
Muhammadkarim Toirov: "O‘zbekiston Kubogi finali oldidan muxlislarimizni xursand qilamiz"
“Andijon” klubi Superliganing 19-turida Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobida durang natija qayd etganidan xabardorsiz.
Ushbu bahsda “Burgutlar” tarkibida asosiy tarkibda maydonga tushgan va uchrashuvni to‘liq o‘tkazgan iqtidorli yarim himoyachi Muhammadkarim Toirov bahs mobaynida tinmadi hamda faol o‘yin namoyish qildi. Shuning uchun ham u uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Toirov mazkur bellashuvdan keyin “Andijon” matbuot xizmati uchun intervyu berdi.
- Muhammadkarim, Jizzaxdagi o‘yin qanday taassurot qoldirdi?
- Ushbu uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsam, bellashuv g‘oyat qiziqarli va jangovar tarzda o‘tdi. Ikkala jamoa g‘alaba uchun o‘ynadi. Maydonda hamma borini berdi.
- “Andijon” bu bahsda mardonavor kurashib, xarakter ko‘rsatdi va g‘alaba qozonishga ham juda yaqin edi. Sizningcha, nima etishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Ha, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz yuqori edi. Ko‘rib turganingizdek, har bir uchrashuvimiz biz uchun finalga teng o‘yin bo‘lmoqda va har bir bahsda g‘alaba uchun maydonga tushyapmiz. “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda ham biz faqat g‘alaba uchun borimizni berdik. O‘zingiz aytganingizdek, jamoamiz g‘alaba qozonishga juda yaqin edi. Demak, jamoamiz avvalgi holatiga qaytyapti. “Burgutlar”ni g‘alaba uchun ishtiyoqi yuqori.
- Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandingiz. Buni kutganmidingiz va o‘zingizga qolsa, eng yaxshi o‘yinchi kim bo‘ldi?
- Uchrashuvni eng yaxshi futbolchisi bo‘lish bu yoqimli, albatta. Qaysi holatdaki, jamoa yutuqqa erishgan payti uch ochkoni qo‘lga kiritganida yoqimli deb o‘ylayman. To‘g‘risi, bu narsa meni hayolimga ham kelmagandi. Yuqorida aytganimdek, hamma ter to‘kdi, mehnat qildi. Men kimnidir alohida ayta olmayman.
- Oldinda “Neftchi”ga qarshi vodiy derbisi kutmoqda. Bo‘lajak derbi oldidan nimalarni ayta olasiz?
- Biz “Neftchi” bilan bo‘ladigan vodiy derbisida muxlislarimiz uchun maydonga tushamiz va murabbiylarimizning ko‘rsatmalari bo‘yicha o‘yin olib boramiz. Xudo xohlasa, g‘alaba qozonamiz. Bizga ishonch bildirib qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarimizni O‘zbekiston Kubogi finali oldidan xursand qilamiz.
Fikrlar