Kuman katta gapirib qo‘ydi, endi buni isbotlash kerak
“Barselona” bosh murabbiyi Ronald Kuman klubning moliyaviy inqirozga botib borayotgani va jamoa ishonchli o‘yin ko‘rsata olmayotganiga qaramay, Ispaniya chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritishiga ishonmoqda.
- Jarohatlangan futbolchilarimiz safga qaytganidan keyin jamoa o‘yinidan qoniqa boshladim. Jarohat doim bo‘ladi va bu borada omadimiz chopmadi. Biz chempionatda g‘olib chiqishga qodirmiz.
Odamlar kelajagim haqida gapirishiga ko‘nikib qoldim. Katta klublarda bu odatiy hol. Bu birinchisi ham, oxirgisi ham emas. O‘tgan mavsumda ham bosh murabbiyni muhokama qilishgan payt bo‘lgan. Klub prezidenti meni qo‘llab-quvvatlab, noxush vaziyatni bartaraf qilgandi. Murabbiy uchrashuvlarda natija qilishi kerak. O‘tgan ishlar haqida gapirishni istamayman.
Bor kuchimni o‘yinimizni rivojlantirishga sarflashim kerak va hissiyotlarga berilmayman. Klub uchun eng yaxshi ishlarni qilish ilinjidaman, - dedi Ronald Kuman.
Ispaniya chempionatida 9-o‘rinda borayotgan “Barselona” bugun o‘z maydonida “Valensiya” bilan kuch sinashadi.

Fikrlar