
Martines: "Reshford istagan paytida o‘yinning borishini o‘zgartirib yubora oladi"
"Manchester Yunayted" himoyachisi Lisandro Martines jamoadoshi Markus Reshford haqida fikr bildirdi.
Avvalroq, MYuning boshqa vakili Kazemiro Markusni maqtab, dunyoning eng yaxshi 5 futbolchisi qatoriga kirishi mumkinligini aytgandi. Martines uning gaplariga qo‘shimcha qildi: "Men Kazemironing fikriga to‘liq qo‘shilaman. U bizning asosiy futbolchimiz. Reshford istagan paytida o‘yinning borishini o‘zgartirib yubora oladi.
U "Manchester Yunayted" sharafini himoya qilish nimani anglatishini yaxshi tushunadi. Shuning uchun uning munosabati o‘zgacha. Markusda sayyoramizning eng kuchlilaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyat bor",-dedi argentinalik himoyachi.
Ma’lumot uchun, 25 yoshli Reshford Jahon chempionatidan so‘ng MYu tarkibida juda sermahsul o‘yin ko‘rsatmoqda. U oxirgi 7 uchrashuvda o‘z hisobiga 5 gol va 2 assistni yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar