Nagelsmanndan keyin Germaniya terma jamoasini supermurabbiy boshqaradigan bo‘ldi
Germaniya terma jamoasi rahbariyati bosh murabbiy lavozimiga nemis mutaxassisi Yurgen Klopp nomzodini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida Sky Sport Germany xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, "Liverpul"ning sobiq bosh murabbiyi agar rasmiy taklif tushsa, Germaniya futbol ittifoqi taklifini qabul qilishga tayyor. Shu bilan birga, amaldagi bosh murabbiy Yulian Nagelsman bilan hamkorlikni davom ettirish ehtimoli deyarli qolmagani qayd etilmoqda, biroq hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Xabarga ko‘ra, Germaniya terma jamoasi uchun kamida 1/8 finalga chiqish vazifa sifatida qo‘yilgan edi. Bu marra bajarilmagani sabab, Germaniya futbol ittifoqi rahbariyatida Nagelsmanga bo‘lgan ishonch sezilarli darajada pasaygan. Murabbiyni iste’foga chiqarish varianti esa tobora real ssenariy sifatida ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya terma jamoasi jahon chempionatidan 1/16 finaldayoq chiqib ketdi. Nemislar Paragvayga qarshi bahsda asosiy vaqtni 1:1 hisobida yakunlab, penaltilar seriyasida 3:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Fikrlar