"Monako", "Sevilya" yoki "RB Leyptsig! Shomurodov uchun keyingi manzil qaysi chempionat?

  • 24 may, 2022, 14:53
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 5
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqindagina Italiya nashrlari tomonidan Rimning "Roma" klubi yozda transferga qo‘yishi kutilayotgan futbolchilar ro‘yxati e’lon qilindi. Afsuski, ular orasida hamyurtimiz Eldor Shomurodov ham bor. Agar ma’lumot to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, Eldor kelasi mavsumni boshqa jamoa safida boshlashi mumkin. Xo‘sh, kuchli beshlikdagi qaysi chempionat "Roma" a’zosi uchun eng maqbul variant bo‘la oladi? Bugun shu borasida fikr almashamiz.

A Seriya - jonajon o‘lka

Variantlar: "Fiorentina", "Torino".

Tecno

eldor1

Shoma Italiyaga ko‘chib o‘tgach, "Jenoa"da yaxshi mavsum o‘tkazdi. Keyin "Roma"dagi Abraham bilan raqobat uni zaxiraga "mixlab" qo‘ygani rost. Xo‘sh, Eldor Shomurodov uchun Italiyada qolish qay darajada to‘g‘ri tanlov? Katta ehtimol bilan, bu vaziyatdan chiqib ketish uchun yaxshi echim, ammo Rimdan ketishi shart. Ortda qolayotgan mavsumni hamyurtimiz deyarli zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazib yubordi. Toshkentdagi yig‘in chog‘ida bergan intervyusida esa, agar vaziyat o‘zgarmasa, boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida fikr bildirdi. Uning bunga to‘liq haqqi bor. Bunday razm solib qaralsa, Italiya A Seriyasi Eldor uchun ancha qulay. Tezligi yuqori va ikkinchi qavatdagi kurashlardan qochmaydigan legionerimiz ligadagi istalgan o‘rtamiyona klubda faoliyatini davom ettirishi mumkin.

"Fiorentina" yoki "Torino" singari jamoalar Eldorga juda mos keladi. Boz ustiga, Italiya iqlimi, odamlarining mentaliteti va til borasidagi muammolarni endigina engib o‘tgan Shoma uchun Apennin yarimorolida qolish eng ma’qul yo‘ldek ko‘rinmoqda. Agar hujumkor futbolni targ‘ib etuvchi klub bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur! Eldor yanada ko‘proq o‘zini ko‘rsatishi va yana gol+pass tizimida 15 ochkodan ko‘proq jamg‘arishi mumkin. Agar A Seriyada jon saqlab qolish ilinjidagi jamoalardan taklif tushsa, boshqa ligaga yo‘l olish borasida bosh qotirishga to‘g‘ri keladi. Har bir o‘yinda o‘rtacha 1 yoki 2 ta golli vaziyat yaratishgagina qodir bo‘lgan klublar safida yanada omma e’tiboridan chetda qolish xavfi mavjud.

Liga 1 - engil, ammo maqsaddan uzoq liga

Variantlar: "Monako", "Marsel".

eldor4

Kuchli beshlikning 5-o‘rindagi birinchiligi. Qishda Eldorni aynan shu liga vakili sanalgan "Monako"ga ko‘chib o‘tishi borasida gap-so‘zlar paydo bo‘lgani yodingizdami? Aynan shu mish-mish borasida Dubay shahrida terma jamoa yig‘inida bo‘lib turgan Eldorga savol berganimda, u hozir "Roma" a’zosi ekanligini pesh qilib savoldan qochgan, ammo bu haqida gap haqiqatan borligini rad etmagan edi. Xo‘sh, Messi va Neymar singari yigitlar to‘p tepayotgan Liga 1 termamiz sardoriga nima bera oladi? Birinchi navbatda erkinlik! A Seriyadan farqli o‘laroq, bu erda taktik ko‘rsatmalar birinchi planga ko‘tarilmaydi. Frantsiyada individual mahorati yuqori bo‘lgan ijrochilar qadrlanadi. Eldor tezkor va jismonan baquvvat bo‘lgani bois, texnikaga suyanadigan futbolchilar orasida yo‘qolib qolmasligi aniq. Afsuski, barchasi biz o‘ylagandek oson emas. Ko‘plab yulduzlar Frantsiyadan kuchli beshlikning boshqa ligalariga yo‘l oladi. Eldor esa, Italiyadan bu erga kelishi karerasida ortga tashlangan qadamdek ko‘rinishi mumkin. Bu achchiq bo‘lsa-da haqiqat. A Seriyada 10 ta gol kiritgan futbolchi Liga 1da 20 bor o‘z nomini tabloga yozdirgan forvarddan ko‘ra grandlar e’tiboriga tezroq tushishi rost.

Shunday bo‘lsada, Eldor uchun Frantsiya birinchiligi o‘z kuchiga ishonchni qaytarib olish uchun yomon tanlov emas. Asosiysi, qisqaroq muddatli shartnoma imzolab, tezroq elitaga qaytish uchun harakat qilish lozim. Aks holda, Liga 1dan so‘ng birorta grand klub Shomurodov uchun 10-15 million evro sarflashi haqiqatdan yiroq bo‘lib boraveradi.

Ispaniya - yangi sarguzashtlar sari olg‘a!

Variantlar: "Sevilya", "Vilyarreal", "Selta".

eldor2

La Liga o‘zining shiddati bilan ajralib turadi. Bu erda ijrochilar klassi o‘rtasidagi farq tablodagi natijaga ta’sir ko‘rsatishi bir necha 10 yillardan beri isbotini topmoqda. Ispaniyada jamoaviy o‘yin ko‘pincha ikkinchi darajaga tushib qoladi.

Shu bois, La Ligada o‘zini ko‘rsatish boshqa ligalardan ko‘ra osonroq. Aynan shu vaj sababli APL klublarining asosiy e’tibori aynan shu ligada porlagan yulduzchalarga qaratiladi. "Monako" bilan birgalikda Andalusiya klubi ham Eldor xizmatiga qiziqib qolgani haqidagi xabarlar xorij OAV tomonidan keng yoritildi. Mayli, "Sevilya" o‘z yo‘liga. La Liga vatandoshimizni qaytadan kashf etish imkonini yaratishi mumkin. A Seriyadan farqli o‘laroq, taktik ko‘nikmadan ko‘ra, tezkorlikni afzal ko‘radigan birinchilikda "Roma" a’zosi o‘zini engilroq his qilishi mumkin. Iqlim borasida ham Ispaniya ancha issiq. "Real", "Barselona", "Atletiko", "Vilyarreal" singari jamoalar jahon futbolidagi trendda bo‘lgan elementlardan foydalanadi. Ispaniyaning istalgan jamoasida Eldor A Seriyadagi yuklamalardan ozod bo‘lib, erkinroq to‘p tepishi mumkin.

Germaniya - jismoniy tayyorgarlikni sinovdan o‘tkazish uchun imkon

Variantlar: "Leyptsig", "Xoffenxaym", "Ayntraxt", "Gerta".

eldor3

Bundesliga bu - faoliyatini yangi darajaga olib chiqish niyatida bo‘lgan yosh futbolchilar uchun super imkoniyat. "Manchester Siti"ga keraksiz bo‘lib qolgan Jeydon Sancho, "Borussiya" Dortmundda porlagan Erling Xoland va boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Joziba borasida qolgan ligalardan ortda borishiga qaramay, Bundesliga futbolchilarni yashirin qirralarini ochib berish xususiyatiga ega. Birinchi navbatda jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan liga haqida gap borar ekan, Eldor Shomurodov u erda yo‘qolib qolmasligiga shubhamiz yo‘q. Ikkinchi qavatdagi faolligi, mehnatdan qochmasligi va janjallardan uzoqligi bois, uning o‘yini Germaniyada ochilib ketishi ehtimoli yuqori. Taqdim etilayotgan variantlar orasida Olmoniya klublari eng munosib tanlovdek ko‘rinmoqda. Ortiqcha bosimsiz, tizim asosida shakllangan o‘yin uslubiga moslashish ancha osonroq.

Joze Mourino butun mavsum davomida deyarli 6 xil taktikadan foydalanadi. Eldor esa, ulardan hech biriga to‘g‘ri kelmadi. Bundesliga klublari transfer oynasida boshqacharoq ishlaydi. Ular o‘z uslubiga mos tushadigan futbolchilargagina murojaat etadi. Agar, "Leyptsig" yoki "Xoffenxaym"dan biri taklif bilan chiqsa, Eldor darrov jomadonlarini yig‘ishtirib, yo‘lga otlanishi kerak. Bu biroz sekinlashgan karerasi uchun oldinga tashlangan qadam bo‘lishi aniq. Har holda, mashg‘ulotlarda bor kuchi bilan ishlashga o‘rgangan "Shoma"ni mehnatini u erda qadrlashlari aniq.

APL - hozircha orzu, ammo...

eldor4

"Roma" zahiradasida qolib ketgan forvard bilan ingliz klublari qiziqib qolishi mushkul vazifa. Qaysidir ma’noda hozir buni imkoni yo‘qligi fakt. Shunga qaramay, hali barchasi yo‘qotilgani yo‘q. Eldor dunyoning birinchi raqamli ligasida to‘p tepishi uchun kamida bitta ajoyib mavsum o‘tkazishi shart. Bu qaysi jamoa safida bo‘lishiga qaramay, u kuchli beshlikda bo‘lishi kerak. Bir necha yil avval "Bunyodkor" safida to‘p tepib yurgan uyatchang yigitni "Roma" a’zosi bo‘lishi o‘sha paytlari qanchalar haqiqatdan yiroq bo‘lib eshitilgan edi. Eldorning imkoniyatlaridan kelib chiqsak, u hozir ham APL klublaridan birida o‘ynashga qodir.

Afsuski, ortda qolayotgan mavsum uni ancha ruhan sinovdan o‘tkazdi. Katta umidlar bilan Rimga ko‘chib o‘tdi. Avvaliga asosiy tarkibda, keyin to‘liq zaxiraga o‘tkazildi. Terma jamoa JCh yo‘llanmasini boy berdi. Nafaqat italiyalik, balki mahalliy muxlislar ham uning imkoniyatlariga shubha bilan qarashni boshladi. Juda ko‘p tanqid qilindi. Hozir, bosim ustiga yana bosim bo‘lmasligi uchun ham nisbatan kuchsizroq jamoada bir yo ikki mavsum to‘p surish hammasini o‘z o‘rniga qaytarishi mumkin. Hozircha, bir qadam ortga tashlash, kelajakda barcha to‘siqlarni bir hatlab ortda qoldirish imkonini beradi.

Sizningcha, Eldor Shomurodov kuchli beshlikning qaysi ligasida faoliyatini davom ettirishi kerak? Fikringizni izohlarda qoldiring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Norboyev Asilbek
29/05/2022 15:26
Sevilya...yuqoridan kop uynaydi...ular mos yoki...
Germaniya klublari...
&
salahidin
28/05/2022 11:03
Кейингиси Узбекистон
&
Damirbek
25/05/2022 11:34
Eldor uchun germaniya judayam zor taklif deb hisobga olaman.
TURDIYEV AKRAMJON
24/05/2022 18:35
Германия элдорга Зур варят
&
Абдурахмон лидер
24/05/2022 18:14
Манимча ла лигадан таклиф булса шуниси яхши.