Menedan Aleksandr-Arnoldgacha. Eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilari top10 ligi

CHERY AUTO

Bir paytlar Jeymi Karrager ajoyib ibora aytgan edi: “Hech kim bolaligida yangi Garri Nevill bo‘lishni istamaydi.”

Tecno

Karragerni tushunsa bo‘ladi, o‘sha vaqtlarda o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasi e’tibor markazida bo‘lmagan. Hozir esa aynan shu pozitsiya zamonaviy futbolda eng muhim nuqtalardan biri hisoblanadi. Bugun biz hozirgi kunning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilari to‘g‘risida suhbatlashamiz.

10.Toma Mene (“PSJ”)

Belgiyalik himoyachi Frantsiya chempionatida bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Undan tashqari yosh futbolchi Kolen Dagba uning pozitsiyasini egallash uchun raqobatga kirishgan. Bu esa Meneni yanada mas’uliyatliroq bo‘lishga undaydi. Tomas Tuxel doimiy jarohat oluvchi sevimli futbolchisini Chempionlar Ligasi uchun asrab qo‘yadi. 28 yoshli Toma raqiblar uchun doimo xavfli futbolchi bo‘lib qolmoqda. Mene “PSJ”ning asosiy yulduzlaridan biri, buni hech kim inkor eta olmaydi.

9.Nelson Semedu (“Barselona”)

Semedu

Nelson Semedu 2017 yil 35 mln evro evaziga “Barselona”ga o‘tgan edi. U hech qanday qiyinchiliksiz asosiy tarkib futolchisiga aylandi. “Barsa” uning tezligi va texnikasini qadrlaydi. Semedu yordamchi hujumchi vazifasini bajaradi. 27 yoshli futbolchi hali ham o‘sishda davom etyapti va ba’zida xatolarga yo‘l qo‘yadi, ammo bu xatolar uning bu ro‘yxatga kirmasligiga asos bo‘la olmaydi.

8.Dani Karvaxal (“Real”)

2018/2019 yilgi, jarohatlarga boy, og‘ir mavsumdan so‘ng ushbu mavsumda maydonga tushgan Karvaxal hech narsa o‘zgarmaganini isbotladi. Dani Karvaxal har doimgidek yuqori formada va 2019/2020 yilgi mavsumda ham 5 ta golli uzatma, 2 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Dani himoyadan tashqari hujumda ham faol. Klubda ham, terma jamoada ham muhim futbolchi hisoblanadigan Karvaxal eng universal himoyachilardan biridir.

7.Benjamen Pavar (“Bavariya”)

Jahon Chempioni unvoni sohibi Benjamen Pavar 7 o‘rinni band etib turibdi. 2018 yilda “Bavariya”ga o‘tgan futbolchi, 2 yil mobaynida jamoaning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi. To‘p bilan muomalasi, himoyada aqlli o‘yin ko‘rsatishi, hujumda faol bo‘lishi Pavarning eng muhim xususiyatlaridan hisoblanadi. Ko‘pchilik uni mundialdagi Argentinaga urgan goli bilan eslab qolgan.

6.Rikardu Pereyra (“Lester”)

“Lester” Pereyrani 22 mln evroga xarid qilganda ko‘pchilik hayron bo‘lgandi. Bu futbolchi o‘zi kim va nega buncha qimmat? Ammo “tulkilar” bu transferda adashmaganligini isbotladi. 22 yoshli futbolchi to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha APLda etakchi, undan tashqari hujumda ham faol.

5.Ashraf Hakimi (“Borussiya Dortmund”)

Hakimi

Ashraf Hakimini 21 yoshda ekanligiga hech kim ishonmaydi. Uning maydondagi harakatlari juda ko‘p yillik tajribaga ega futbolchilarni eslatib yuboradi. Marokashlik futbolchi ushbu mavsumda chap qanot himoyasida ham o‘ynab ko‘rdi. U juda tezkor futbolchi. Germaniyadagi faoliyati davomida 14 ta golli uzatma va 5 ta gol muallifi hisoblanadi. Ashraf tez orada “Real”ga qaytadi va biz bu tezkor futbolchining o‘yinlaridan yana bahramand bo‘lishda davom etamiz.

4.Kayl Uoker (“Manchester Siti”)

Kayl Uoker “Manchester Siti”ning eng stabil futbolchilaridan biri.  U o‘zidan talab qilinadigan barcha sifatlarga ega. Uoker tezkor, kuchli, intizomli va aqlli. 2017 yil “shaharliklar” safiga o‘tganda dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylangandi. Kayl bunga arziydi. Uoker 130 o‘yinda 12 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

3.Aaron Van-Bissaka (“Manchester Yunayted”)

“Arsenal” afsonasi artin Kioun Van-Bissakani yakkama-yakka kurashlarda eng kuchli himoyachi deb atadi. Aaron Manchester derbisida Rahim Sterlingga munosib qarshilik ko‘rsatgach, bu fikrni inkor etuvchilar kamaydi.

“Manchester Yunayted”ga 45 mln evro evaziga o‘tgan futbolchi o‘ziga sarflangan pullarni oqlashda davom etyapti.

2.Joshua Kimmix (“Bavariya”)

Agarda yarim himoya pozitsiyasida ham ko‘rinish berib turmaganda Kimmixni shubhasiz eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisi deb atardik. Ammo u o‘z kumiri Filipp Lam singari nafaqat himoyada, balki yarim himoyada ham to‘p suryapti.

Hujumda ham faol bo‘lgan Kimmix “Bavariya” safidagi 200 ga yaqin o‘yinida 21 ta gol urgan va 48 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Bir so‘z bilan aytganda Kimmix “zamonaviy Lam” hisoblanadi.

1.Trent Aleksander-Arnold (“Liverpul”)

 Hech kim “Liverpul”ga o‘ng qanot himoyachisi zarur deb hisoblamasdi. Ammo Kloppning erishgan yutuqlarida Aleksander-Arnoldning xizmatlari beqiyos. Trent Aleksander-Arnold 21 yosh bo‘lishiga qaramasdan Evropada eng stabil va foydali futbolchilardan biri hisoblanadi. Trent Aleksander 12 ta golli uzatma bilan APLda Kevin De Bryuynedan so‘ng ikkinchi o‘rinda bormoqda. O‘tgan mavsumda “Barselona”ga qarshi o‘yinda burchakdan to‘pni qoyilmaqom tarzda uzatishi ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!