
"Lokomotiv" Olmaliqdagi oxirgi 5 uchrashuvdan 3 tasida g‘alaba qozongan
Bugun Superliganing 23-tur doirasida AGMK - "Lokomotiv" uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘yin oldidan "Lokomotiv" matbuot xizmati bellashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan "Lokomotiv" Olmaliqda AGMK mehmoni bo‘ladi. "Loko" 41 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. AGMK hisobida esa 25 ochko mavjud bo‘lib, bu jamoa 9-o‘rinda boryapti.
Safarda ochko to‘plash bo‘yicha "Lokomotiv" 10-o‘rinda. "Temiryo‘lchilar" shu paytgacha mehmonda 10ta o‘yin o‘tkazib, shundan ikkitasida zafar quchishgan, 5 bor durang o‘ynab, 3ta bellashuvda imkoniyat boy berilgan. To‘plar nisbati 9-10. Toshkentliklar safarda 11 ochko to‘plagan.
"Lokomotiv" shu paytgacha safarda "Buxoro" va "Nasaf"ni mag‘lub etib qaytgan hamda "Metallurg", "Surxon", "Bunyodkor", "Qo‘qon-1912", "Qizilqum" jamoalari bilan durang o‘ynagan. "Metallurg"ga qarshi bahs 0:0, qolgan uchrashuvlar esa 1:1 hisobida yakun topgan.
O‘tgan turni o‘z maydonida "Buxoro"ga qarshi o‘tkazgan "Loko" 2:0 hisobida zafar quchdi. Oleg Zoteev bilan Diyor Turopov tomonidan kiritilgan gollar "termiryo‘lchilar"ga navbatdagi uch ochkoni taqdim etdi.
Bilasizmi? "Lokomotiv" Superligada qatorasiga 8 o‘yindan beri yutqazmay kelmoqda.
Bugungi bellashuv AGMK uchun uydagi 12-uchrashuv bo‘ladi. Uyda ochko yig‘ish bo‘yicha olmaliqliklar 8-pog‘onani egallab turishibdi. AGMK uydagi o‘yinlarda 4tadan g‘alaba va durang qayd etib, 3 bor mag‘lub bo‘lgan. To‘plar nisbati 18-13.
AGMK oxirgi ikkita turni g‘alaba bilan yakunladi. Bu jamoa o‘z maydonida "Nasaf" va safarda "Bunyodkor"ni mag‘lub etdi.
Shu o‘rinda Olmaliq shahrida bo‘lib o‘tgan oxirgi beshta o‘yinni yodga olsak:
2018. AGMK - "Lokomotiv" 1:0
2017. AGMK - "Lokomotiv" 1:3
2016. AGMK - "Lokomotiv" 2:5
2015. AGMK - "Lokomotiv" 2:2
2014. AGMK - "Lokomotiv" 0:1
Mehmonda kechgan oxirgi beshta o‘yinning uchtasida "Lokomotiv"ning qo‘li baland kelgan. Bir bor durang qayd etilib, o‘tgan yilgi bahsda poytaxtliklar kichik hisobda imkoniyatni boy bergan. Oxirgi beshta o‘yindagi to‘plar nisbati 11-6, "Loko" foydasiga.
Fikrlar