
"Lokomotiv"da qanday burilish qildi? Termani munosib tayyorlash uchun qaerda yig‘in o‘tkazmoqchi? Jaloliddinovga qanday maslahat berdi? - Timur Kapadzedan o‘ziga xos qarashlar
Timur Kapadze futbolchilikda katta yutuqlarga erishgandi, endi esa u murabbiylikda ham oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ymoqda. Unda bu borada qiziqish va intilish yuqori ekanligini mehnati orqali ko‘rsatyapti. Ayniqsa, bu yil mavsum yarmida qiyin holatda qolgan “Lokomotiv”ni qabul qilib, jamoani oyoqqa turg‘iza oldi. Bunda esa Kapadzening hissasi katta bo‘lganini barcha tan oldi.
Chempionat tugagach, Timur Tohirovich bor e’tiborini O‘zbekiston U-19 terma jamoasiga qaratmoqda. Chunki kelasi yilning mart oyida yurtimizda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Shu bois Kapadze jamoani munosib tayyorlashi juda muhim. Kuni kecha Timur Tohirovich sports.uz muxbiri bilan muloqotga kirishgan holda “Loko”dagi faoliyati, keyingi rejalar, terma jamoadagi ishi va Jasur Jaloliddinov borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“3,5 oy ichida futbolga qarashlarim o‘zgardi”
- Men hali top-darajadagi murabbiy emasman. Shu bois hali ishlashim va o‘sishim kerak. Har bir murabbiy qachon o‘sadi? Qachonki, faol ish jarayonida bo‘lsa. To‘g‘ri, “Lokomotiv”da 3,5 oy ishlagan bo‘lsam, shu vaqt davomida murabbiy sifatida o‘sdim. Har bir o‘yin yangilik va kamchiliklarimizni ko‘rsatib berdi. “Lokomotiv” men uchun begona emasdi. U erda futbolchi sifatida to‘p surib chempion bo‘lganmiz. Jamoa qiyin vaziyatga tushib qolgandi. To‘g‘ri, har bir murabbiy bunday qiyin holatdagi jamoani qabul qilishi mumkin, lekin mas’uliyati katta edi. Klubni jarlikdan olib chiqish oson ish emasdi. Menga taklif qilishgach, avvalo ishonch asosiy o‘ringa chiqdi. Jamoada ish boshlaganimdan so‘ng, futbolchilar bilan yanada yaqindan tanishdim. Vaqt qisqaligi bois yangi o‘yinchilarni qo‘lga kiritishga deyarli ulgurmadik. Natijada tarkibdagi bor o‘yinchilar bilan ishladik. Ish boshlashdan avval “Loko”ning oldingi o‘yinlarini ko‘rib chiqdim. Kamchiliklarning sababini qidirishga tushdim. Birinchidan, bu ruhiy masala bilan bog‘liq edi. O‘yinlar paytida ham futbolchilar o‘ziga ishonmay qolgandi. Futbolchilar bilan birma-bir gaplashdim, kerakli gaplarni topib ularni ruhlantirdim, o‘ziga ishonchni oshirdim. Mashg‘ulotlarda ham ishlash jarayonini biroz o‘zgartirdim. O‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazdik. Bunday uchrashuvlar orqali kamchiliklarni ko‘rib olish mumkin. “Lokomotiv”da ish boshlaganimdan keyin birinchi o‘yinni “Andijon”ga qarshi o‘tkazdik. O‘shanda ular ham xuddi biz kabi vaziyatda edi. Baxtiyor Hamidullaevning bosh murabbiy sifatidagi birinchi o‘yini edi. O‘sha uchrashuvdagi g‘alaba bizga nihoyatda muhim edi. Birgina g‘alaba jamoani ruhiy tomondan yaxshilashi mumkin edi. Esimda, o‘zimiz istagandek o‘ynay olmagan bo‘lsak-da, standartdan gol urib yutib ketgandik. Bu esa bizga ham, futbolchilarga ham o‘zimizga ishonchni uyg‘otdi. Shundan keyin ishlash yanada osonroq kechdi. Natijada o‘yinchilarimizning yuzida tabassum paydo bo‘la boshladi. Undan keyin “Navbahor”ni mag‘lub etdik. Shunday qilib, ochkolar yig‘ishni boshladik. Asosiysi, “Loko”da jamoaviy o‘yinni shakllantirishga harakat qildim. Qachonki, futbolchilar to‘p bilan va to‘psiz bir xil harakat qilib, vaziyatni to‘g‘ri baholay olsa, o‘shanda jamoa ham kuchli bo‘lib boraveradi. Har mashg‘ulotimizni videotasvirga yozdiraman. Keyin uni ko‘rib, nima ustidan ko‘proq ishlayotganimizni va nimalarga e’tibor qilishimizni ko‘ramiz. Men uchun har bir mashg‘ulot xuddi o‘yin kabi bo‘ladi. O‘yinlar va mashg‘ulotlar orqali o‘z ustimizda ishlab boraverdik. Balki individual tomondan yanada kuchliroq o‘yinchilarimiz bo‘lganida bundan ham yaxshiroq natija ko‘rsatishimiz mumkin edi. Shunga qaramay, har bir futbolchi vaziyatni tushundi va shunga qarab ular ham o‘sdi. 13 ta o‘yinda 6 g‘alaba, 5 ta durang va 2 ta mag‘lubiyatga uchradik. 3 ta o‘yinni faqat o‘z maydonimizda, qolganlarini mehmonda o‘tkazdik. Bu ham o‘ziga yarasha qiyin bo‘ldi. Futbolchilarga esa hammasi uchun rahmat aytdim. Bilasizmi, o‘tgan 3,5 oy ichida o‘yinga hamda vaziyatlarga qarashlarim yanada yaxshiroq darajada o‘zgardi. Futbol dinamikasi o‘sib boryapti. O‘yindan-o‘yinga o‘zgarishlar bo‘lyapti.
“Yangi takliflar quruq gap”
- Har bir murabbiy yaxshi ishi va ijobiy natijalari orqali o‘ziga jalb qilishi mumkin. Bundan oldin Qo‘qonda ham ishlagandim. “Lokomotiv”dagi ishim esa yangilik emasdi. Aslida yil boshida “Lokomotiv”ning o‘zidan ham taklif bo‘lgandi. Lekin ularga terma jamoada ishlayotganim, bu barchamizning jamoamizligini, unda qancha yaxshi ishtirok etsak, bu futbolimizning yuzi bo‘lishini aytib, men uchun terma jamoa hamma vaqt birinchi o‘rinda turishini tushuntirdim. Keyinchalik vaziyat o‘zgardi, Osiyo chempionati kelasi yilga qoldirildi. Natijada “Loko” rahbariyati yana bir bor aloqaga chiqib, yil oxirigacha birga ishlash istagini bildirishdi. Hozir ham ular klubda qolishimni istashdi. Lekin har tomonlama “Lokomotiv”ga yordam bera olmasdim. Negaki, kelasi yilning mart oyida Osiyo chempionati bo‘ladi va endi butun e’tiborni shunga qaratish muhim. Bilasizmi, klubda faoliyat olib borganim terma jamoaga ham foydali bo‘ldi. Chunki murabbiy sifatida o‘sdim va endi termaga tayyor “material” bilan kelaman. Yangi takliflarga kelsak, bular faqat quruq gap. Bu haqida gapirishga ham hojat yo‘q. Boya aytganimdek, terma jamoa asosiy o‘rinda. U erdagi yoshlarimiz esa 3-4 yildan keyin milliy jamoada ham asosiy o‘yinchilarga aylanishi mumkin.
“Terma jamoa bilan Antaliyada shug‘ullanamiz”
- Terma jamoamiz bilan 21 dekabrdan yig‘in tashkil qilamiz. “Paxtakor” va “Nasaf”dagi o‘yinchilarimizga bu yig‘inda dam beramiz. Chunki ular Kubokda ishtirok etishgani uchun xordiq bermoqchimiz. Yangi yilgacha bir hafta shug‘ullanamiz. Keyin 3 yanvardan bir hafta davomida Toshkentda mashg‘ulot o‘tkazamiz. So‘ngra tayyorgarlikni Antaliyada davom ettirishni rejalashtiryapmiz. U erda xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazamiz. Shu asnosida fevralning o‘rtalarigacha tayyorlanamiz. Qatar termasi bilan o‘yin o‘tkazishimiz kerak edi. Endi bu o‘rtoqlik uchrashuvi fevral oyiga qoldirildi. Xullas, yanvar va fevral oylarida to‘liq tayyorgarlik ko‘ramiz. Osiyo chempionati boshlanishidan avval esa Avstraliya va Malayziyaga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushamiz. Oldimizda ikki oy bor va munosib tayyorlanishga etarli vaqt. Futbolchilarni yaxshi bilaman, kamchiliklarimizni to‘g‘rilaymiz. Asosiy maqsad esa faqat chempionlik. Biz shunga yarasha har jihatdan munosib tayyorlanishimiz lozim.
“Jaloliddinovga yanvar va fevraldagi yig‘inlarimizda
biz bilan bo‘lishi mumkinligini aytdim”
- Albatta, Jasur Jaloliddinovning holati tashvishga solyapti. O‘zi bilan ham gaplashib turibman. Futbolchi o‘ynamasa baribir bu yaxshi holat hisoblanmaydi. Unga balki Rossiyaga qaytmasdan biz bilan yanvar va fevral oylaridagi yig‘inlarda to‘liq qatnasharsan, seni yanada yaxshiroq tayyorlaymiz, degan fikrni bildirdim. Bilaman, u ijarada edi, “Lokomotiv”ga qaytadi. Kim orqali ketgan bo‘lsa, agentlar bu masala bo‘yicha klubi bilan gaplashishadi. Jasur biz uchun muhim futbolchi. Bu masala hali ochiq turibdi. Barchasini vaqt ko‘rsatadi, - deya so‘zini yakunladi Kapadze.
Fikrlar