
Martinesga Angliyaning to‘p klubidan xaridor chiqdi
Lautaro Martinesga Angliya Premer-ligasining "Arsenal" klubi juda katta qiziqish bildirmoqda.
Xabaringiz bor, Arteta boshchiligidagi "kanonirlar"ning hujum chizig‘idagi bir necha futbolchilari jarohat olib, safdan chiqqan. Bular orasida, Bukayo Saka va Gabriel Martinelli bir oydan ko‘proq vaqtda jamoaga yordam bera olmasa, Jesus mavsum so‘nggiga qadar safdan chiqqan.
"Fichajes" nashrining ma’lumotiga ko‘ra, klub mutasaddilari ushbu yo‘qotishlar sabab yozgi transferlar oynasida yangi hujumchi xarid qilishni maqsad qilib qo‘ygan. Manbaga ko‘ra, "to‘pchilar" hozirgi kunda eng yaxshi variant sifatida "Inter" hujumchisi hisoblangan Martinesni ko‘zlab qo‘ydi. Agarda italiyaliklar futbolchini qo‘yib yubormoqchi bo‘lsa, londonliklar taklif bilan chiqishga tayyor.
Ma’lumot o‘rnida, argentinalik forvard joriy mavsum "nerazzurilar" safida 32 ta bellashuvda ishtirok etib, 15 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 100 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar