
"Murabbiy men o‘ylaganimdan ham ancha yaxshi ekan, "Navbahor"ning taklifini eshitgach, stadiondagi muhit ko‘z oldimga keldi" yoxud Islom Kenjaboev chempionlik orzusida
“Navbahor” o‘z tarkibini qay darajada kuchaytirayotganidan yaxshi xabardorsiz. Klub amalga oshirayotgan transferlarni ko‘rar ekansiz, yangi futbolchilar saralanib olinayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Iqtidorli o‘yinchi Islom Kenjaboev ham endi “Navbahor”ning bir bo‘lagiga aylandi. O‘tgan mavsumni Janubiy Koreyada boshlab, “Qizilqum” klubida tugatgan yarim himoyachi katta niyatlar bilan “Navbahor”ga keldi. Qolaversa, jamoaning ham undan umidi katta. Sports.uz muxbiri esa Kenjaboevga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Islom, “Navbahor” klubiga o‘tishingiz nima bilan bog‘liq?
- “Navbahor”ga o‘tishimning asosiy sababi shuki, jamoaning oldiga qo‘yilgan maqsadlari juda yuqori. Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi ham turibdi. Klubga meni bosh murabbiyning o‘zi taklif qildi. Murabbiy bilan gaplashib oldik, maqsadlarni yuqori qo‘ygani uchun namanganliklar variantini tanladim.
- Namanganliklar taklifini eshitganingizda qanday his-tuyg‘ularga berildingiz?
- His-tuyg‘ularga keladigan bo‘lsak, “Navbahor”dan ilk taklif tushishi bilanoq darhol jamoaning muxlislari, stadiondagi muhit ko‘z oldimga keldi.
- “Qizilqum”ni tark etishni o‘ylab turganmidingiz yoki “Navbahor”ning taklifidan so‘ng, barchasi o‘zgarib ketdimi?
- “Qizilqum” klubini tark etish mening rejalarimda bor edi. O‘zim ham mavsum yakunlanishini kutib turgandim. Chunki menga yaxshi takliflar bo‘layotgandi. Nima desam bo‘ladi? Navoiyliklar safiga ikkinchi davrada qo‘shildim. U erda yomon o‘ynadik, deb ayta olmayman. Yaxshi o‘ynadik.
- “Navbahor” libosida to‘p surish oson emas. Ayniqsa, Namanganda minglab muxlislar qarshisida o‘yin ko‘rsatish har qanday o‘yinchiga bosim yuklaydi. Bunday katta ajiotajga o‘zingizni qanday tayyorlayapsiz?
- “Navbahor”ning muxlislarini anchadan beri bilamiz. Ularning qanday ishqibozlik qilishini butun O‘zbekiston biladi. Yangi muhitga ko‘nikishga harakat qilamiz. Shuningdek, jamoaga yordam berish uchun yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishga hamda g‘alabalariga munosib hissa qo‘shishga bor kuchimni sarflayman. Muxlislardan esa bizni qo‘llab-quvvatlashini so‘rab qolamiz. Xudo xohlasa, barchasi yaxshi bo‘ladi.
- Birinchi marta Samvel Babayan bilan birga ishlash imkoniga ega bo‘lyapsiz. Uning ish uslubiga moslashish qanday kechyapti?
- Yuqorida aytganimdek, bosh murabbiy bilan gaplashdik. Men o‘ylaganimdan ham ancha yaxshi ekan. Shunga mashg‘ulotlari ham juda qiziqarli. Ayni paytda ko‘proq jismoniy tayyorgarligimizni yaxshilashga e’tibor qaratyapmiz. Mashg‘ulotlarimiz ham asosan shunga qaratilgan. Shuningdek, murabbiy bilan muloqot qilgan paytimizda o‘zimning kamchiliklarim haqida ham gaplashdik. Agar kamchiliklarimni to‘g‘rilasam, yanada yuqori darajada futbol o‘ynashim mumkin.
- “Navbahor” nomi chiqqan futbolchilarni tarkibga qo‘shib olyapti. Selektsiyada faollik ko‘rsatayotganini hamma e’tirof etyapti. Shundan kelib chiqib, vaziyatga real qarasak, klub yangi mavsumda nimaga qodir?
- Ko‘rib turibsiz, “Navbahor”ga juda saviyali futbolchilar qo‘shilishdi. Xudo xohlasa, klub bilan birgalikda chempionlikka harakat qilamiz.
- Shuningdek, sobiq jamoangiz – “Qizilqum” ham yaxshi transferlarni amalga oshirdi. Sizningcha, navoiyliklar “Navbahor”ning asosiy raqiblaridan biri bo‘ladimi?
- “Qizilqum” ham yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni oldi. O‘ylashimcha, bu yilgi chempionat juda qiziqarli kechadi. Bir qator klublar kuchli uchtalikka kirishga harakat qilishyapti. Umuman aytganda, hamma jamoalarni o‘z oldiga qo‘ygan reja va maqsadlari bor.
Fikrlar