
Mart va aprel oyida bo‘ladigan professional boks olamidagi super janglar! (Anons)
Joriy yilning bahor oylarida ham professional boks olamida bir qator super janglar bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. Aksariyati, muxlislar diqqat e’tiborida bo‘ladigan qarama-qarshiliklar deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Biz ushbu janglar borasida biroz to‘xtalib o‘tamiz. Ya’ni, mart va aprel oyida bizni kutib turgan ajoyib to‘qnashuvlar bilan tanishtirib o‘tamiz.
25 mart (AQSh, Las-Vegas, MGM Grand, Grand Garden Arena)
David Benavides (AQSh) -Kaleb Plant (AQSh)
Ikkinchi o‘rta vazn (76,2 kg) toifasida WBC vaqtinchalik chempionlik kamari uchun bo‘lib o‘tadi. Umuman olganda, bir-biriga munosib raqiblar deb aytishimiz mumkin. Benvides 26 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan. G‘alabalarining 23 tasini muddatidan avval qo‘lga kiritgan. Plant esa 22 ta g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etgan. O‘sha birgina mag‘lubiyatini Saul Alvaresdan qabul qilib olgan. Xullas, qiziqarli jangni guvohiga aylanamiz.
1 aprel (Buyuk Britaniya, London, O2 Arena,)
Entoni Joshua (Buyuk Britaniya) – Jermeyn Franklin (AQSh)
Ha, Joshua haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tmaymiz. Og‘ir vazn toifasidagi TOP bokschilardan biri, sobiq chempion va uning yurtimizda ko‘plab muxlislari topilishi aniq. 24 ta g‘alaba va 3 mag‘lubiyatli natijaga ega. Ularning ikkisini barchaga ma’lumki, Aleksandr Usikdan qabul qilib olgan. Shuningdek, Endi Ruis ham uni mag‘lubiyatga uchrata olgandi. Franklin ham anchagina iste’dodli bokschi sanaladi. Uning rekordi 21 ta g‘alaba va bir mag‘lubiyatdan iborat. U so‘ngi jangida Dillian Uaytga mag‘lub bo‘lgandi. To‘g‘ri, bu qarama-qarshilikda Joshua yaqqol favorit. Biroq, boksda va ayniqsa, og‘ir vazn toifasida kutilmagan vaziyatlar ro‘y berishi mumkin.
8 aprel ( AQSh, Nyuark, Prudenshal Tsentr)
Shakur Stivenson (AQSh) – Shuichiro Yoshino (Yaponiya)
Engil vazn (61,2 kg) toifasida WBC kamariga rasmiy da’vogarlik maqomini beruvchi jangda ikki mag‘lubiyatsiz odimlayotgan iste’dodlar to‘qnash keladi. Albatta, Stivenson yarim engil (57,2 kg) va ikkinchi yarim engil vazn (59 kg)da ajoyib natijalar qayd etgan. Shundan so‘ng, u vaznini ko‘tardi va asta-sekin ushbu divizionda ham o‘z so‘zini aytmoqchi. Stivenson 19 ta jang o‘tkazgan va yuqorida aytib o‘tganimizdek, barchasida g‘alaba qozongan. 9 marotaba muddatidan avval muvaffaqiyat qozongan. Yoshino esa 14 ta jang 14 ta g‘alaba va 11 bora raqiblarini nokaut bilan mag‘lub etgan. Xullas, yaxshi jang bo‘ladi.
15 aprel (Buyuk Britaniya, London, Kopper Boks Arena)
Jozef Joys (Buyuk Britaniya) – Chjan Chjiley (Xitoy)
Har ikki bokschi o‘zbekistonlik muxlislar uchun juda yaxshi tanish desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki, mazkur bokschilar hamyurtimiz Bahodir Jalolovning ehtimoliy raqiblari deya hisoblasak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Anglaganingizdek bu bahs og‘ir vazn toifasida va vaqtinchalik WBO chempionlik kamari uchun bo‘lib o‘tadi. Joys 12 ta jang va 12 ta g‘alaba, 11 tasini muddatidan avval qo‘lga kiritgan. Xitoy vakili esa 23 ta g‘alaba, 1 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etgan. Nazarimda Chjiley Joysga munosib raqobat ko‘rsata oladi. Yuqorida sanab o‘tgan omillar tufayli, bu qarama-qarshilikka qiziqish yurtimizda ham anchagina yuqori bo‘lishi turgan gap.
22 aprel
Jervonta Devis (AQSh) – Rayan Garsiya (AQSh)
Menimcha ushbu qarama-qarshilikka bo‘lgan qiziqish butunjahonda katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. Ha, har ikkisi engil vazn (61,2 kg) toifasining tom ma’nodagi yulduzlari deb ayta olamiz. Devisda 27 ta jang va barchasida g‘alaba, 25 ta nokaut. Garsiya esa 22 ta g‘alaba va 19 ta nokaut. Ulardan biri ushbu jangda faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olishi mumkin. Xullas, tom ma’nodagi super jang!
29 aprel (Buyuk Britaniya, London, Uembli,)
Aleksandr Usik (Ukraina) – Tayson Fyuri (Buyuk Britaniya)
Mana bu jang ham er sharini ikkiga bo‘luvchi to‘qnashuv bo‘ladi, deb bemalol ayta olamiz. Og‘ir vazn toifasida mutlaq chempionlik (WBC, IBF, WBO, WBA chempionlik kamarlari uchun) uchun bo‘ladigan ushbu bahsga London shahri mezbonlik qiladi. Ha, Usik yana bir britan bokschisiga qarshi chiqadi. Bugunga kelib, Fyuri 33 ta g‘alaba va bir durang qayd etgan. 24 ta g‘alabasini muddatidan avval qo‘lga kiritrgan. Usikda esa 20 ta jang va barchasida g‘alaba,13 bora nokautli muvaffaqiyat bor. Bir so‘z bilan aytganda juda ham shiddatga yo‘g‘rilgan super jangni guvohiga aylanamiz!
Albatta, bir qator yurtdoshlarimizning ham janglari bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Bu haqida esa alohida to‘xtalib o‘tamiz. To‘g‘ri, yana bir qator janglar e’lon qilingan. Biz esa, ular orasida eng katta qiziqishga sabab bo‘layotganlar haqida so‘z yuritdik.
Fikrlar