
Legionerimiz endi ispaniyalik murabbiy bilan ishlaydi!
Rossiya Premer-ligasida bu mavsum ikki nafar futbolchimiz ishtirok etmoqda. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” jamoasini sharafini himoya qilayotgan bo‘lsa, Hojimat Erkinov “Torpedo” jamoasi a’zosi hisoblanadi.
Har ikki jamoa ham yuqori divizion jadvalining pastki qismidan joy olgan. Nijniy novgorodliklar xavfli zonadan olti ochko oldinda va katta ehtimol bilan ligadagi o‘rnini saqlab qoladi.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning ishlari ham chakki emas. U asosiy tarkib o‘yinchisi hisoblanadi. Premer-ligada 18 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi va bir marta jamoadoshlariga golli pas uzatdi. Rossiya kubogi doirasida oltita bahsda maydonga tushib, bitta assist muallifi bo‘ldi.
Moskvaliklarga Premer-ligadagi debyut mavsumi og‘irlik qilyapti. “Torpedo” 20 ta uchrashuvda ikkita g‘alaba va to‘rtta durang qayd etib, 10 ochko bilan so‘nggi pog‘onani egallab turibdi.
Bu mavsum Hojimat Erkinov uchun legioner sifatida birinchisi. Har holda hujumkor yosh o‘yinchimiz kuchli ligada yo‘qolib qolgani yo‘q. “Torpedo”ning 15 ta uchrashuvida qatnashib, bitta golli pas ham oshirdi.
“Torpedo” klubi rahbariyati jamoani yuqori divizionda olib qolish maqsadida chempionat yakunlanishiga o‘n tur qolganida bosh murabbiyni o‘zgartirishga qaror qildi. Shu paytgacha jamoani boshqargan Andrey Talalaev iste’foga chiqarildi.
Jamoa ispaniyalik mutaxassis Jozep Klotetga topshirildi. Bu haqda klub rasmiy sayti e’lon berdi.
“Jozep Klotet — “Torpedo Moskva” futbol klubi bosh murabbiyi! Afsonaviy klubimizda ispaniyalik mutaxassisga omad yor bo‘lishini tilaymiz!”, - deb post qo‘ydi “Torpedo” matbuot xizmati.
45 yoshli Jozep Klotet professional darajada futbol o‘ynamagan. Murabbiylik faoliyatini 2001 yilda boshlagan va Ispaniyaning “Kornelya”, “Figeras”, “Espanol” klublarida 2009 yilgacha ishlagan. Keyin xalqaro faoliyati boshlanib, Shvetsiyaning “Malmyo”, “Xalmstad”, Norvegiyaning “Viking”, Angliyaning “Suonsi Siti”, “Lids Yunayted”, “Oksford Yunayted”, “Birmingem Siti”, Italiyaning “Breshia” va SPAL jamoalari murabbiylar shtabida ishlagan va bosh murabbiylik ham qilgan.
Klotet murabbiylik faoliyati bilan jurnalistika sohasida ham ishlaydi. U Sky Sports telekanalida futbol sharhlovchisi vazifasini bajaradi. Shuningdek, Ispaniyaning mashhur Marca nashrida o‘z blogini yuritadi.
“Torpedo” rahbariyati yangi bosh murabbiy oldiga jamoani quyi ligaga tushib ketishdan qutqarish vazifasini yuklagan. Buning uchun ispaniyalik mutaxassis oldida o‘nta uchrashuv turibdi. “Torpedo” 21-tur o‘yinini 2 aprel kuni o‘tkazadi. Shu kuni Klotet yangi shogirdlarini safar bahsda “Rostov”ga qarshi maydonga olib tushadi.
Shu o‘rinda, “Torpedo”dagi legionerimiz Hojimat Erkinov ayni paytda jarohatini davolatayotganini aytib o‘tish lozim. Aynan mana shu sababli hujumkor futbolchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasining Saudiya Arabistonidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan ozod etilgan edi.
Shomurodov o‘zi bilan zo‘r to‘purar olib keladi!
Fikrlar