"Metallurg" ustozining rejasi o‘zgardi. Klub etakchilari nega ketayotgani ma’lum yoxud Luisma Ernandes jamoasida qanday o‘zgarishlar bo‘layotgani xususida nima dedi?

  • 21 iyul, 2022, 12:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” jamoasi ham ayni chog‘da Superligadagi boshqa ishtirokchilar qatori ikkinchi davra uchun tayyorgarligini davom ettiryapti.

Ispaniyalik bosh murabbiy Luisma Ernandes o‘zining ishlab chiqqan rejasi asosida jamoasini ikkinchi davra uchrashuvlariga tayyorlab boryapti. Albatta, tarkibda ham o‘zgarishlar yo‘q emas. Klubni tark etayotganlar va yangi qo‘shilayotganlar bor. Reja bo‘yicha bekobodliklar navbatdagi o‘yinini 23 iyul kuni safarda Tojikistonning “Xo‘jand” klubiga qarshi o‘tkazadi.

Kecha bekobodliklar pro liga etakchilaridan biri “Andijon”ga qarshi maydonga tushishdi va 4:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Uchrashuvdan keyin Luisma Ernandes Sports.uz muxbirining ayrim savollariga javob qaytardi.  

- O‘yin qanday taassurot qoldirdi va mazkur uchrashuvdan o‘zingiz uchun nima oldingiz?

- Birinchi navbatda o‘z jamoam to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, hozirgi kunda tarkibimizda yangi yosh o‘yinchilar bor. O‘shalarni bugungi bellashuvda sinab ko‘rdik. Ularga ishonch bildirgandik va o‘ylashimcha, ishonchni oqlashdi. Keyingi rejalarimiz Superligada yuqori o‘rinlardan birini egallash. Endi bevosita “Andijon”ga to‘xtalsak, bu raqib pro ligada eng yaxshi jamoalardan biri. Bizga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi.

luisma5

- Umuman olganda, “Metallurg”ning ikkinchi davraga tayyorgarligi qanday ketyapti? Barchasi siz o‘ylagandekmi, rejalar amalga oshyaptimi?

- O‘tkazayotgan yig‘inimizdan mamnunman, bu borada qoniqish hosil qilayotganimni ayta olaman. Tayyorgarlik ishlarimizning barchasi reja asosida davom etyapti. Baribir bizga yana bir-ikkita o‘yinchilar zarur bo‘lyapti. Hafta oxirigacha ayrim pozitsiyalarga kerak bo‘lgan futbolchilar masalasi hal bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman. Maqsadimiz yuqorida aytganimdek, tayyorgarlikni kuchaytirib, turnir jadvalida yuqori pog‘onalardan birini egallash.

luisma1

- Yaqinda jamoa etakchilari – Salomat Quttiboev, Fozil Musaev va Islom Isoqjonov klubni tark etishdi. Ular nima sababdan ketishdi? Jamoa uchun katta yo‘qotish hisoblanmaydimi?

- Umuman olganda, ularning ketishi klub hamda bosh murabbiyning qarori bilan bog‘liq bo‘ldi. Ikkinchi davrada jamoani biroz yoshartirgan holda o‘ynatishni lozim topdik. Ushbu futbolchilarni klubimiz uchun qilgan xizmatlariga minnatdorchilik bildiramiz. Shu bois yuqoridagi futbolchilar bilan do‘stona xayrlashdik.

luisma6

- Jamoangizning birinchi davradagi ishtirokidan qanday xulosalar chiqardingiz?

- Birinchi davrada o‘yinlarimizni kuzatgan bo‘lsangiz, “Metallurg” himoyada juda tartibli o‘yin namoyish etdi. Faqatgina bizda gol urish borasida oqsoqlik kuzatildi. Shuning uchun statistikaga qaraydigan bo‘lsak, g‘alabaga nisbatan bizda duranglar ko‘proq bo‘ldi. Lekin o‘sha durang o‘ynagan o‘yinlarimizning aksariyatida yutishga yaxshi imkoniyatimiz bor edi.

luisma2

- Ko‘rib turibmizki, tarkibda Sanjar Rashidov bilan Bobur Farhodov shug‘ullanyapti. Ular klubda qolishdimi?

- Bu borada qarorni sal keyinroq qabul qilamiz. Hozircha unga imkoniyat beryapmiz. Bizni jamoamizga qo‘shilib, mashg‘ulotlarni boshladi. Mana, “Andijon”ga qarshi uchrashuvda ham maydonga tushirdik. Bobur Farhodov bo‘yicha ham xuddi shu fikrni aytishim mumkin.

luisma3

- Endi ikkinchi davrada jamoangizdan maksimal nima kutyapsiz?

- Asosiy maqsadimiz ko‘proq g‘alaba qozonish. Turnir jadvalida o‘rta pog‘onidan yuqoriga ko‘tarilish. Iloji boricha yoshroq tarkib bilan jamoani kuchaytirishga harakat qilamiz.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!