
"Metallurg" Namanganda faqat bir marta yutgan. "Navbahor" uchun qulay raqibmi?
Coca Cola Superliga 24-turi doirasida “Navbahor” o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” klubini qabul qiladi.
Mazkur jamoalar Superligada shu kungacha 49 marotaba o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. O‘tkazilgan o‘yinlarning 21 tasida “lochinlar” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 13 ta uchrashuvda bekobodliklar zafar quchgan, 15 ta bahsda durangga imzo chekilgan.
To‘plar nisbatidagi ustunlik “Navbahor” tomonida - 72:51.
O‘zaro o‘yinlarda namanganliklar 78 ochko, bekobodliklar esa 54 ochkoni qo‘lga kiritgan.
Namanganda shu kunga qadar o‘tkazilgan uchrashuvlarda “Navbahor” “Metallurg”ga deyarli imkoniyat bermagan. O‘tkazilgan 24 ta o‘yinning 17 tasida “lochinlar” g‘alaba qozongan, 6 ta bahsda durang qayd etilgan. Faqatgina 1 marta, ya’ni 2016 yili bekobodliklar zafar quchgan.
“Navbahor” o‘z maydonidagi o‘yinlarda “Metallurg” darvozasiga 47 ta gol urib, o‘z darvozasidan 12 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
Ushbu klublarning 1-davrada Bekobodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida jangovar durang – 2:2 hisobi qayd etilgandi.
“Metallurg”ning gollariga Damir Temirov va Shohzodbek G‘ofurbekov mualliflik qilgan bo‘lsa, “Navbahor”dan to‘pni Mirzohid G‘ofurov kiritgan, shuningdek, Kamoliddin Tojiev avtogol qayd etgandi.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Metallurg” bahsi 5 noyabr kuni Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda soat 18:15 da start oladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar