
Lutfulla To‘raev: "Bo‘ldi, "Neftchi"da 13-raqamda hech kim o‘ynamaydi" (2-qism)
Bu yildan futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘ygan va murabbiylikda dastlabki qadamlarini qo‘yayotgan Lutfulla To‘raev Sports.uz jurnalistiga intervyu berdi. Kuni kecha uning birinchi qismini havola qilgandik. Bu safar esa suhbatning ikkinchi yakuniy qismini taqdim etamiz.
- Bu yil “Navbahor”, “Neftchi” va “Nasaf”ni asosiy favorit sifatida ko‘rishmoqda. Qanday intriga kutyapsiz hamda jamoangizning imkoniyati borasida nima deya olasiz?
- Yangi murabbiy kelganidan keyin 11-o‘rindan 8-pog‘onada tugatildi. Masalan, o‘tgan yili ham birortasi bizga mana bu o‘rinni olasan deb maqsad qo‘ymagandi. Jamoada uchinchi yil ketyapti va bu safar endi murabbiylar shtabiga qo‘shildim. Baribir viloyat hokimi tomonidan aniq maqsad qo‘yiladi. Chempionatni safardagi uchrashuvda boshlashimiz tufayli hokim bilan uchrashuv bo‘lmay qoldi. O‘ylashimcha, maqsadni bosh murabbiyga etkazadi va keyin futbolchilarga. Barcha yigitlar ham nima uchun bu erga yig‘ilishganini tushunib turishibdi. O‘ylashimcha, bu yil qiziq bo‘ladi. “Nasaf”, “Navbahor”, “Neftchi”, OKMK, “Paxtakor” g‘oliblik uchun kurashadi.
- “Neftchi”ni chempionlikka erishishiga shubhangiz yo‘qmi?
- Bu futbol. Maydon tekis, to‘p dumaloq. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz qo‘limizdan kelganicha maksimal harakat qilamiz. Qolgani Xudodan.
- Favoritlar qatoriga bu yil “Paxtakor”ni qo‘shmayotganlar bisyor...
- Baribir “Paxtakor” kuchli jamoa. Nima bo‘lishidan qa’tiy nazar yaxshi jamoa, nomi bor. Ular ham harakat qiladi. Ko‘plari ketgan bo‘lsa ham iqtidorli futbolchilariga ega. Jiddiy kurashishadi.
- Chempionatimizda sizni pozitsiyangizda o‘ynaydigan futbolchilar orasida eng yoqadigani kim?
- Yaxshi o‘yinchilar bor. “Olimpik”da Abdurauf Bo‘rievni aytishim mumkin. U20 terma jamoamiz a’zosi, “Paxtakor” futbolchisi Asqarov ham bor. Keyin Umarali Rahmonaliev ham o‘rtada o‘ynaydi. Ajoyib futbolchi.
- Sizga hech Evropadan ham taklif bo‘lganmi?
- Bo‘lmaganu, ammo Rossiyaga borishim mumkin edi. Keyin Eronga ham chaqirishgan. 29 yoshimda Malayziyaga ketganman.
- Agar sizda boshqatdan tanlash imkoniyati bo‘lganida nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
- Shunday imkoniyat bo‘lganida men Malayziyaga 25-26 yoshimda ketgan bo‘lardim.
- Sabab?!
- U erda futbol kuchsizroq bo‘lgani bilan futbol atrofidagi tashkilotchilik biznikidan kuchli edi. 2015 yili dekabr oyida Ulug‘bek Mirzaev bilan ukasi Bahodir Mirzaev Malayziyada finalga kelishgan. Stadionda hammasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan, muhitni his qilishgan.
- Bu yil o‘zimizdagi Superligamiz intrigasini qanday baholaysiz?
- Yaxshi bo‘ladi. Masalan, “Bunyodkor”da xorvatiyalik yangi murabbiy ish boshladi. Evropa futbolini olib kirmoqchi va buni o‘yinchilariga singdirsa boshqacha futbol bo‘ladi. “Dinamo” Vadim Abramov boshchiligida raqobatbardosh jamoaga aylanadi. Boshkovich “So‘g‘diyona”da yaxshi natija ko‘rsatishi mumkin. Bu yil o‘tgan yilgidan ham qiziq bo‘ladi.
- Terma jamoamizni Osiyo Kubogidagi ishtirokiga munosabatingiz qanday va jahon chempionatiga qachon chiqamiz, deb o‘ylaysiz?
- Hamma jarohat ko‘p bo‘ldi, deb aytishmoqda. Biroq hammasi o‘z qo‘limizda edi. Penaltilar lotereyasi bu 50x50. Jahon chempionatiga kelsak, xo‘p mundialga chiqdik, ham deylik, keyinchi, 4-5 tadan gol o‘tkazib yana qaytib kelamizmi? Keyingi jahon chempionatiga chiqishga harakat qilamiz, to‘g‘rimi? Nima o‘zgaradi? U erga borgandan keyin munosib ishtirok etish kerakmi? Pastdan, bolalar futbolidan tizimni to‘g‘rilab, olib chiqib borish kerak. Avvalo, akademiyalarni tartibga solish lozim. Tizim hamma joyda bor narsa. Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron singari terma jamoalar o‘zidan-o‘zi jahon chempionatiga chiqib qolishmagan.
- Sizni doim 13-raqamda ko‘rib odatlanganmiz. Lekin ko‘pchilik futbolchilar bu raqamda to‘p surishni yoqtirishmaydi...
- Yoshligimdan 13 ni olib o‘rganib qolganman. Hazillashib, bu raqam hech kimga kerak emas, shuning uchun 13 ni olaman deb aytardim. Irim-sirimlarga ishonmayman.
- Hozir “Neftchi”da kim 13-raqamni oldi?
- Hech kim. Bo‘ldi, “Neftchi”da 13-raqamda hech kim o‘ynamaydi (kuladi), hazil.
- Farg‘onalik ishqibozlar qanday gapingiz bor?
- Ular zo‘r, gap bo‘lishi mumkin emas. Farg‘ona, Andijon va Namangan ishqibozlariga qoyil. O‘yinlarga kelib bizni ruhimizni ko‘tarib, muxlislik qilishsa qo‘limizdan kelganicha ularni xursand etishga harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Lutfulla To‘raev: "Murabbiylikka qadam bosdingizmi, siz o‘zgarishingiz kerak" (1-qism)
Fikrlar