Legionerimiz shartnomasini uzaytirdi-yu, lekin chempionati to‘xtatib qo‘yildi

  • 7 yanvar, 2021, 10:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir qator hamyurtlarimiz boshqa chempionatlarda o‘z omadlarini sinab ko‘rmoqda. Tailand Tay-ligasida ham o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyat olib bormoqdalar.

O‘tgan yili “Muangtong Yunayted” safiga ko‘chib o‘tgan Sardor Mirzaev o‘tgan vaqt davomida jamoasida muhim o‘yinchilardan biriga aylana oldi. Birinchi davradan keyin hamyurtimizning jamoasi 16 ta ishtirokchi orasida 22 ochko bilan 7-o‘rinda boryapti. Lekin ayni paytda u erda chempionat yana to‘xtatildi. Bu haqida Sardor Mirzaev sports.uz muxbiriga shunday dedi: 

-  Bizda ikkinchi davra boshlanishi kerak edi. Lekin Tailandda yana koronavirus ko‘payib ketdi. 5 yanvardan yana karantin joriy etildi, magazinlar yopildi. Oxirgi 20 kun ichida 6 mingta kasal chiqdi. Qizig‘i, bunga qadar bir yil davomida 4 mingta kasallik aniqlangandi. Oxirgi paytda kasallik ko‘payib ketgani uchun yana hamma narsa yopildi. Shuning hisobiga chempionat ham bir oyga to‘xtatildi. Aslida mart oyida tugashi  kerak edi. Agar fevralda ruxsat berilsa, o‘sha oyning o‘zida 10 tacha o‘yinda o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi va bu borada biz Angliyaning “boksing dey”idan ham o‘tib ketamiz shekilli. Chempionatda katta-katta shartnomalar bor ekan. Chunki Tailand klublari asosan xususiy.

mirzaev2

2020 yil yakunlangach, Mirzaevning u erdagi keyingi taqdiri qanday kechishi qiziqtirayotgandi. Har holda o‘z klubida o‘yinlari va gollari bilan ancha e’tibor qozondi. Legioner sifatida o‘zini ko‘rsatib kelayotgandi. Shu sababli faoliyatida yana o‘zgarish bo‘ladimi-yo‘qmi, shu masalaga qiziqqanimizda hamyurtimiz vaziyatga oydinlik kiritdi.

-  Shartnomam 1+1 ko‘rinishida tuzilgan. Agarda o‘tgan mavsumda 70 foizdan ko‘proq uchrashuvlarda maydonga tushsam, uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan. Shu bois ular bilan hammasini kelishib oldik va shartnoma uzaytirildi. To‘g‘risi, o‘zimizdan hech kim bilan gaplashmadim. Tailandda yanada yaxshiroq o‘ynab kuchliroq klublarga ketmoqchiman. Avval karantindan chiqib chempionatni tugatib olaylik, qolganini keyin ko‘ramiz. O‘tgan yili umumiy hisobda 16 ta uchrashuvda maydonga tushdim. 6 ta gol urdim va 5 ta assistentlik  qildim. Boshida kelganimda 4 ta o‘yinda o‘ynagach, koronavirus sababli chempionat to‘xtatib qo‘yilgandi. Sentyabrda qayta boshlanganida biroz jarohat qiynadi. Oktyabrdan boshlab to‘liq ikki oy davomida barcha uchrashuvlarda ishtirok etdim. Sport formamni ham tiklab oldim. Birdaniga samaradorlik oshdi va 4 ta golli pas berib, 6 ta gol urdim. Tailand chempionatiga ancha moslashib ketdim.

mirzaev1

Ayni paytda yana karantin joriy etilgani tabiiyki klublarning ham rejalarini o‘zgartirib yuboradi, shu jumladan, legionerlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi turgan gap. U erda mashg‘ulot o‘tkazishga ruxsat bormi yoki aksimi? Bu xususida Mirzaev quyidagilarni ma’lum qildi:

-  Biz uydan kelib bemalol mashg‘ulot qilyapmiz. Har bir tumanlarni yopishgan. Biz legionerlarga stadionga yaqin joydan uy berishgan. Oraliq masofa besh daqiqalik yo‘l. Bu erda mashg‘ulot o‘tkazishga ruxsat berilgan. Klub bizga mashina bergan, shundan foydalanib yuramiz. Ertalab 10 dan kechki 5 gacha shaharda ko‘p narsa ochiq. Kechki 7 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!