
Mirjalol Qosimov: "Qo‘rqadigan joyi yo‘q, "Al-Ittihod"ga qarshi maydonga tushish - omad!"
Ertaga OKMK Osiyo chempionlar ligasi doirasida o‘z o‘yinini o‘tkazadi. Guruh bosqich 1-turidan o‘rin olgan "Al-Ittihod" - OKMK uchrashuvi oldidan "konchilar" bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va klub sardori Sanjar Tursunov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Mirjalol Qosimov: "Assalomu alaykum, hammaga! Har kungidek tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bizni kurashlarga boy o‘yin kutmoqda. Kecha Saudiyaga uchib keldik, bugun o‘yinoldi mashg‘ulotga chiqamiz. Bellashuvga yana bir kun vaqtimiz bor.
Sanjar Tursunov: "Assalomu alaykum. Biz odatdagidek tayyorgarlik jarayonini o‘tkazyapmiz. G‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Uchrashuv biz uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Mirjalol Qosimov: "Raqibni hurmat qilgan holda aytishim mumkinki, hozir qo‘rqadigan yoshda emasman. Biz nafaqat "Al-Ittihod"ni, boshqa jamoalarni ham hurmat qilamiz. Bu futbol, ertaga har narsa bo‘lishi mumkin.
Raqib yaxshi jamoa, chiroyli o‘yin guvohi bo‘lamiz, deb o‘ylayman. Bizning tarkib ham o‘ziga xos tarzda shakllangan. Nima bo‘lishini ertaga ko‘ramiz endi.
Tushunib turibmiz, ertaga yigitlar uchun oson bahs bo‘lmaydi. Saudiya klubi safida Evropaning ko‘zga ko‘ringan yulduzlari harakat qilyapti. Lekin yutib bo‘lmaydigan jamoaning o‘zi yo‘q!
Eng keraklisi, biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olishimiz lozim. Qarshimizdagilarning kim ekani ahamiyatga ega emas. Ana shunda yaxshi natija bo‘ladi, inshaalloh. Ertaga nima bo‘lishini hozir hech kim aytib bera olmaydi!
"Al-Ittihod"ga qarshi ochiq futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Sababi, hujumda juda ham kuchli va saviyali o‘yinchilar harakat qiladi. Shuning uchun bellashuvda ham himoya, ham hujumda bo‘sh hududlar bo‘lmasligi kerak.
Bir kunda o‘yin uslubimizni o‘zgartira olmaymiz. Muhimi, hamjihatlikda to‘p tepishimiz lozim.
Bu darajadagi kuchli klub bilan o‘ynash biz uchun omad, albatta. Avvalo, guruh bosqichiga chiqqanimizning o‘zi bir omad. OKMK xalqaro musobaqalarda katta tajribaga ega bo‘lmagan klub.
Ammo futbol jamoaviy o‘yin bo‘lgani uchun ham oldindan hech narsa aytib bo‘lmaydi. Bir yil oldin Benzemaning bu erda o‘ynashini hech kim o‘ylab ham ko‘rmagandi.
Biz o‘zimiz zavq oladigan sohadamiz, bundan futbolchilar ham o‘ziga yarasha ishtiyoq oladi. Qo‘rqadigan joyi yo‘q, "Al-Ittihod"ga qarshi maydonga tushish - omad!
Muxlislarimiz uchun harakat qilamiz. Ikkinchi davrada saudiyaliklar bizning stadionga keladi. Bizning muxlislar jahon yulduzlarini ko‘rayotganiga hissa qo‘shayotganimizdan xursand bo‘lamiz, albatta".
Fikrlar