
MDH davlatlari orasida eng katta mukofot puli qaysi davlat atletlariga berildi? (Top-10)
Taniqli "Currenttineasie" nashri milliy Olimpiya qo‘mitalari bergan rasmiy ma’lumotlarga suyangan holda, sportchilarga va’da qilingan mukofot pullari miqdorini hisoblab chiqdi. Xo‘sh, ayni damda eng katta mukofot puli va’da qilingan atletlar qaysi davlat sharafini himoya qilmoqda? Ro‘yxat katta bo‘lib ketmasligi uchun MDH davlatlari orasida tanlab olindi.
10 - o‘rin. Rossiya - 54 ming AQSh dollari
Kutilmaganda, ro‘yxatni sayyoramizdagi eng ulkan davlat - Rossiya ochib beradi. Ushbu yurt atletlari uchun mamlakat Olimpiya qo‘mitasi oltin medal uchun 54 ming dollar va’da qilgan. 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga juda katta delegatsiya bilan tashrif buyurgan ruslar yakunda 20 ta oltin, 28 ta kumush va 23 ta bronza medalllarini qo‘lga kiritishdi.
9-o‘rin. Qirg‘iziston - 119 ming AQSh dollari
Qo‘shnilarimiz ro‘yxatimizni 9-pog‘onasini egallab turibdi. Ushbu yurt vakillari ikkita kumush va bitta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
8-o‘rin. Ukraina - 125 ming AQSh dollari
O‘zining havaskor boksdagi yutuqlari bilan ommaga yaxshi tanish bo‘lgan Ukraina vakillari ham turnir davomida yaxshigina pul ishlab olishlari mumkin. Manba bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, ushbu yurt o‘z sportchilariga oltin medal uchun 125 ming dollar va’da qilgan. Ukrainalik sportchilar hisobida Tokio olimpiadasida 1 ta oltin 6 ta kumush va 12 ta bronza medallari mavjud.
7-o‘rin. Belarus - 129 ming AQSh dollari
O‘z atletlariga mukofot va’da qilish bobida Belarus Evropaning eng oldi mamlakatlaridan biri bo‘lib turibdi. Belarus delegatsiyasi 32-Olimpiya o‘yinlarida 1 ta oltin va 3 ta kumush hamda 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
6-o‘rin. Litva - 136 ming AQSh dollari
Kichik mamlakat bo‘lishiga qaramay, Litva ham kattagina delegatsiya bilan Yaponiyaga etib bordi. 4 yillikning eng katta musobaqasida bu davlat vakillari atigi 1 kumush medalga ega chiqdi. Mayli, muhimi ishtirok.
5-o‘rin. Moldova - 166 ming AQSh dollari
Litva singari Moldova ham medallar soni bilan maqtani olmaydi. Garchi, bu davlat olimpiya qo‘mitasi sportchilarni rag‘batlantirish maqsadida, oltin medal uchun katta pul va’da qilgan bo‘lsada, yakunda moldovanlardan biror sportchi oltin va kumush medal qo‘lga kirita olmadi. Faqatgina bir bronza medali ularga nasib etdi.
4-o‘rin. O‘zbekiston - 200 ming AQSh dollari
Rio Olimpiadasi ringlarini "yondirib" tashlagan o‘zbeklar bu gal uchta oltin va 2ta bronza medaliga ega chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ulug‘bek Rashitov taekvondo sport turida barcha raqiblarini engib, mamlakatimizga ilk oltin medalni taqdim etgan bo‘lsa, og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘raev delegatsiyamizga ikkinchi oltin medalni olib berdi. Braziliyada bo‘lib o‘tgan sport bayramida ushbu yurt vakillari umumjamoa hisobida (4 oltin, 2 kumush va 3 bronza medali) 21-o‘rinda yakunlagan edi.
3-o‘rin. Ozarbayjon - 248 ming AQSh dollari
Kuchli uchlikni Ozarbayjon mamlakati ochib beradi. Ular har bir oltin medal uchun o‘z sportchilariga deyarli 250 ming AQSh dollari mukofot puli va’da qilgan. Bu summa Rio Olimpiadasidan beri o‘zgargani yo‘q. 4 yil muqaddam Radik Isaev mamlakat bayrog‘ini baland ko‘tarib yagona oltin medal egasiga aylangan edi. Bu safar biror sportchi eng qiymati baland medalga ega chiqmadi. 3 kumush va 4 bronza medal bilan mazkur mamlakat delegatsiyasi ortga qaytdi
2-o‘rin. Qozog‘iston - 250 ming AQSh dollari
Janubiy Amerikada bo‘lib o‘tgan turnirda umumjamoa hisobida 22-pog‘onani zabt etgan Qozog‘iston bu ro‘yxatda qo‘shnilarini quvib o‘tmoqda. Turnir yakuniga ko‘ra, qozoqlar o‘ta muvaffaqiyatsiz natija ko‘rsatdi, deya olamiz. Garchi, ular hisobida olimpiadaning 8ta medali mavjud bo‘lsada, ularning barchasi bronza hisoblanadi. Hatto, ular Markaziy Osiyo davlatlari orasida Turkmaniston va Qirg‘iziston kabi davlatlardan ortqa qoldi va faqat medal olmagan Tojikiston ulardan ortda.
1-o‘rin. Gruziya - 322 ming AQSh dollari
MDH davlatlari orasida o‘z sportchilari uchun eng katta "gonorar" va’da qilgan Gruziya ekanligidan xabaringiz bormidi? Bundan 4 yil muqaddam, Gruziya umumjamoa hisobida (2 oltin, 1 kumush va 4 bronza) 38-pog‘onani egallagan edi. Yaponiyadagi olimpiadada esa, ular xuddi avvalgidek 2 ta oltin medalga ega chiqishdi. Shuningdek, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalni ham mazkur delegatsiya a’zolariga nasib etdi.
Fikrlar