"Mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik, Yaxshiboev sog‘ligi bilan muammosi borligi uchun davolanyapti" - Samvel Babayan

  • 12 noyabr, 2023, 00:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Navbahor” klubi o‘z maydonida “Bunyodkor”ni qabul qildi va javobsiz 3 ta gol urib muxlislarini xursand qildi. O‘yinda keyin “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan bir qator savollarga javob qaytardi.

- Assalomu alaykum! Birinchi navbatda muxlislarimizni tabriklayman. Bu g‘alaba biz uchun muhim edi. Nima uchun muhim? Chunki baribir har qanday holatda ham “Bunyodkor” – bu brend jamoa. To‘g‘ri, hozir bu klub liderlar qatorida emas. Lekin baribir “Bunyodkor”ni brend deb o‘ylayman. Chempionatdagi eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik, deb o‘ylayman. Uchrashuvda klass ko‘rsatdik. Hammaga etakchiligimizni namoyish qila oldik. Muxlislarimiz oldida qarzimiz bor. O‘ylaymanki, chiroyli tarzda bu qarzni ishqibozlarga taqdim qilishimiz kerak. O‘yin sifati emas, o‘yin natijasi bo‘yicha bir qator muammoli holatlar yuzaga keldi. Bugungi uchrashuvda barcha yigitlar nimaga qodir ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yishdi. Stadionga kelib bizni qo‘llab-quvvatlab turganlar hamda televidenie orqali bizga muxlislik qilgan barchani tabriklayman. Qolgan o‘yinlarda ham maksimal natijalarga erishishga harakat qilamiz. Oxirgi uchrashuvlar xuddi finaldagidek o‘tadi, deb o‘ylayman. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Futbolda mo‘’jizalar ham bo‘lib turadi. Asosiy vazifamiz maydonga tushib professonal darajada harakat qilib, natijani qo‘lga kiritish. Ishqibozlarimizga g‘alabali onlarni taqdim qilishimiz shart.

- G‘alaba uchun rahmat. Har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rilganini bilgandik. “Navbahor”ni chempionatda “Olimpik” va OChL doirasida “Al-Hilol” bilan printsipial o‘yini bor. Jamoadan 100 foizli natijaga umid qilsak bo‘ladimi?

- Printsipial raqib deb alohida urg‘u berib o‘tdingiz, bu to‘g‘ri. Biz ham ushbu uchrashuvlarda kerakli natijalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz. Printsipial o‘yin va shunday deb o‘ylasak xursandman. Biroq natija borasida hozirdan biror nima deya olmayman. Chunki raqib qanday jamoa ekanligini barcha yaxshi biladi. O‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmaydi. Kerakli natijaga erishishga maksimal darajada kurashamiz. Albatta, finalgacha borishni orzu qilyapmiz. Biz uchun har bir uchrashuv o‘tkinchi emas, finalga teng.

babayan119

- Mavsum yakunlanmasidanoq nima uchun Jasur Yaxshiboev jamoani tark etdi?

- Jasur Yaxshiboev davolanyapti. Uni sog‘ligi bilan bog‘liq muammosi bor edi. Shu bois u hozir jamoa bilan birga emas.

- Temurxo‘ja Abduholiqov nega maydonga tushmadi?

- Xuddi shunday, Abduholiqovni jarohati bor. Davolanib, tiklanish jarayonini o‘tkazyapti.

- “Navbahor”da qanaqa o‘zgarishlar yuz beradi? Keyingi yilda boshqacharoq bo‘ladimi?

- “Navbahor”ni bugungi kungacha erishgan natijalarini tarixiga qaraydigan bo‘lsak, bu erda Namangan viloyati hokimini katta yordami bor. To‘g‘ri maslahat va ko‘rsatmalari bizni yuqori natijalarga erishishimizga sabab bo‘lyapti. Jamoamizdagi futbolchilar o‘z imkoniyatlaridan yaxshi foydalanyapti, deyishim mumkin. Futbolchilarni kelishi tarixi har xil. Lekin tarkibdagi barcha yigitlar tajribali. Safimizda xalqaro maydonlarda o‘ynagan yigitlar bor. Keyinchalik nima bo‘ladi? Ko‘p narsa rahbariyatga bog‘liq. Viloyatimiz futbol mutasaddilariga bog‘liq deyishim mumkin. “Navbahor” nafaqat Osiyoda, balki dunyoda ham tanilib qoldi. Rejamiz ulkan. “Navbahor” har bir o‘zi ishtirok etadigan musobaqada yuqori o‘rinlar uchun kurashadi. Bizni ambitsiyalarimiz yuqori ko‘rsatkichlarga qaratilgan. Shu bilan birga ishlayotgan har bir insonni maqsadi klubni yuqoriga olib chiqish. Har xil gaplarga ishonmanglar, “Navbahor” faqat oldinga intiladi, g‘alaba uchun maydonga tushadi. Kelajakdagi rejalarimiz ham xuddi shunday.

babayan0_2

- “Navbahor” yo‘qotilgan ochkolardan keyin ma’lum bir xulosalarni chiqardimi?

- Albatta, har bir jamoada xatolar bo‘ladi. Bizda ham xatolar bor. Futbol shunday o‘yinki, unda ham insonlar adashishi mumkin. Maydonda har qanday holat bo‘lishi mumkin. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish juda ahamiyatli. Hatto hakamlar adashyapti-ku. Kim kamroq xato qilsa natijaga erishadi. Bizda ham xato va muammolar yuz berdi. Jarohatlar bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi. Nima ham deymiz, bu futbol. Har bir muammoli o‘yindan keyin tegishli choralarni ko‘rdik. Qiyin holatda ham Eronga bordik va kerakli natijani qo‘lga kiritdik. Bugun ham chempionatdagi eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik. Asosiysi, futbolchilar mas’uliyatni his qilishyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!