Mikael Sekeyra: "Ramazon oyida 9 kun ichida 3ta o‘yin o‘tkazish, ustiga ustak 16:30da – juda qiyin"

  • 24 aprel, 2021, 21:23
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogining 2-turi doirasida “Turon” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin, “Lokomotiv” bosh murabbiyi Mikael Sekeyra o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Tecno

– O‘yinni yaxshi boshlay olmadik. Startda o‘zimizni ko‘rsata olmadik. Dastlabki 15 daqiqalikdan keyin o‘zimizga keldik va o‘yinimiz ochilib ketdi. Bugun o‘yin uslubimizni biroz o‘zgartirdik. Maqsadimiz – Temurxo‘ja Abduxoliqov hamda Marat Bikmaevni yonma-yon o‘ynatish edi. Ular biz mo‘ljallagan pressingni uyushtirishi talab qilingandi. Raqiblar hujumda yaxshi o‘yin ko‘rsata olmagani sababli, himoyada to‘pni oldinga tepib yuboraverishdi.

Tanaffusda o‘yinni o‘zgartirish uchun futbolchilarga kerakli ko‘rsatmalarni berdik. Shuningdek, zaxiradan tushirilgan futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsata oldi. Biroq uchrashuv juda og‘ir o‘tdi. “Turon” ham yaxshi jamoa. Bugungi maqsad – g‘alaba bo‘lgandi. To‘g‘ri, bundan-da yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishimiz mumkin edi. Ammo kerakli bo‘lgan natijani qo‘lga kiritish uchun harakat qildik. Bugungi g‘alabamiz adolatli bo‘ldi.

Uchrashuv yakuniga 20 daqiqa qolganida 10 kishi bo‘lib qoldik. Ro‘za oyida raqibdan bir kishi kam bo‘lib o‘ynash oson emas. Shunday bo‘lsa-da, futbolchilar intilishdi va xarakter ko‘rsatdi. Shu orqali ular o‘zlari istagan natijaga erisha olishlarini namoyon qilishdi va so‘nggi daqiqalarda gol urishdi. Bu juda qiyin, doim ham o‘xshayvermaydi. Yana bir bor “Lokomotiv” futbolchilarini tabriklayman. Shuningdek, bu g‘alaba shu erda ishlaydigan barchaga, muxlislarga ham bag‘ishlanadi. Futbolchilar esa fantastik o‘yin namoyish qilib berishdi.

Ramazon oyida 9 kun ichida 3ta o‘yin o‘tkazish, ustiga ustak 16:30da – juda qiyin. Nukusda ham issiq havo bo‘ladi. 3 kundan keyin u erda o‘yin o‘ynaymiz. U erda ham yutishga harakat qilamiz. Biroq oson bo‘lmaydi. Oson o‘yinning o‘zi yo‘q. U erda maydon sun’iy. Biroq har bir futbolchimga ishonaman. Kim maydonga tushadigan bo‘lsa, o‘zining maksimal kuchini namoyish qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!