammo ularni birma-bir sanab chiqmoqchi emasman. Shu boisdan ham shaxsiy masaladagi sabablarni qaytatdan eslab o‘tishni istamagan bo‘lardim. Bugungi voqelikka qaytadigan bo‘lsak, endi men Rossiya fuqarosi hisoblanib, oilam bilan Samara shahridan qo‘nim topganman.

mochinov4

- Sizning yurtimizdagi murabbiylik faoliyatingiz qanday kechganidan yaxshi xabardormiz. Faoliyat yuritgan klublaringiz va yoshlar terma jamoasidagi ishingizda maqtashga arziydigan yaxshi natijalar yo‘q...

- Bu bilan O‘zbekistondagi murabbiylik faoliyatingiz yaxshi bo‘lmagan, demoqchimisiz? Yo‘q, men bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. Agar terma jamoa miqyosini oladigan bo‘lsak, bir paytlar o‘zim ustozlik qilgan yigitlardan bir talayi asosiy termada o‘ynash darajasiga etganlar. To‘g‘ri, kimlar bilandir uzoqroq, yana kimlar bilandir esa tayyorgarlik jarayonida kamroq ishlagan bo‘lishim mumkin. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham men o‘sha futbolchilarning shakllanishida qandaydir hissa qo‘shganman, deb bemalol ayta olaman. Ehtimol, natija nuqtaidan olib qaralganda, ishlagan joyimda jarangdor g‘alabalar bo‘lmagandir. Biroq o‘zimni kelajak uchun ishlagan mutaxassislardan biri deb hisoblayman. Chunki asosan yosh futbolchilarni tarbiyalash bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri kelgan. Masalan, yoshlar terma jamoasida ishlagan chog‘imda asosiy termaga o‘tishlari uchun futbolchilar bilan juda qattiq shug‘ullangandim. Bugungi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga nazar soladigan bo‘lsam, aksariyat futbolchilar o‘zimning shogirdlarim ekanligini ko‘rayotganimdan xursandman. O‘zbekistonda asosiy e’tibor faqat natijaga qaratilgani bois klub va terma jamoa miqyosida ham ishlar shunga tayangan holda olib boriladi. Bunday kezlarda esa biror-bir natijaga erishish qiyin. O‘ylaymanki, agar tayyorgarlik jarayoniga alohida urg‘u beriladigan bo‘lsa, O‘zbekiston kamida Yaponiya darajasidagi terma jamoaga ega chiqishi mumkin. Terma jamoaning uzoq yillardan beri jahon chempionatiga yo‘l ololmayotganining asosiy sabablaridan biri ham sifatga emas, balki natijaga urg‘u berilishi bilan bog‘liq. Qo‘l ostimdagi shogirdlarim keyinchalik meni iliq gaplar bilan esga olishlari uchun futbolni qanday tasavvur qilishimdan kelib chiqqan holda ular bilan ishladim. Shogirdlarimga o‘z falsafamga binoan saboq berishga intildim. Ehtimol, ish jarayonida o‘z fikrimda sobit qolib, kimlargadir yoqmagan bo‘lishim mumkin. Shuning barobarida natijalar ko‘ngildagidek chiqmagandir. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham yoshlarni katta futbolda o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymasliklari yo‘lida bor bilim va tajribamni ishga solib, ular bilan astoydil shug‘ullandim. Aleksandr Mochinov mana shunday murabbiydir. Tabiiyki, o‘tgan vaqt davomida O‘zbekistondagi faoliyatimni tahlil qilishga ham ulgurdim. Tahlil jarayonida qaerdadir to‘g‘ri yo‘l tutganimni, yana qaerdadir esa qaysarligim evaziga noto‘g‘ri qarorlar qabul qilganimni ham anglab etdim. O‘zimga ishonaman. Shuning uchun ham bundan keyin boshimni tik tutgancha ishda davom etishni maqsad qilganman. Har qanday inson xato va kamchiliklardan holi emas. Yo‘l qo‘yilgan xatolar esa kishini yanada tajribali bo‘lishiga olib keladi. Quvayt futbolida murabbiy sifatida yangi darajaga chiqishdan umid qilib qolaman. Ishga professional sifatida yondashish orqali har qanday inson o‘sishga erishishi tabiiy. Agar Quvaytda tajribamni yanada oshiradigan bo‘lsam, kelajakda bemalol maqtanishga arziydigan natijalar bera oladigan klubda ishlashdan umidvor bo‘lib qolaman.

mochinov1

- Rossiyaga ko‘chib ketganingizdan keyin ham O‘zbekistondan takliflar bo‘ldimi yoki yurtimizga qaytib ishlashni istamaysizmi?

- Ha, Rossiyaga ko‘chib o‘tganimdan so‘ng, dastlabki bir yil men uchun juda og‘ir bo‘ldi. “Krilya Sovetov” jamoasida ishladim. Ammo klubdagilar bilan umumiy til topishib ketishim qiyin kechdi. Qolaversa, men o‘rgangan va tasavvur qiladigan futbol bilan mahalliy klub tasavvuridagi futbol o‘rtasida katta farq borligini sezdim. O‘z ishimni professional darajada bajarishga odatlanganman. Ayrimlar kabi ertalab ishga kelib, shunchaki zimmamdagi vazifani bajarib qo‘yib, uyga vaqtliroq qaytish haqidagi fikr umuman xayolimga kelmaydi. Chunki bunday ishlashga ko‘nikmaganman. Birinchi navbatda, inson o‘zini va shug‘ullanayotgan sohasini hurmat qilishi kerak. Ochig‘ini aytsam, “Krilya Sovetov” tizimida 9 oy ishlash orqali yana o‘zbek futboliga qaytish yo‘llarini chamalab ko‘rdim. Shu asnoda kerakli odamlar bilan aloqaga chiqdim. Ularning orasida tanish-bilish, o‘rtoqlarim ham yo‘q emasdi. Qaysidir jamoaning xizmatimga ko‘z tikayotganidan xabar topib, O‘zbekistonga qaytish taraddudiga tushib qolgandim. Ammo so‘nggi pallada rejalar umuman amalga oshmadi. Hech kim mening gaplarimga quloq solishni istamadi. Qisqasi, fakt faktligicha qoladi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, o‘zim ortga qaytishni juda istagan bo‘lsam-da, boshqalar buni tushunishni xohlashmadi.

mochinov5

- O‘zbek futbolchilaridan Quvaytga taklif qilish rejangiz bormi?

- Bilasizmi, Kuvaytga uchib kelishdan oldin 8 avgust – 13 sentyabr kunlari davomida Toshkentda bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Qandaydir hujjatlarni tayyorlashim kerak edi. Shu vaqt davomida bir qancha o‘yinlarni bevosita stadionlarda kuzatdim. Liganing bugungi darajasi qay ahvolda ekanligi borasida fikr yuritdim. Asosiy klub va o‘rinbosarlar ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilishimda menga yaqindan yordam bergan do‘stlarimdan minnatdorman. Yashirib nima qildim, O‘zbekiston futboli o‘sayotgani yo‘q. Daraja oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha qolmoqda. Mening fe’l-atforim shundayki, til yog‘lamalik yoki laganbardorlik qilishga odatlanmay, hammasini ro‘y-rost bayon etishga odatlanganman. Agar Superliganing musobaqa jadvaliga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “Paxtakor” to‘plagan ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turgan klub yiqqan ochkolar o‘rtasidagi farq kattaligidan har qanday kishi dahshatga tushishi tayin. Bu esa futbol va o‘yinchilarning sifati etarli darajada emasligidan dalolat beradi. Albatta, hozirgi vazifamdan kelib chiqqan holda O‘zbekistondan o‘yinchi taklif qilishim mumkin. Lekin ikki davlat futboli o‘rtasidagi farq ancha sezilarli. Qolaversa, chetdan kelgan o‘yinchining Quvaytda moslashish jarayoni og‘ir bo‘ladi. To‘g‘ri, shogidlarimdan birini asosiy klubda to‘p surishini istardim. Biroq bu menga bog‘liq masala emas. Agar arab davlatlarida to‘p surgan o‘zbek futbolchilaridan so‘rasangiz ham mening bu masaladagi fikrim qanchalik to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lasiz. Legioner maqomidagi futbolchining nafaqat mahalliy futbolga, balki iqlimiy shart-sharoitlarga ko‘nikishi oson bo‘lmaydi. Ustiga-ustak Kuvayt ligasi noprofessional birinchilik sanalib, top maqomdagi jamoalardan farqli ravishda qolgan ishtirokchilar safidagi o‘yinchilarning qo‘shimcha ishlari bor. Ular asosiy ishdan bo‘shaganlaridan keyin jamoalar ixtiyoriga qo‘shilib, birinchilik yoki Kubok doirasidagi o‘yinlarda maydonga tushishadi. Top-klublardagi ijrochilarni esa mahalliy muxlislar haqiqiy professional deb hisoblaydilar. O‘z-o‘zidan mana shunday klublarda chetdan futbolchi taklif qilish oldidan ular haqidagi ma’lumotlar obdon o‘rganib chiqiladi. Jumladan, Sardor Rashidovni Quvaytga taklif qilish oldidan uni obdon o‘rganishgan. Futbolchi talablarga javob berishi oydinlashgach esa, unga chiqishgan. Agar keyinchalik mening ham omadim chopib, Quvayt ligasidan biror-bir jamoani boshqarish imkoniga ega bo‘lsam, O‘zbekistondan albatta futbolchilar olib kelishlarini so‘rayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мехриддин Абдурахмонов
26/09/2021 23:14
Sports.uz катта микдорда маьлумот бера олмас, хозирги кунда championat.asia даги молиявий имконият йукдур лекин ажойиб интервьюлар Билан хурсанд килади. Ишларга омад.
Baxil Alihuja
27/09/2021 15:07
Жуда хам яхши мураббий! Термага шундай тренерларни ишга олиш керак, хеч булмаса бош мураббий ёрдамчиси килиб ишга олиш керак эди! Энг мухими лаганбардор эмас, узок муддатли натижага асосланган шартнома тузиб, ишлаш керак эди! Биздаги аксарият мураббийларда жавобгарлик хисси йук.