
Muammolar girdobidagi "Buxoro", Navoiyda g‘alaba qozona olmayotgan AGMK, Baqoev syurpriz ko‘rsata oladimi? Yoxud 4-turda bizni nimalar kutmoqda?
Nihoyat, uch oylik majburiy tanaffusdan so‘ng joriy haftada Coca-Cola Superliganing 4-tur bahslariga start beriladi. O‘yinlar 13, 14, 15 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Albatta, chempionat tomoshabinlarsiz o‘tishi kutilgandi va bu amalda ham o‘z tasdig‘ini topdi. Nima bo‘lganda ham ishqibozlar milliy chempionatimiz o‘yinlarini sog‘inib qolishganiga shubha yo‘q. Oldinda esa siz bilan bizni bir-biridan qiziqarli bahslar kutmoqda.
O‘zaro o‘yinlarda durangni chetlab o‘tayotgan juftliklar
“Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912”
Yaqinda “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov Sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoasining “Bunyodkor”ga qarshi kechadigan uchrashuvi turning muhim bahslaridan biri bo‘lishini hamda juda qiziqarli kechishini ham aytgandi. Yaqinda “Navbahor” bilan o‘rtoqlik uchrashuvida 2:1 hisobida g‘alaba qozongan qo‘qonliklar hozir Toshkentda bo‘lajak raqibiga qarshi tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Bunyodkor” esa har doim istalgan jamoa uchun jiddiy raqib bo‘lib kelgan. Shu kunga qadar mazkur klublar o‘zaro 10 marotaba to‘qnash kelgan bo‘lsa, birorta ham durang qayd etilmagan, “Bunyodkor” 7 marta, qo‘qonliklar 3 bor zafar quchgan.
O‘tgan yili Qo‘qonda o‘tgan bahsda maydon egalari “Bunyodkor” darvozasiga javobsiz uchta gol urgandi. Shuningdek, qo‘qonliklar 2018 yilgi mavsumda “Bunyodkor” maydonida 1:3 hisobidagi g‘alabani ham qo‘lga kiritgani ular uchun juda yoqimli xotira bo‘lib qolgan. Ko‘rinib turibdiki, oxirgi paytlarda “Qo‘qon-1912” “Bunyodkor” uchun noqulay raqibga aylanib bormoqda. Balki Vadim Abramov ham raqibga qandaydir “sovg‘a” tayyorlab qo‘ygandir. Hammasini o‘sha kuni bilib olamiz.
11 yildan buyon AGMK Navoiydan g‘alabasiz qaytmoqda
“Qizilqum” – AGMK
13 iyun oqshomida “Qizilqum” hamda AGMK uchrashuvi yangi bosh murabbiy Tachmurod Agamurodovning “Qizilqum”dagi debyutiga aylanadi. Jamoalarning o‘zaro statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, bu borada mutlaqo tenglik! Jami 26 ta o‘yin, 11 tadan g‘alaba va 4 tadan durang. Faqat to‘plar nisbati bo‘yicha olmaliqliklar +6 ko‘rinishga ega. Demak, bu klublarning kuchlari teng. Lekin AGMK Navoiydan asosan g‘alabasiz qaytmoqda. Oxirgi marta 2009 yilgi mavsumda “Qizilqum” maydonida birgina gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritgan va bu haligacha yagona g‘alaba bo‘lib qolmoqda. Agar statistikaga ishonadigan bo‘lsak, u holda shanba kungi bahsda “Qizilqum” kamida durang o‘ynashi kerak. Albatta, bu shunchaki taxmin xolos. Ammo hammasi maydonda hal bo‘ladi va qaysi jamoa yaxshiroq tayyorlangan bo‘lsa, g‘alaba o‘shaniki.
Shuni ham unutmaslik kerakki, hozircha navoiyliklar mavsum boshlanganidan beri g‘alaba qozongani yo‘q. Agamurodov esa bejizga taklif etilmadi. AGMK safida “Qizilqum”ning bir qator sobiq futbolchilari – Mate Vattsadze, Elguja Grigalashvili, Erkin Boydullaev singari futbolchilar to‘p surmoqda. Shunday ekan, ushbu qarama-qarshilik ham shiddatli o‘tishiga ishonsa bo‘ladi.
“So‘g‘diyona”ning g‘alabasiz seriyasi yana davom etadimi?
“So‘g‘diyona” – “Paxtakor”
O‘tgan yili barcha uchun syurpriz ko‘rsatgan “So‘g‘diyona” bu mavsumda o‘ziga o‘xshamayapti. Maqtovlar qurshovida qolib ketgan bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoev va uning jamoasi dastlabki uchta turda ikkita mag‘lubiyat va bir durang qayd etib, muxlislarni ranjitib qo‘ygandi. Endi bo‘lsa, ularning navbatdagi raqibi “Paxtakor” ekanligini hisobga olsak, jizzaxliklarga havas qilib bo‘lmaydi. Boz ustiga uch oylik tanaffusdan keyin “So‘g‘diyona” futbolchilari qanchalik o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib olisharkin? Bu ham o‘ylantiradigan masala. To‘g‘ri, “Paxtakor” ham boshqalar qatori bir xil holatda, ammo farqi shundaki, u erda asosan yuqori sifatga ega bo‘lgan o‘yinchilar jamlangan.
Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik Shota Arveladze jamoasining g‘alabasiga shubha qilishmayapti. Boz ustiga o‘zaro uchrashuvlarda “Paxtakor” xoh uyda, xoh safarda bo‘lsin jizzaxliklarni mag‘lub etib kelmoqda. Oxirgi marta esa “So‘g‘diyona” 1999 yilgi chempionatda ushbu raqibini enggan. Shundan beri orada bir bor durang qayd etilgan xolos. Shunday ekan, Baqoevni oldinda juda murakkab o‘yin kutib turibdi. Ko‘ramiz, u ijobiy natijaga erishish uchun qanday echim topa olarkin?
Bir-biriga munosib raqiblar bahsi
“Nasaf” – “Navbahor”
Har safar ushbu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv turning markaziy o‘yini maqomi ostida kechadi. Bu gal ham bellashuvning shiddati hamda harorati oldingidek yuqori darajada bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas. Qolaversa, “Navbahor” ustozi Andrey Kanchelskis ham “Nasaf” hamda Ro‘ziqul Berdiev haqida bir necha bor iliq fikrlarni bildirgan. Uchta turdan keyin qarshiliklar 100 foizli natija ko‘rsatishayotganini ham unutmaslik lozim. “Navbahor” esa uchta turda g‘alaba, durang va mag‘lubiyatni qayd etib bo‘ldi. To‘g‘ri, hozirga kelib jamoalarning imkoniyati bir xil. Bunday paytda esa murabbiylarning taktik tomondan topqirligi ham hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.
16 yildan beri ilk bor to‘qnashayotgan raqiblar
“Surxon” – “Mash’al”
Ha, bu haqiqat! “Surxon” hamda “Mash’al” jamoalari oxirgi bor 2004 yilgi mavsumda kuch sinashgan. Ularning oxirgi o‘yini Termizda o‘tgan va unda maydon egalari 3:1 hisobida g‘olib chiqqandi. Umuman aytganda, bu klublar 10 marotaba to‘qnash kelgan va bu boradagi kichik ustunlik “Mash’al” tarafida. Kuni kecha termizliklar ustozi Bahrom Haydarov Sports.uzga o‘yin oldidan fikr bildirib, g‘alabadan boshqa natija ularni qanoatlantirmasligini ochiq-oydin aytdi. Hozircha dastlabki uchta turdan keyin muborakliklar ham yomon taassurot qoldirmayotgandi. Biroq majburiy uch oylik tanaffusdan keyin jamoalar qanday holatdaligini aytish qiyin. Shunday ekan, barchasini o‘yin ko‘rsatib beradi.
O‘yin oldidan buxoroliklarda jiddiy muammolar bor
“Buxoro” – “Andijon”
Birinchidan, “Buxoro” raqibini o‘z uyida emas, balki Muborakdagi stadionda qabul qiladi. Chunki jamoaning uy stadionida hali ta’mirlash ishlari ketmoqda. Ikkinchidan, buxoroliklar bosh murabbiyi Muhsin Muhammadiev hali ham Moskvada va u O‘zbekistonga qaytish imkoniyatini topa olganicha yo‘q. Uchinchidan, klubning barcha legionerlari o‘z yurtlariga ketishgani sababli ular ham hali qaytmagan. Ma’lumki, jamoaning asosiy kuchi aynan xorijlik futbolchilari edi. Hozirda esa mahalliy futbolchilar bilan Mirislom Hasanov shug‘ullanmoqda.
“Andijon”da hammasi joyida, legionerlari ham klub bilan birga. Qolaversa, u erda tajribali Viktor Kumikov bosh murabbiy sifatida ish boshlaganini ham yaxshi bilasiz. “Buxoro” mavsumni o‘ta qoniqarsiz boshlaganini ham unutmagan bo‘lsangiz kerak. Ular uchta o‘yinning barchasida 0:3 hisobida yutqazdi. Natijada bosh murabbiyga rahbariyat tomonidan oxirgi imkoniyat berilgandi. Ammo u taqdiri hal bo‘ladigan bahsda jamoasiga yordam bera olmaydi.
“Andijon”ning hisobida esa hozircha bir ochko bor. Kumikov esa yangi jamoasidagi ilk g‘alabasini “Buxoro” bilan uchrashuvda qo‘lga kiritish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda. Lekin o‘zaro o‘yinlar statistikasida ustunlik buxoroliklar tarafida. Yana shuni ham eslatish kerakki, “Andijon” klubi oxirgi marta 2008 yili “Buxoro” maydonida g‘alaba qozongan.
Bekobodliklar qachon “Lokomotiv” maydonida yutadi?
“Lokomotiv” – “Metallurg”
Bu jamoalarning uchrashuvlarida katta ustunlik mezbonlar qo‘lida. Shuningdek, “Metallurg” “Lokomotiv” maydonida umuman g‘alaba qozona olmagan. 4-turni yakunlab beradigan mazkur juftliklar o‘rtasidagi bahs qay darajada murosasiz o‘tarkin? Buni hozircha oldindan aytish amrimahol. Ammo o‘yin oldidan nom jihatidan oladigan bo‘lsak, “Lokomotiv” o‘z maydonida o‘ynayotgani sababli favorit sifatida tilga olinmoqda.
Fikrlar