
"Mash’al"ning "taktikasi" o‘tmadi. O‘yin atrofi va o‘yin ichida nimalar yuz berdi?
Pro ligada peshqadamlik uchun kurash juda jiddiy kechyapti. Ayniqsa, 1-o‘rin uchun “Andijon” bilan “Turon” o‘rtasida yuz berayotganini barcha ko‘rib turibdi.
Viktor Kumikov jamoasi juda tig‘iz taqvim ostida harakat qilmoqda. “Andijon” 1 hafta ichida 3 ta o‘yinda maydonga tushishi oldindan aniq edi. Bilasiz, 3 sentyabr kuni o‘z maydonida O‘zbekiston Kubogi chorak finalida AGMK bilan o‘ynadi. 7 sentyabrda pro liga doirasida 16-turning qoldirilgan uchrashuvida Muborakda “Mash’al” bilan bellashgan bo‘lsa, endi 10-sanada Buxoroda mezbon – “Buxoro”ga qarshi o‘ynaydi. Ko‘rib turganingizdek, “Burgutlar” qiyin vaziyatda, biroq bundan munosib chiqishga harakat qilayotgani e’tiborga molik.
Bevosita “Mash’al” bilan uchrashuviga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu ayniqsa, mezbonlar uchun katta ahamiyatga ega edi. Negaki, ochkolar bo‘yicha yaqin ta’qibchilaridan ortda qolib ketayotgandi. Shuning uchun Dilyaver Vaniev jamoasiga bu uchrashuvda g‘alaba suv va havodek zarur edi.
Rosti, “Mash’al” bu o‘yinning ahamiyati va undagi g‘alaba qanchalik muhimligini yaxshi bilgan holda o‘yin ichida “o‘yin” ham qilishga urinib ko‘rdi. Jumladan, klub tomonidan o‘yin kuni soat 09:15 da “Mash’al” jamoasi “Andijon”ga qarshi pro liga 16-tur o‘yini oldidan bir qator futbolchilari jarohati va kartochkalari tufayli jamoaga yordam bera olishmaydi”, degan xabar e’lon qilindi. Unga ko‘ra Mikola Agapov, Ravshan Yagudin, Jaloliddin Bahodirov va Saidmahmudxon G‘ulomov jarohati tufayli, Siroj Rahmatullaev esa sariq kartochkalari to‘rttaga etganligi sababli “gazchi”larga yordam bera olmasliklari yozilgandi.
Ushbu xabarning aynan o‘yin kuni ertalab chop etilishi ancha shubhali tuyuldi. Jarohat olgan futbolchlar nega aynan kuni rasmiy tarzda xabar berilgani savollarni keltirib chiqardi. Eng qizig‘i shundaki, uchrashuv boshlanishiga salkam bir soat vaqt qolganida soat 16:06 da “Xushxabar!” deya navbatdagi xabar joylandi. Unda Mikola Agapov, Ravshan Yagudin va Saidmahmudxon G‘ulomovlar jamoamiz shifokorlarining tinimsiz harakatlari tufayli “Andijon”ga qarshi kechadigan uchrashuvda maydonga tushadigan bo‘lishdi”, degan xabar e’lon qilindi.
Hammasi ma’lum: bu “Mash’al” tomonidan o‘yin ichidagi “o‘yin” bo‘lib chiqdi. Bu bilan balki “Andijon”ni biroz bo‘shashtirishni reja qilishgandir. Ammo muborakliklarning “taktikasi” o‘tmadi.
Qizig‘i, “Mash’al” jamoasi oxirgi marta 28 avgust kuni o‘z uyida “Turon”ga qarshi 1:1 hisobida durang o‘ynagandi. “Andijon” esa yuqorida aytganimizdek, juda tig‘iz taqvimda o‘yinlar o‘tkazyapti va bir hafta 3 ta o‘yin belgilangan. Shuni hisobga olsak, muborakliklarda bu uchrashuvga tayyorlanish uchun etarlicha vaqt bo‘lgan. Aniqrog‘i 10 kun davomida “Andijon”ga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rdilar. “Andijon” bo‘lsa, 3 sentyabrda AGMKga qarshi maydonga tushgandi va “Mash’al” bilan o‘yinga tayyorgarlik uchun aytarli hech qancha vaqt qolmagandi. Shunga qaramay, “Burgutlar” Muborak maydonida o‘zi uchun juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Darvoqe, “Mash’al” – “Andijon” o‘yinini kuzatish uchun “Buxoro”dan rasmiylar ham keldi. 10 sentyabr kuni buxoroliklar o‘z uyida “Andijon”ni qabul qiladi. Shu sababli bosh murabbiy Hakim Fuzaylov va jamoa mutasaddilari Muborakdagi “Bahrom Vafoev” nomli stadionda bevosita uchrashuvni tomosha qildilar. O‘ziga xos “ayg‘oqchi” sifatida gavdalangan Fuzaylov bahsni juda sinchkovlik bilan kuzatib borganiga amin bo‘ldik.
Ko‘rgan bo‘lsangiz, uchrashuvda darvozalarga ikkita penalti belgilandi. Ikkinchi taym boshlarida “Mash’al”, so‘ng “Andijon” bu vazifadan foydalandi. Umuman olganda, bosh hakam Ilgiz Tantashev uchrashuvni yaxshi boshqardi. Darvoqe, andijonliklar futbolchisi Suhrob Berdiev ushbu bahsda “Andijon” tarkibida o‘zining ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi va bu golini dadasiga bag‘ishladi.
Fikrlar