Mikel Arteta APLdan o‘yin qaydnomasini kengaytirishni so‘radi
"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta nima uchun Angliya Premier-ligasidan o‘yin uchun qaydnomani kengaytirishni so‘rayotganini izohladi.
— Bizning kasbimiz o‘ziga xos: biz insonlar hayotini, faoliyatini o‘zgartira olamiz va bu ajoyib. Lekin har hafta kimgadir ertaga ishsiz qolishini, hatto jamoa bilan o‘yinga bora olmasligini aytishga to‘g‘ri keladi. Aytingchi, yana qaysi kasbda bunday holat bor?
Men ertaga oshxonaga kirib, ikki oshpazga: "Bugun sizlar taom tayyorlamaysiz, faqat boshqalarni tomosha qilib turing yoki uyga keta qoling", deb ayta olmayman. Bu og‘riqli.
Agar kimdir jarayonning bir qismi bo‘lishni istasa, u biz bilan birga bo‘lishi kerak. Safarlarga chiqishi, jamoa bilan yashashi, o‘zini imkoniyat bor deb his qilishi lozim. Agar sen uni qaydnomadan chetlatsang, u o‘zini yetarlicha yaxshi emasdek his qiladi. Chunki qaroring aniq: uning ko‘z o‘ngida yana 20 nafar futbolchini tanlayapsan. Bu esa meni tashvishga soladi.
Qaydnomani cheklashdan katta maʼno yo‘q. Uni kengaytirishimiz va barchani o‘yning bir qismiga aylantirishimiz kerak. Keyin esa o‘yin jarayonidan kelib chiqib to‘g‘ri tanlov qilamiz. O‘yin vaqtini, psixologik va hissiy jihatlarni yaxshiroq boshqara olamiz. Bundan hamma yutadi, — dedi "Arsenal' bosh murabbiyi.
Fikrlar