Legionerimiz gol urmasdan ham maqsadiga erishish yo‘lini ko‘rsatib qo‘ydi yoxud Aziz Amonov Eron futboli tarixiga kirgani va 9 yil kutilgan chempionlik xususida

  • 21 may, 2022, 23:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Eronning “Istiqlol” klubida to‘p surayotgan hamyurtimiz Aziz Amonov o‘zining faoliyatida ikkinchi bor chempionlikka erishdi. Endi unda Eron chempion degan sharafli nom bor va shu orqali Eron futboli tarixiga kirdi.

Tecno

Aziz legioner sifatida ilk bor oltin medalga ega bo‘ldi. Shubhasiz, futbolchimizning “Istiqlol”dagi debyuti omadli chiqdi. Biz uni muvaffaqiyat bilan tabrikladik va bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik. O‘z navbatida legionerimiz Sports.uz uchun biroz vaqt ajratdi.

"Tabrik uchun rahmat. Chempion bo‘lish har doim yoqimli. Oxirgi marta “Lokomotiv” bilan 2018 yili O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Shuncha vaqtdan keyin yana chempionlik shohsupasiga ko‘tarilish o‘zgacha hissiyotlarni beradi, - dedi Amonov.

aziz3_2

Boya ta’kidlaganimizdek, u ilk bor xorijda legioner sifatida o‘ynashni boshladi va dastlabki urinishadayoq marrani katta oldi.

“Ha, legioner sifatida boshqa davlatda chempion bo‘lish nihoyatda yoqimli. Jamoadoshlarim bilan birga klub tarixidan joy olganimizdan juda xursandman. Klubga kelganimda “Istiqlol” birinchi o‘rinda edi. Maqsad esa tabiiyki chempionlikni qo‘lga kiritishdan iborat. Shuning uchun oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qildik va yakunda Xudoga shukrki, niyatimizga etdik. “Istiqlol” katta klub. Shu sababli hamma vaqt oldiga faqat yuqori maqsadlarni qo‘yishga odatlangan. Bu juda yoqimli. Futbolchi sifatida men ham oldimga faqat yuqori maqsadlarni qo‘yib titullarga erishishni istayman. Mening shartnomamda chempionlik qo‘lga kiritilsa rag‘batlantirish yozib o‘tilgan”.

aziz2_2

Ammo hozircha hamyurtimizda Eron chempionatida gol urish nasib qilgani yo‘q. Adashmasak, Aziz “Istiqlol”da 8 ta uchrashuvda maydonga tushdi.

“Xudo xohlasa, gol urish menga ham nasib qilar. Rostini aytadigan bo‘lsam, bu jamoada yangi pozitsiyada o‘ynayapman. Shunday bo‘lsa ham doim gol urishga va jamoamga yordam berishga harakat qilyapman. Noqulaylik sezilmayapti. Tushkunlikka tushmasdan har bir uchrashuvda gol urishga va jamoamga foyda keltirish imkoniyati bor deb o‘ylayman”, - deydi legionerimiz.

aziz5

Qiziq, Amonovni legioner sifatida gol urmasdan chempion bo‘lgani yaxshimi yoki chempion bo‘la olmasa-da, gollar urgisi kelyaptimi?

“Agar shu tarzda tanlash imkoni bo‘lganida men gol urmay chempion bo‘lishni tanlardim. Chunki chempionlik – bu tarix, bu sovrin. Lekin futbolchi sifatida doim gol urib chempion bo‘lishni xohlayman. Xudo xohlasa, menga ham hali gol urish nasib qiladi”.

aziz4_1

Shuningdek, futbolchimiz ushbu muvaffaqiyatni qanday nishonlashgani haqida ham gapirdi.

“Jamoadoshlarim bilan echinish xonasida xursandchilik qilib, ozgina o‘yin-kulguga berildik va bir-birimizni tabrikladik. Ushbu chempionlikni qo‘lga kiritishimizda “Istiqlol” muxlislarining hissasi ko‘proq. Aynan ularni birinchi bo‘lib tabriklab o‘tishim lozim. Bu katta klub va ajoyib muxlislariga ega. Ular chempionlikni 9 yil kutishdi. Xudo xohlasa, oxirgi uchrashuvda chempionlikni stadionda ishqibozlarimiz bilan birgalikda nishonlaymiz”.

aziz1_3

Bilamizki, Eron chempionatida jismoniy kuchga va yakkakurashlarga ko‘proq tayaniladi. Bizning futbolchida esa asosan texnik tomonlama salohiyati katta. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, Amonov yangi chempionatga moslashishda qiynalmadimi?

“To‘g‘ri, bu chempionatda juda ko‘p yakkakurashlar bo‘ladi. Boshida kelganimda yakkakurashlarda qiynaldim. Hozir esa hammasi joyida. Xudoga shukr, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Mashg‘ulotlarda ham, o‘yinlar paytida ham futbolchilarga yakkakurashlarda engilmaslikka harakat qilyapman. Ammo Eron chempionatida ham texnikasi yuqori bo‘lgan futbolchilar ko‘p. Shuni ham qo‘shimcha qilishim kerakki, O‘zbekiston chempionatini kuzatib kelyapman. Hozirgi kunda o‘zimizda ham jismonan va yakkakurashlarga boy o‘yinlar ko‘p bo‘lyapti. Uchrashuvlar ham bir-biridan qiziq, kim yutishini bilib bo‘lmayapti. Bu ham muxlislarning stadionga qaytishlariga sabab bo‘ladi, degan umiddaman”.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!