Mirjalol Qosimov: "Ochko‘zlik qilib o‘zi gol urmoqchi bo‘ldi"

  • 27 may, 2024, 00:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 9-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – OKMK (1:0) uchrashuvidan keyin mehmonlar ustozi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

Tecno

- “Neftchi”ni g‘alaba bilan tabriklaymiz. Futbolning bezagi bo‘ldi. Muxlislar rohatlanishdi. Kurashlarga boy bo‘ldi, ikkala jamoa maydonga g‘alaba uchun chiqishgandi. Chiroyli o‘yin guvohi bo‘lishdi. Og‘ir o‘yin bo‘lishini bilgandik. Yutqazishni ham bilish kerak. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Yoshlikda futbol o‘ynagan paytingizda raqiblar Qosimovga jarima zarbasini bermanglar, aks holda gol uradi, degan gaplarni eshitganmiz. Masalan, Jasur Jaloliddinovga shunday imkoniyat berilsa u 80 foizida gol uradi. Sizda ham shogirdlaringizga Jasurga jarima zarbasini tepishga imkon bermanglar yoki jarima maydoni atrofida yiqitmanglar, degan ko‘rsatmalar bo‘ladimi?

- Albatta, busiz iloji yo‘q. Mashg‘ulotlarda, tegishli ko‘rsatmalar paytida albatta aytiladi. Bu erdan turib gapirish oson. Himoyalanish bor, himoyadan qarshi hujumga o‘tish va keyin yana himoyalanish kerak bo‘ladi. Bu to‘g‘risida darvozabonlarni murabbiysi ham bor, ular ham ta’kidlashadi. Hamma juda yaxshi biladi. Menimcha, u Olmaliqda ham gol urgandi. Hozir echinish xonasida ham aytdim, gol urilishidan 3-4 daqiqa oldin bizda juda qulay imkoniyat bo‘lgandi, to‘g‘rimi? Nodir to‘pni qizg‘onmasdan oshirganida Xurshid birga-bir chiqib gol urib ketishi mumkin edi. Futbol shunaqa. Bitta epizod o‘zgartirib yuboradi. O‘sha paytda to‘pni sherigiga uzatganida Xudo biladi gol urarmidi-yo‘qmi, ammo u to‘g‘ri harakat qilgan bo‘lardi. Ochko‘zlik qilib o‘zi gol urmoqchi bo‘ldi. Futbol jamoaviy o‘yin. Bunday qilish yaxshi emas, buni echinish xonasida ham aytdim. Oxir-oqibat bizga jarima zarbasi belgilandi.

- Jarima zarbalaridan gol urilganida darvozabonlarning necha foiz aybi bor?

- Oldin aytishardiku, darvozabon yarim jamoa. Agar darvozabon jamoani qutqarmasa qiyin. O‘zinglar ham Evropa, Osiyo futbolini ko‘rasizlar. Darvozabonlarda mas’uliyat katta. Qancha ko‘p qutqarsa jamoa shuncha ko‘p yutadi. Shu bois darvozabon yarim jamoa deb bekorga aytilmagan.

- 90 daqiqa teng kurashdagi o‘yin bo‘ldi...

- Durang bo‘lsa adolatli bo‘lardi. Nasib qilganida...

- OKMK 90 daqiqa davomida “Neftchi”ga hech qaysi jabhada yutqazmadi. Aytmoqchimanki, jamoaga nimadir etishmadi. Bunga siz nima deysiz?

- Hozir bir narsa deyish qiyin. Aytdimku, qiyin bo‘lishini bilgandik. Qolaversa, mehmonda “Neftchi”ga qarshi o‘ynash ham oson emas. Har bir epizod ostin-ustun qilib yuborishi mumkin. 90 daqiqa ichida yarimta vaziyat bo‘lishi mumkin. O‘shani golga aylantira olinsa unda boshqa bo‘ladi. Ikkinchi bo‘limda yaqqol vaziyatimiz bo‘ldi. Keyin ustunga tegib chiqib ketdi. Qanotdan oshirilgan to‘pga Ruxadze ozgina eta olmadi. Sardor bungacha boshi bilan uchta gol urgan bo‘lsa, bu safar o‘xshamadi. Bunaqangi uchrashuvlarda kurashga boy bo‘lgan, maydonning har bir qarich erida kurash bo‘lganida imkoniyatlarni ham ko‘p yarata olmaysan. Echinish xonasida futbolchilarga minnatdorchilik bildirdim. Menimcha, stadionga kelgan muxlislar maza qilib ketishdi. Bu narsa tarixga o‘tdi. Hayotda hamma narsani yutib bo‘lmaydi, lekin to‘g‘ri xulosa chiqarib, keyingi uchrashuvga tayorlanish lozim. Boshni baland ko‘tarish va xulosa chiqarish kerak, shu xolos.

- O‘lmasalievga bugun extiyoj bo‘lmadimi yoki jarohati bormi?

- Ahmadalievda ham jarohati bor. Hali ular tayyor emas. Tayyor bo‘lmay turib maydonga tushirsak yana qaytalanib qolsa...Bitta o‘yin sabr qilsak, masalan 10 ta o‘yinda yordam beradi. Tushunaman, agar oxirgi uchrashuv bo‘lganida muammo yo‘q edi, keyin ta’tilga chiqib davolansa bo‘laverardi. Maydonga tayyor bo‘lganlari tushishdi.

- “Neftchi” bilan o‘yingacha OKMK 3-o‘rinda edi. Aksariyat muxlislar jamoangizdagi o‘yinchilarni tanimaydilar. Nomi chiqmagan futbolchilar. Shular bilan 3-o‘rindasiz. Shu darajaga chiqish uchun yigitlarni ruhan tayyorlash kerakmi?

- Nafaqat ruhan, balki jismonan ham. Futbolni o‘zini madaniyati bo‘ladi. Qaerdadir o‘tkazish kerak, keyin seni o‘tkazishadi. Sport printsipi bor, kurashish. Shundan to‘g‘ri xulosa chiqarib davom ettirilsa natija ham vaqti soati bilan keladi. Biz ishqibozlar uchun o‘ynaymiz. Har doim aytganman: stadionga bir muxlis kelsa ham mamnun bo‘lib ketishi kerak. Qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar har doim yuqori natijaga intilamiz. Nomi bormi-yo‘qmi, kurashlar orqali maydonda hal bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!