
Legioner ketdi, bosh murabbiy esa...yoxud "Turon" klubiga oid oxirgi tafsilotlar
Xabaringiz bor, “Turon” klubining moliyalashtirish manbasi o‘zgarmoqda yoki...Bungacha "Turon Eco Cement" klub bosh homiysi sifatida faoliyat olib borgan bo‘lsa, endi vaziyat boshqacha tus olyapti.
Saytimiz orqali kuni kecha xabar berib o‘tganimizdek, u erda rahbariyat o‘rtasida ham yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. "Turon Eco Cement" rasman tark etdi va ayni paytda “Turon” homiysiz qolgan. Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, jamoaga yangi homiy biriktirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston futbol assositsatsiyasi, O‘zbekiston Professional futbol ligasi va Farg‘ona viloyati hokimligi ham klub tarqalib ketmasligi uchun yangi homiy biriktirshish bo‘yicha harakat qilishyapti.
“Turon” jamoasining Qirg‘iziston U-23 termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin futbolchilarga ta’til berildi. Shuni aytish lozimki, barcha o‘yinchilarni amalda shartnomasi mavjudligi sababli rasman hech qaysi biri bilan xayrlashishgani yo‘q. Faqat Dushan Stoilkovichdan tashqari. Boisi, 29 yoshli serbiyalik hujumchi bilan ikki tomonlama shartnoma bekor qilinib, xayrlashilgan. Bu legioner hozirga qadar “Turon” safida 9 ta uchrashuvda maydonga tushganini aytish lozim. Baribir jamoaning boshqa a’zolariga takliflar borligini ham aytib o‘tish darkor.
Bilsangiz kerak, “Turon” yaqinda OFK litsenziyasidan ham muvaffaqiyatli o‘tdi. "Turon Eco Cement" chindan katta e’tibor qaratib, shunga yarasha katta mablag‘ sarfladi. “Turon”da infratuzilma shakllanib ulgurgan. Ayni paytda klub akademiyasida 180 nafar yoshlar bor. Klub bazasida U-21, U-19 jamoalari ham istiqomat qilishadi. Klubda jamoa a’zolaridan hech qanday qarzdorlik yo‘q.
Klubning rossiyalik bosh murabbiyi Denis Bushuev bilan o‘tgan safar gaplashganimizda Toshkentda ketayotgani xususida ma’lum qilgandik. Ayni chog‘da u poytaxtda bo‘lib turibdi va hali rasman “Turon”dan ketgani yo‘q. Shartnoma bekor qilinmagan. Mutaxassis vaziyatni kuzatib turibdi.
Lekin navbatdagi o‘yinga ham tobora oz fursat qolyapti. 24 iyun kuni “Turon”ning Superliga 13-tur doirasida “Qizilqum”ga qarshi o‘yini bor. Agar ungacha homiy biriktirilmasa yaypanliklar o‘yinda ishtirok eta olmaydi. “Turon” hech kimga kerak bo‘lmasa, birov homiylik qilishni istamasa unda bu jamoa faoliyatini to‘xtatadi va tabiiyki, Superligadagi ishtirokini ham yakunlashiga to‘g‘ri keladi. Bu esa o‘zbek futboli imidjiga putur etkazadi. Shunday ekan, vaziyat bungacha etib bormasligiga umid qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar