
Kubok finali oldidan ikkala klub rahbariyati va muxlislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Avvalroq Liga finalni yuqori saviyada tashkil etish masalasida Farg‘ona viloyati mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda kelishib olingan masalalar yuzasidan endilikda "Navbahor" va "Andijon" klubi rahbariyati, shuningdek, muxlislar etakchilari bilan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida "Istiqlol" stadioni sektorlari ikki jamoa uchun qanday ajratilishi, bunda klub rasmiylari, muxlislar harakati qanday bo‘lishi, ularning stadionga qaysi ko‘chalar orqali kelishi va turniketlardan qanday foydalanishi kabi masalalar tushuntirib o‘tildi. Namanganlik va Andijonlik muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida iTicket chiptalarni har ikki viloyat bosh stadionlari kassasi orqali ham sotishni yo‘lga qo‘yadi. Chiptalar elektron sotilmaydi va jonli navbat orqali har bir muxlis maksimum 4 donadan chipta xarid qilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, har ikki jamoaning Farg‘onaga etib kelishi, joylashishi, o‘yinoldi rasmiy tadbirlarda ishtirok etishi, O‘zbekiston kubogi sovrinining Namangan va Andijon shaharlariga yo‘l olishi, futbol muxlislarining u bilan suratga tushishi kabi masalalar kelishib olindi.
Chiptalar savdosi qay tartibda bo‘lishi, faqatgina final bellashuvi uchun OAV hamda rasmiylarga alohida beydjiklar berilishi kabi masalalardagi aniq axborot keyinroq Liga rasmiy saytiga joylashtiriladi.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar