
Mane Saneni nega urgani ma’lum bo‘ldi
Chempionlar ligasi doirasidagi uchrashuvda “Manchester Siti”ga yirik hisobda yutqazgan “Bavariya” hujumchisi Sadio Mane jamoadoshi Leroy Sanega qo‘l ko‘targan edi.
Senegallik yulduzning bu harakati qattiq qoralandi. Jamoadoshlari uni tanqid qildi, klub rahbariyati vaqtincha jamoadan chetlatdi va jarimaga tortdi.
Taniqli jurnalist Mahmud Guye bu futbolchilar o‘rtasidagi ziddiyat sababini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Manbaning ta’kidlashicha, Leroy Sane qora tanli jamoadoshiga nisbatan irqchilik qilgan va buni og‘ir olgan Mane unga qo‘l ko‘targan. Keyinchalik germaniyalik futbolchi aytgan gapidan pushaymon ekanini ma’lum qildi.
Mane 2022 yilda “Liverpul”dan “Bavariya”ga ko‘chib o‘tgandi. Uning amaldagi shartnomasi 2025 yilgacha amal qiladi. Myunxenliklar safida barcha turnirlarda 32 marta maydonga tushgan Sadio o‘z hisobiga 11 ta gol va beshta assist yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar