
Mirjalol Qosimov: "OKMK bir ochko ishladimi yoki ikki ochko yo‘qotdimi? Birinchi o‘ringa chiqib oldik!"
Superliganing 10-turini yakunlab bergan OKMK – “Neftchi” bahsida 2:2 hisobi qayd etildi. Bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Qiziqarli o‘yin guvohi bo‘ldik. Biz uchun ham, “Neftchi” jamoasi uchun ham muhim o‘yin edi. Ikkita yaxshi jamoa uchrashdi. “Neftchi”ni salohiyatini bilamiz. Malakali futbolchilar yig‘ilishgan. Qiziqarli o‘yin bo‘lishini bilgandik. Oxir-oqibat murosasiz durang natija bo‘ldi. Futbol shunisi bilan qiziq: yutishimiz ham, yutqazishimiz ham mumkin edi. Hozir echinish xonasida aytdim, darvozabon qutqarmasa qiyin. Uni ham ayblamoqchi emasman. Lekin o‘zimizni xatolar tufayli bo‘ldi. Birinchisida Aziz o‘rtada to‘pni yo‘qotmasligi kerak edi. O‘yin ko‘rsatib turgandiki, “Neftchi” ikkinchi raqamda o‘ynab, qarshi hujumlarda bizni jazolamoqchi edi. Buni uddalashdi. O‘zimiz imkoniyat yaratib berdik. Endi keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish kerak.
- O‘zingiz ham ta’kidlab o‘tdingiz, tan olish kerak, darvozabon xato qildi. Chempionlik uchun kurashayotgan OKMKda ikkinchi darvozabon bo‘yicha muammo borligi ko‘rinib qoldi. Ilyosov yo‘q. Avvalgi bahsda ham darvozabon zaxiraga olingandi, bugun ham shunday bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, ikkinchi davrada yangi darvozabon olinadimi?
- Bizni paytda ikkinchi darvozabon 30 yosh bo‘lardi. Asosiy tarkibga tusha olmasdi. Hozir esa talabinglarga binoan yoshlarga imkoniyat beryapmiz. Barqarorlik yo‘q. Qaerdadir o‘zinglarni ham aybinglar bor. Hayot qiziqda, aytishinglar mumkin, sizlarni payt boshqa edi, deb. Lekin futbol o‘sha-ku! Aybsiz Parvardigor. Shuning uchun ham bittasiga – darvozabonga ayb qo‘yish noto‘g‘ri. Hujum boshlanishidan kimdir xato qildi, to‘g‘rimi?
- Baribir darvozabonni xatosi bo‘ldi.
- Bu sizlarni fikringlar. Men qo‘shilmayman. Aytyapman-ku, o‘rtada Azizni xatosi bo‘ldi. Ungacha qancha masofa bosib o‘tildi? Ha, darvozabon qutqarish kerak. Nafaqat darvozabon, bunga hamma mas’ul bo‘lishi kerak. Baribir yosh bo‘lganidan keyin ko‘p xato qiladi. Tajriba olishi uchun yillar kerak. Ana o‘shanda xulosa chiqarib, xatolar ustida ishlaydi. Oldin aytganimdek, biz paytda 30 yoshda ikkinchi darvozabon bo‘lib o‘tirardi. Vunderking juda ham kam. Masalan, Akinfeev TsSKAda o‘ynayapti. Bundaylar kam bo‘ladi.
- Zaxiradan maydonga tushgan darvozabonni o‘yini sizda qanday taassurot uyg‘otdi?
- Hech nima deya olmayman. Yosh bola toblanadi.
- Kuchli raqibga qarshi o‘yinidan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Bunday imkon ham berishgani yo‘q. Bir vaziyatda to‘p ustunga tegdi. Keyin qanotdan uzatilgan to‘pni egallab oldi. Bunday paytda xulosa berib bo‘lmaydi. U ishlash kerak. O‘z ustida ishlashga kuchli motivatsiya berilyapti. Kutmagan holatda, oldimda uyqusirab o‘tirgandi. Futbolchi yashashi kerak. Zaxiradagilar ham maydonda o‘ynayotganlar bilan hamnafas bo‘lishi kerak.
- Bosh murabbiy sifatida legionerlaringizdan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? Ikkitasi zaxirada qoldi, ikkitasi 20 talikka ham kiritilmadi...
- Ko‘nglim to‘lmayapti. Hozir bittasiga ham dakki berib chiqdim. U ham zaxira o‘rindig‘ida o‘tiribdi-da, dam olib. Hozir men bekorga gapirmadim, hamma hamnafas bo‘lishi kerak. Odamni o‘zida bo‘lishi lozim. Oxirida esa murabbiy aybdor bo‘ladi.
- Oxirgi 5 ta o‘yindan beri “Neftchi”ni mag‘lub eta olmayapsizlar...
- Bu hayot. Sizlar uchun statistika. Biz uchun bu tajriba.
- Bugungi o‘yindan kelib chiqib aytsak, OKMK bir ochko ishladimi yoki ikki ochko yo‘qotdimi?
- Bizmi? Birinchi o‘ringa chiqib oldik!
Fikrlar