
Moskvaning “Lokomotiv”ni O‘zbekiston termasida o‘ynagan futbolchi boshqarishi kerak!
Moskvaning “Lokomotiv” jamoasini uzoq yillar davomida samarali boshqargan mashhur murabbiy Yuriy Syominning ishdan olinishi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda hamon keskin tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu klub rahbariyati kutilmaganda Yuriy Syominga chiqish ishlarini ko‘rsatib, uning o‘rniga unchalik taniqli bo‘lmagan serbiyalik mutaxassis Marko Nikolichni olib keldi.
“Lokomotiv” rahbarlarining bu qarori hamon muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik Syominning ketishini ser Aleks Fergyusonning “Manchester Yunayted”ni tark etishiga qiyosladi. Yana bir guruh mutaxassis va muxlislar Syomin ishdan olinganidan keyin uning o‘rniga jaon darajasidagi murabbiyni taklif qilish to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Klub rahbariyatining faxriy murabbiy bo‘lish taklifini keskin rad etgan Yuriy Syominning o‘zi vaziyatga baho berib, aslida uning o‘rnini qaysi mutaxassis egallasa to‘g‘ri va adolatli bo‘lishini oshkor qildi.
- Men qachondir ketishim kerak edi. Bu aniq. Bugun bo‘lmasa, ertaga shu hol yuz berishi kerak edi. Har qanaqasiga ketardim. Lekin buni boshqacha usulda, ya’ni eng to‘g‘ri yo‘l bilan amalga oshirish mumkin edi.
Mening nuqtai nazarimdan, avvalo meni xabardor qilish, keyin futbol ravnaqi uchun buni birga hal etish lozim edi. Futbol manfaati uchun mendan keyin jamoani Oleg Pashinin boshqarishi kerak edi yoki Vadim Evseev ham bo‘lardi.
Pashinin anchadan buyon shu erda ishlayapti va muxlislar uni ochiq ko‘ngillik bilan qabul qiladi. Evseev ham ayni kuchga to‘lgan. Ular “Lokomotiv” ruhiyati bilan o‘sgan mutaxassislar, - dedi Yuriy Semin.
Rossiyalik mutaxassis o‘z shogirdlari Pashinin, Loskov va Xapovni “Lokomotiv” murabbiylar shtabida qolgani bo‘yicha ham fikr bildirdi.
- Ular to‘g‘ri qilishyapti. Klub rahbarlari bugun bor, ertaga yo‘q. “Lokomotiv” yashashi kerak, buning uchun yaxshi murabbiylar o‘z ishini davom ettirishi shart. Agar Pashinin yoki Evseevni bosh murabbiy qilishganida men jonim bilan faxriy murabbiy bo‘lish taklifini qabul qilardim, - deydi Syomin.
Oleg Pashinin futbolchilik faoliyati davomida 1992 yildan 2007 yilgacha “Lokomotiv” tarkibida to‘p surgan. Orada bir mavsum Yaponiya chempionatida “Sanfrechche Xirosima”da o‘ynagan. Mohir himoyachi 2001-2005 yillar davomida O‘zbekiston terma jamoasida 12 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Oleg Pashinin ikki karra Rossiya chempioni, bir necha marotaba kumush va bronza medallar sohibi, uch karra Rossiya kubogi g‘olib va ikki marta Rossiya Superkubogi egasi bo‘lgan.
Fikrlar