
Mag‘lubiyatlardan charchagan va g‘alabali yurishini boshlagan "Turon"ning qarshisida endi mavsumning syurpriz jamoasi!
Superligada chaqilmas yong‘oq vazifasini bajarib kelayotgan “Surxon” bu turda “Turon”ni qabul qiladi. Yaxshi o‘yin bo‘lishi shubhasiz. Sababini bilsangiz kerak. Termizliklarga hozir ta’rif berib o‘tdik va oxirgi uchta o‘yinning 2 tasida g‘alaba qozonib, 1 tasida durang o‘ynadi. “Surxon” bu endi oldingi “Surxon” emas.
Xo‘sh, uning raqibi “Turon”-chi? Birinchi davrada g‘alaba qozonishni uddalay olmagan jamoa ikkinchi davrani ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshlaganiga nima deysiz? Albatta, vaziyat bunday tus olishining sabablari bisyor. Birinchi davradan keyin jamoadagi moliyaviy holat tufayli murabbiylar va etakchi o‘yinchilar tark etishdi. Ikkinchi davra oldidan Yorqin Nazarov bosh murabbiylikka chaqirildi. Tarkib deyarli yoshartirildi. Yoshlar bilan ishlashni yaxshi biladigan mutaxassis esa hech qanaqa bosimsiz o‘z o‘yinini ko‘rsatish harakatiga tushishdi. Natijada “Buxoro” maydonida 2:3 va Yaypanda “Nasaf”ni 1:0 hisoblarida taslim qilgan holda “Turon” hali “tirik” ekanini isbotlashga tushdilar.
“Surxon” – “Turon” qarama-qarshiligi chindan murosasiz o‘tadi. Tarkib jihatidan bir-biriga o‘xshab ketadi. Yana bir e’tiborga molik tomoni shundaki, “Turon” bosh murabbiyi Yorqin Nazarov “Surxon” klubida faoliyat olib borgan va jamoaning hozirgi holatini, shu darajaga etib kelish jarayonida o‘zi qatnashgan va yaxshi biladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda ham o‘yinning ahamiyati yuqori. Nazarov sobiq jamoasidagi plyus va minuslarini bilgan holda shogirdlarini shunga yarasha tayyorlayotgani tabiiy.
“Surxon” mavsum syurprizi bo‘lsa, “Turon” ikkinchi davraning syurprizi bo‘ladigandek. Shuningdek, jamoalarning o‘zaro o‘yinlar tarixi ham yaqindagina boshlanganiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Jamoalarning ilk to‘qnashuvi 2021 yilning 19 may sanasiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda “Surxon” o‘zining mezbonligidagi bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ikkinchi davrada Yaypandagi bellashuvda tomonlar 1:1 hisobida durangga rozi bo‘lishgan. Jamoalarning uchinchi to‘qnashuvi bu yil mart oyida Yaypanda bo‘lib, yana 1:1 hisobi qayd etildi.
Bugungi uchrashuv jamoalarning to‘rtinchi o‘yiniga aylanadi. Ko‘rib turganingizdek, “Surxon”da bir g‘alaba bor va yana ikkita uchrashuv durang bilan yakun topgan. To‘plar nisbati ham shunga yarasha kichik raqamlarda aks etgan: 3/2 termizliklar foydasiga, hozircha. Ha, “Turon” hali “Surxon”ni mag‘lub etmagan. Lekin bu safar ushbu ishning uddasidan chiqa olsa, ishoning bu ajablanarli bo‘lmaydi. Axir yosh “turon”chilarning “Nasaf”ni mag‘lub eta olganini unutmang. Qolaversa, ikkala jamoa ham ikkinchi davrani mag‘lubiyatsiz boshladilar. Ayniqsa, mag‘lubiyatlardan charchab ketgan “Turon”ning ketma-ket ikkita uchrashuvda g‘alaba qozonib, muxlislariga umid bag‘ishlagani evaziga bu safar ham ushbu yoqimli seriyani davom ettirish ishtiyoqida “yonayotgan”lari shubhasiz.
Yana bir gap: ikkala jamoa hujumkorlikni yoqtiradi. Shuning uchun ochiq futbol ko‘rishimiz ham hech gap emas. Demak, gollar shousi bo‘lib qolsa bundan ajablanmang.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar