Mashhur yulduz oʻziga jamoa sotib oldi va endi unda oʻynaydi
“Barselona” klubi va Braziliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Dani Alves Portugaliyaning “San-Juan-de-Ver” klubi hammuassisiga aylandi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma'lum qildi.
Portugaliyaning uchinchi divizionida ishtirok etuvchi klubni sotib olish bo‘yicha kelishuv tafsilotlari oshkor etilmayapti. Avvalroq ommaviy axborot vositalari Alves ushbu klubni xarid qilganidan keyin yarim yillik shartnoma imzolab, futbolchi sifatida ham maydonga tushishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi.
- Klubimiz tarixida yangi bosqich boshlanmoqda. Bu biz uchun burilish nuqtasidir. Alves jamoamizga g‘alaba ruhi va katta maqsadlarni olib keladi, - deyiladi rasmiy bayonotda.
Dani Alves faoliyati davomida Ispaniyaning “Barselona” va “Sevilya”, Fransiyaning PSJ, Italiyanning “Yuventus”, Braziliyaning “Baiya” va “San-Paulu” klublarida to‘p surgan. U so‘nggi marta 2023 yil 8 yanvar kuni Meksikaning “Pumas” jamoasi safida “Xuares”ga qarshi chempionat o‘yinida (2:1) maydonga tushgan.
Alves futbol tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan o‘yinchilardan biri hisoblanadi va uning hisobida jami 43 ta yutuq bor. Tajribali futbolchi Ispaniya chempionini 6 marta, Fransiya chempionati 2 marta, Italiya chempionati 1 marta g‘olib chiqqan. Shuningdek, 3 marta Chempionlar ligasida, 2 marta UEFA Kubogida, 3 marta UEFA Superkubogida zafar quchgan.
Braziliya terma jamoasi bilan esa 2 marta Konfederatsiyalar Kubogi (2009, 2013), 2 marta Amerika Kubogi (2007, 2019) sohibi bo‘lgan va 2021 yilda Olimpiya chempioni unvonini qo‘lga kiritgan.
2024 yil fevral oyida Dani Alves jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha 4,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ammo 2025 yil mart oyida Kataloniya Oliy sudi (TSJC) uni oqflash to‘g‘risida qaror chiqardi.

Fikrlar