Maksim Shatskix: O‘zbekistondan taklif bo‘lsa, o‘ylab ko‘rishga tayyorman

  • 14.08.2020 16:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbek futbolining yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan Maksim Shatskix hozirda Rossiya premer-ligasida “Rotor” klubida bosh murabbiy Aleksandr Xatskevichga yaqindan yordam berib kelmoqda.

Shatskixning ham o‘zbek futboliga oid bildiradigan fikrlari odatda barchamiz uchun qiziqarli tuyuladi. Ammo u kamgap va doim ham matbuotda ko‘rinish berishni xushlayvermaydi. Shunga qaramay, Maksim Aleksandrovich o‘zbekistonlik jurnalistlarning ra’yini qaytarmaslikka harakat qiladi. Ammo hozirda uning ishi rosa ko‘p, chunki Rossiya chempionati boshlangan va “Rotor”da ham ish juda qizg‘in. Vaqti tig‘izligaga qaramay, ayrim savollarga qisqacha javob yo‘lladi.

-  “Rostov”da to‘p surayotgan hamyurtimiz Eldor Shomurodovni kuzatib borayotgandirsiz. Sizningcha, uning gol urmay qo‘ygani nima bilan bog‘liq?

-  Ha, albatta kuzatib boryapman. Lekin shuni unutmaslik joizki, har bir uchrashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qila oladigan hujumchining o‘zi yo‘q. Boz ustiga u kuchli chempionat o‘ynayapti. Shunday ekan, bunday pallada har doim vaqt kerak bo‘ladi.

-  Oxirgi paytlarda o‘zbekistonlik futbolchilar rossiyaliklarning e’tiborini tortmoqda. Masalan, Oston O‘runov “Ufa”dan “Spartak”ka o‘tdi, 18 yoshli Jasur Jaloliddinov esa “Lokomotiv” bilan shartnoma tuzdi. Sizni ham bunday voqeliklar befarq qoldirmayotganiga ishonamiz...

-  To‘g‘ri. Ularni kuzatish qiziqarli. Lekin barchasini shubhasiz vaqt ko‘rsatadi. Yana shuni alohida aytmoqchimanki, bu holat ular uchun ham, O‘zbekiston termasi uchun ham katta plyus.

-  Ayni paytda “Rotor”da ishlayotganingizdan xabardormiz. Ammo yaqinda murabbiylar shtabini klubdan ketishi haqida ham gap-so‘zlar chiqqandi...

-  Klubdagi ishlarimiz joyida, hammasi zo‘r. Faqat gazetalarni kamroq o‘qing!

-  Murabbiylikka jiddiy kirishganingizdan xursandmiz. Vaqti kelib, chempionatimizda ishlash niyatingiz ham bormi?

-  Agar shu masalada takliflar bo‘ladigan bo‘lsa, u holda buni o‘ylab ko‘raman, albatta.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!