
"Manchester Yunayted" Erik ten Hag bilan omadsizlikka uchraydi. Bunga etarlicha sabab bor!
"Qizil iblislar" Pochettino, Enrike, Lopetegi singari murabbiylar orasida yosh niderlandiyalik mutaxassisni tanladi. Nom jihatidan yuqorida nomi keltirilgan murabbiyilar bir qadam oldinda bo‘lishi mumkin, ammo kelajak uchun Erik varianti ideal ko‘rindi. Uning boshqaruvidagi "Ayaks" gollarni qalashtirib tashlayotganiga qaramay, Eredevizi kuchli beshlikka kirmaydi. Aslida, "Manchester Yunayted"ni hozir kim boshqarishi muhim emas, u baribir omadsizlikka uchrayveradi. Klub rahbariyati o‘zgarmas ekan, yaqin 5 yil ichida jamoa postida kim bo‘lishi ahamiyat kasb etmay qoladi. O‘rinli savol tug‘iladi. Nega?
Ser Aleks Fergyussondan so‘ng klub boshqaruvida faqat kuchli murabbiylar ishladi. Shotlandiyalik mutaxassisning izdoshi Devid Moyes, futbol professori Lui van Gal, ismi sovrinlar bilan sinonim bo‘lgan Joze Mourino, xarizmasi bilan hammani lol etgan Sulsher... Ularning har biri jamoaviy o‘yin qura oldi va bir qarashda "Yunayted"ni kuchaytirgandek tuyuldi. Yakunda esa, omadsizlik.
"Qizil iblislar" rahbarlari o‘z xatolarini anglashi va ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi uchun etarli vaqtga ega edi. Afsuski, qilingan xatolardan xulosa chiqarilmadi. Buni oddiy muxlis sezmasligi mumkin, biroq kuchli murabbiylarning birortasi Manchesterga ko‘chib o‘tmasligi rost. Klopp, Gvardiola yoki Nagelsman pulga ko‘mib tashlashsa ham boshqaruv modeli o‘zgarmasa, "Old Trafford"ga kelmasligi fakt!
Keskin fikrlari bilan hech kimni ayamaydigan Lui van Gal vatandoshini mavsum so‘ngida "Tumanli albion"ga borishini eshitgach, shunday fikr bildirdi:
"Afsus, u futbol jamoasida faoliyatini davom ettirishini istagan edim. Erik futbol emas, biznes klubi bilan shartnoma imzolabdi".
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda jamoaning asosiy tarkibini shakllantirish, sifatli transfer, g‘oya asosidagi boshqaruv va boshqa elementlarning yo‘qligi MYuni tobora ingliz grandlaridan saviya borasida ortda qolishiga olib kelmoqda. Jamoa muzeyiga so‘nggi bor Mourino 2017 yilda Evropa ligasi sovrinini tuhfa etgandi.
Van Galning so‘zlarida jon bor. Ed Vudvordning rejalari ish bergani bois, "Manchester Yunayted" katta daromad olishda davom etmoqda. "Old Trafford" egalari natijalar yomonlashayotganiga qaramay, har yili ulkan daromadni qo‘lga kiritishda davom etmoqda. Muxlislar uchun esa, buni umuman qizig‘i yo‘q. Ularga ishonchli futbol ko‘rsatadigan, o‘zi ishtirok etadigan musobaqalarda faqat chempionlik uchun kurash olib boradigan jamoa kerak. Ayniqsa, hamshaharlari fonida bugungi "Yunayted" muammolar o‘chog‘iga tushib qolgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Kardinal o‘zgarishlar qilish uchun "Liverpul"dan qaqshatqich mag‘lubiyat qabul qilib olishni kutish shartmidi? Rahbariyat azaliy raqibidan "tarsaki egach", muxlislarini tinchlantirish maqsadida shoshilinch qaror qabul qildi. Shu tariqa, klub o‘z aktsiyalari narxining jahon bozorida tushib ketmasligini ta’minladi, ammo bu qay darajada to‘g‘ri qaror? Biznes loyiha sifatida bu echim shunchaki super natija berdi. Jamoa o‘yinida-chi? Ten Hag bu - tavakkal qaror. Katta klublarda ishlamagan, yulduzlar bilan elkama-elka turmagan mutaxassis klubdagi to‘polonni qanday bostirishi mumkinligi savol ostida qolmoqda. Shunga qaramay, yaxshi yangiliklar ham yo‘q emas. Erik juda sabrli inson. Uning kelayotganini eshitgach, tarkibda ko‘plab yulduzlar xotirjam bo‘lgani bejiz emas. Niderlandiyalik murabbiy muzokaralar chog‘ida o‘ziga ishonch kreditlari berishni talab qildi. Natijada, tomonlar keyinchalik cho‘zdirish sharti bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekdi. Bunisi muhim emas. Asosiysi, "Manchester Yunayted" o‘z va’dasini qay darajada vafo qiladi? Ten Hagga zo‘r tarkib qoldi, deb bo‘lmaydi. Motivatsiyasiz harakat qiladigan va darajasi "top"dan uzoqlashib ketgan yigitlar! Qo‘shimchasiga, injiqlashib borayotgan 37 yoshli Krishtianu Ronaldu.
Rahbariyat murabbiy nimanidir o‘zgartirishini istasa, uning hamma iltimoslarini qanoatlantirishi shart. Henderson oyoqda de Heyadan yaxshi o‘ynaydimi, demak, u asosiy posbon. Maguayr hujum boshlashda passivmi, demak u sotib yuboriladi! Ronaldu ko‘rpani o‘ziga tortyaptimi, demak, uning ketadigan payti bo‘libdi! Agar futbolchi va murabbiy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelsa, klub Erik tomon bo‘lishi kerak. Futbolga o‘z qarashi bor, juda katta maosh oladigan super yulduzlar qurshovida ten Hagni qo‘llab-quvvatlamaslik, uni yirtqichlar to‘la qafasga qurolsiz kirgizib yuborishdek gap.
Agar MYu "Siti" singari tizimli super klubga aylanishni istasa, endi barcha vakolatni yangi murabbiyga topshirishi kerak. Transferlar, futbolchilarning shartnomalari, yangi keladigan ijrochilar, kim jamoani tark etishi va barcha-barchasi endi Erikning qo‘l ostiga o‘tishi lozim. Huddi bir paytlar Ser Aleks boshqaruvni o‘z qo‘liga olgani singari. Aks holda, klub yana bir iqtidorli murabbiyni "sindirib tashlashi" mumkin!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar