Mirjalol Qosimov: "Osilsang baland dorga osil"

  • 6 iyul, 11:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 15-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – OKMK uchrashuvida mehmonlar 0:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin mehmonlar ustozi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.

Tecno

- Qisqa aytadigan bo‘lsam, ikki barobar qiyin bo‘ldi. Jamoamizdagi muammoni bilasizlar. Oxirgi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmayotgandik. Yigitlarni orasida ruhan tushkunlik bor edi. Ikkinchi tomondan ob-havo tufayli ikkala jamoaga ham qiyin bo‘ldi. Uchinchi tarafdan “Mash’al”ni yaxshi bilamiz, tartibli va intizomli futbol o‘ynaydi. Birinchi bo‘lim boshida 5 ta himoyachi bilan muammo yaratdi. Shunga qaramasdan standartdan gol urdik. Birinchi bo‘limda o‘yin taqdirini hal qilishimiz mumkin edi. Chunki bir qator yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Bizda vaziyatlardan foydalana olmaslik oqsayapti. Uchta imkoniyatdan bittasidan gol urish kerak edi. Ikkinchi bo‘limda kutgandik va Asror Aliqulov rotatsiya qilib, sxemani ham o‘zgartirdi. Oxirgi vaziyatda darvozabonimiz muqarrar goldan qutqardi. Endi qisqa ta’tilga chiqyapmiz. Yomon o‘yin bo‘lmadi, eng keraklisi uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Ikkinchi davraga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Yana eski maqomga qaytishimiz lozim. Mehnat orqali bo‘ladi. Issiq ob-havo bo‘lishiga qaramay, ikkala jamoa ham qarshi hujumlarda yaxshi harakat qildi.

- OKMKni hali ham chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri deb hisoblaysizmi?

- Osilsang baland dorga osilgin degan eskilarni maqoli bor. Har doim qaerda ishlashimdan qat’iy nazar yuqori maqsad qo‘yiladi.

- 2005 yilda “Mash’al”da to‘p surgansiz. Futbolchilik faoliyatingizni yakunlashda nega aynan “Mash’al”ni tanlagansiz?

- 20 yil bo‘ldimi, shunga? Avvalambor, “Mash’al”ga o‘sha paytda taklif qilishgan. Futbolni iloji boricha ko‘proq o‘ynash niyatim bor edi. Taqdir taqozosi bilan 35 yoshimda tugatganman. Yaxshi insonlar, shu jamoaga, o‘zbek futboliga befarq bo‘lmagan insonlar taklif qilishgan. 2005 yili kelib, menimcha “Mash’al” ham o‘z tarixida ikkinchi o‘rinni olgan. Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etgan. Uzoqroq o‘ynamoqchi edim. Sog‘ligim tufayli tugatganman. Sira afsuslanmayman, yana harakat qilib ko‘rganman, ammo bo‘lmagan. Muborakda uch yilcha yurganman. Murabbiylikka ham taklif qilishgan, yoshlar bilan ishlashni. O‘sha erda birinchi qadamni boshlaganman. O‘ziga yarasha tarix va bundan xursandman.

- Superligada asosan siz yapon futbolchilari bilan ishlagansiz. “Bunyodkor”da Sato bor edi, OKMKda ham yaponiyalik legionerlarga e’tibor qaratyapsiz?

- Ha, “Bunyodkor”da Sato bo‘lgan. O‘sha paytda qaysidir pozitsiyani yopish uchun taklif qilganmiz. Ma’qul bo‘lgan. Ularni madaniyati yaxshi, sira ham yo‘q deyishmaydi, aytganingizni qilishadi. Ko‘rsatmalarni bajarishga harakat qilishadi. Buni o‘zimiz yaxshi bilamiz. Aynan ular emas, kim zo‘r bo‘lsa o‘shalarni maydonga tushiramiz. Jamoaga to‘g‘ri kelsa u boshqa millat vakili bo‘lsa ham yordami tegadi, futbolni tili bitta.

- Jarima zarbalarini ajoyib tepardingiz. Nima uchun hozir sizga o‘xshab standartlarni qoyilmaqom tepadigan futbolchilar chiqmayapti?

- Alloh tarafidan ham berilgan. Lekin Xudo tomonidan berilgan deb o‘tirsa ham ish bitmaydi. Buni mehnati bor. Mashg‘ulotdan oldin va keyin ishlash kerak, mehr berish lozim. O‘xshasa ham, o‘xshamasa ham buni ustida ishlashi darkor. Yoshligimda murabbiylar bilan ishlaganman. Rossiyada Gadji Gadjiev bilan birga faoliyat olib borganman, hozir “Axmat”da ishlayapti. U bilan jarima zarbalari ustida ko‘p ishlardik. Hozirgi to‘plar bilan nimadir qilsa bo‘lmaydi.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!