
Messi o‘zbeklar gol urgan stadionda o‘ynaydi
MLS chempionatining navbatdagi turida Lionel Messi etakchiligidagi “Inter Mayami” jamoasi “Atlanta Yunayted” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Toshkent vaqti bilan 16 sentyabrdan 17 sentyabrga o‘tar kechasi bo‘ladigan ushbu uchrashuvga Atlanta shahridagi “Mersedes Bents” arenasi mezbonlik qiladi.
Bu mahobatli sport inshooti 2017 yili foydalanishga topshirilgan. Stadion amerikacha futbol bo‘yicha “Atlanta Felkons” hamda futbol bo‘yicha “Atlanta Yunayted” jamoalarining uy o‘yingohi hisoblanadi.
“Mercedes-Bents” stadioni futbol payti 42 500, amerikacha futbolga mezbonlik qilsa, 71 000 dan ortiq muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Bu stadion o‘zbekistonlik futbol muxlislariga yaxshi tanish. Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu arenada Meksika milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi.
Gollarga boy bo‘lgan bahsda 3:3 hisobi qayd etildi.
Bobur Abduxoliqov, Azizbek Turg‘unboev va Otabek Shukurov gol urgan maydonda endi Lionel Messi mahorat ko‘rsatish uchun keladi.
Fikrlar